Innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar namoyishi
19 may kuni Toshkentda VIII “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar” respublika yarmarkasi ochildi.
Mazkur yarmarkada sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari va ilm-fan kabi yo‘nalishlarda qariyb besh yuzta innovatsiya loyihasi namoyish etilmoqda. Bular mamlakatimiz olimlari, mutaxassislari va ixtirochilarining mutlaqo yangi ishlanmalari hisoblanadi.
Energetika va avtomatika institutining ilmiy xodimlari energiya tejash va muqobil energetika bo‘yicha innovatsiya ishlanmalarini taqdim etgan. Masalan, bir guruh olimlar tomonidan charxpalak yoki gidravlika turbinasi yordamida ishlaydigan mikrogidroelektr stansiya yaratildi. U olis aholi punktlari, yaylovlar, gidrometeostansiyalar va boshqa joylarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangan.
Bu yilgi yarmarkada bir qancha yangi yo‘nalishlar tashkil etildi. Xususan, ilmiy muassasalar va oliy o‘quv yurtlari tomonidan yaratilgan ilg‘or texnologiyalarga mamlakatimiz va chet el ishlab chiqaruvchilarining e’tibori hamda investitsiyalarini jalb qilish maqsadida “Yuqori texnologiyalar” (Hi-Tech) yo‘nalishi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda hujayra texnologiyalari, farmatsevtika, AKT bo‘yicha innovatsiya ishlanmalari va boshqa yangiliklar namoyish etilmoqda.
Ta’kidlash joizki, navbatdagi yarmarkada “Yoshlarning innovatsiya g‘oyalari” respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblarining ishlanmalari keng namoyish etilmoqda. Ushbu ishlanmalarni saralashda ularning amaliyotga tatbiq etishga tayyorligi, energiya va material tejamkorligi, mahalliy xomashyodan foydalanish, bozorga yangi mahsulot chiqarish imkoniyati kabi omillarga alohida e’tibor berildi.
Yarmarka doirasida, an’anaga ko‘ra, mamlakatimiz sanoat korxonalari ishlab chiqarishga innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalarni tatbiq etish samaradorligi to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazmoqda.
Yarmarkaning dastlabki kunida korxonalar va loyihachilar o‘rtasida mahsulot va texnologiyalarni xarid qilish yoki joriy etish bo‘yicha qiymati 3 milliard so‘mlikdan ortiq 140 dan ziyod shartnoma imzolandi.
Yarmarkaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.Ikromov va U.Rozuqulov ishtirok etdi.
F.TOLIPOV