YORUG‘ KUNLARDAN OYDIN KELAJAKKA TUHFA KO‘PRIKLAR
Tonggi uyqu shirin bo‘ladi. Miyang tiniqib, kayfiyating o‘zgaradi. Taning yanayam kuch-quvvatga to‘ladi. Ayniqsa, subhidam havosi salomatlik uchun koni foyda. Deraza tuynugidan o‘g‘rincha kirgan nasimning yoqimligina “chimchilash”i kishini sergaklantiradi. Beixtiyor ko‘zimni ochaman. Ilk ko‘rganim – manzara bahri-dilimni yashnatib yuboradi: Moviy osmon bag‘rida parvoz etayotgan gala kabutar. Qanotlari endigina zamin uzra quloch yozishga kirishgan bobo Quyoshning zarrin nurlarida xuddi kumushdek “yal-yal” tovlanadi. Go‘yo ular samo uzra baxtiyorlik, ahillik, tinchlik-xotirjamlik, rizq-ro‘z, to‘kinlik va baraka raqsini ijro etayotgandek. Ha, bu yurtning qushlari ham baxtiyor. Odamlari kabi erkin va ozod parvoz etayotir.
Shu o‘y-fikrlar og‘ushida ishga otlanaman. Yo‘l-yo‘lakay qurib foydalanishga topshirilgan Yunusobod va Shayxontohur tumanlarini bog‘lovchi Sebzor va Abdulla Qodiriy nomidagi ko‘chalar kesishgan chorrahada bunyod etilgan yangi ko‘prik majmuasi diqqatimni tortadi. Qayta ta’mirlangan xiyobonda biroz sayr qilish niyatida ildamlayman.
Fuqarolari baxtiyor mamlakat baxtlidir
Xiyobon – obodlik, farovonlik va xotirjamlik maskani. Bu yerda g‘amli qiyofani uchratmaysiz. Hamma shod-mamnun. Bugunidan, kelajagidan ko‘ngli to‘q. Shunday ekan, yil sayin bunday sayrgohlarning ko‘payayotgani va har birining gavjumligi mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, to‘kinlik hamda ahillik hukmron ekanidan dalolat beradi. Bir muddat xotiramda raqamlar tilga kiradi. Meni islohotlar haqida mushohada yuritishga chorlaydi…
Darhaqiqat, istiqlol yillarida jonajon O‘zbekistonimiz qiyofasi tubdan o‘zgardi. Keng va ravon ko‘chalar, osmono‘par binolar, xiyobonu, istirohat bog‘lari, sog‘liqni saqlash, sport hamda ta’lim-tarbiya va ilm maskanlari barpo etildi. Har bir go‘sha zamonaviy qiyofa kasb etdi. Yosh oilalar uchun qishloq joylarda barpo etilayotgan namunaviy turar-joylarning sifati va soni dunyo hamjamiyatini hayratga solayotgani sir emas. Mazkur qurilish ishlari orqali har yili o‘n minglab oila uzoq muddatli imtiyozli kreditlar evaziga o‘z boshpanasiga, shinam va zamonaviy hovli-joyiga ega bo‘layotir. Vaholanki, ko‘plab rivojlangan davlatlarda oilalarning yarmidan ko‘pi ijaraga olingan xonadon va uylarda istiqomat qiladi. Shuning o‘zigina yurtimizda inson omili qadriyat darajasiga ko‘tarilganidan dalolat berib turibdi.
Qariyb chorak asrlik istiqlol davri tarix sahifalarida zarhal harflar bilan yozilsa, ajab emas. Boisi mazkur qisqa davrda xalqimiz o‘zining bunyodkorlik salohiyatini to‘liq namoyish eta oldi. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, fikri, dunyoqarashi o‘zgardi. Ilmu ma’rifatli, ma’naviyatli avlod shakllandi va o‘zining iqtidori, bilimi bilan dunyo hamjamiyatini lol qoldirib kelayotir. Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz o‘zining qadimiy salohiyatini qayta tikladi, xalqaro maydondagi nufuzi mislsiz darajada ortdi. Kishilarning turmushi farovonlashdi, orzu-maqsadlari yo‘lida sobitqadamlik bilan olg‘a intila boshladi.
Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ob’yektlarida 164,1 milliard so‘m, jumladan, Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 72,5 milliard so‘m, O‘zbekiston Respublikasi hukumati kafolati ostida xorijdan olingan zayomlar hisobidan 37,7 million dollar o‘zlashtirildi.
Mamlakatimizda har bir hudud, har bir shahar qiyofasini tubdan o‘zgartirish borasida ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotir. Xususan, Toshkent, Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon, Namangan, Urganch, Qarshi, Termiz, Samarqand va boshqa ko‘plab shaharlar obodonlashtirildi, zamonaviy shaharsozlik an’analari asosida qayta barpo etildi. Har bir hududda, avvalo, aholining yashashi, dam olishi, ijod qilishi va erkin faoliyat yuritishi uchun qulay muhit hamda sharoitlar yaratildi. Xususan, Toshkent shahrida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. 2014 yil Buyuk Britaniyaning “Ekonomist” jurnali bergan bahoga ko‘ra poytaxtimiz obodligi va yashashga qulayligi jihatidan dunyo reytingida 140 shahar orasida 58-o‘rinni egalladi. Jahon tasnifida istiqomat uchun eng qulay bo‘lgan yirik shaharlar qatoriga kiritildi.
Xiyobonda sayr etayotgan baxtiyor kishilarni kuzatarkanman, ularning xotirjamligi, ko‘zlarida aks etgan quvonchi hukumatimizning har bir kishiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotganining yaqqol dalili sifatida fikri-yodimni band etadi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarning samarasi baxtli va farovon turmushning kafolati ekanidan sevinaman.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida AQSHning Kolumbiya universiteti sotsiologlari tomonidan o‘tkazilgan “Dunyoning eng baxtli mamlakatlari” mavzusidagi tadqiqotda O‘zbekiston 158 davlat ichida 44-o‘rinni, MDH davlatlari orasida esa birinchi o‘rinni egallagani va bu natijaga Prezidentimiz bildirgan munosabati yuragimni to‘lqinlantiradi:
“Bu nimaning dalolati, nimaning isboti? Bu avvalambor mustaqillik davrida biz erishgan ulkan marralarni, iqtisodiyotimiz barqaror sur’atlar bilan rivojlanayotgani, odamlarimizning hayot darajasi va sifati oshib borayotgani va bu yutuqlarni dunyo hamjamiyati yana bir bor tan olayotganini ko‘rsatadi.
Eng muhimi bularning barchasi ko‘pni ko‘rgan, ertangi kunga ishonch bilan yashayotgan, irodasi baquvvat, imoni butun xalqimizning mehnati, mardligi va matonatining natijasidir”.
Favvoralar – farahbaxsh kunlar kuychisi
Favvoralar atrofida hayrat va hayajon bilan termilib turgan bolajonlar diqqatimni tortadi. Ular ota-onasi bag‘rida ozod va obod Vatanning ertasi sifatida kamolga yetayotir.
Darhaqiqat, mamlakatimizda yosh avlod qatorida jajji avlod uchun ham keng imkoniyatlar yaratilgan. Ularning ma’nan va jismonan sog‘lom ulg‘ayishi yo‘lida samarali ishlar yo‘lga qo‘yildi. Xususan, o‘tgan 2014 yilning Prezidentimiz tashabbusi bilan Sog‘lom bola yili deb e’lon qilingani, shu nomdagi Davlat dasturining qabul qilingani so‘zimizning tasdig‘idir. Ushbu dastur doirasida yurtimizdagi barcha MTMlarda ta’lim-tarbiya tizimi chuqurlashtirildi. Ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun imkoniyatlar yanada kengaytirildi. Qolaversa, MTMlarga qamrab olinmagan bolalarni maktabga tayyorlash borasida ota-onalar uchun besh turdagi o‘quv qo‘llanmalar chop etildi va respublikamiz bo‘ylab tarqatildi. Shunday ekan, ulardan faqat va faqat o‘qishga, bilim olishga intilish, g‘amxo‘r ona Vatan ravnaqi yo‘lida sobitqadam avlod bo‘lib voyaga yetish talab etiladi. Dilga yaqin musiqalar og‘ushida shularni o‘ylarkanman, ruhim istiqlol in’omlaridan masrurlik hissini tuyadi. Bizdan-da baxtli avlod sifatida ulg‘ayayotgan jajjilarga havas bilan boqaman.
Darvoqe, yangi ko‘prik atrofida, xiyobon maydonida uchta rangli-musiqali favvora qad rostladi. Bittasi qayta ta’mirlandi. Ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Diametri olti metrlik ushbu favvoralar atrofida o‘rindiqlar o‘rnatildi. Unda yosh oilalar, nuroniy otaxonu onaxonlar musiqa og‘ushida tinch va farovon zamondan bahra olishmoqda. Yoshlik halovati hamda keksalik rohatini surishmoqda.
Majmua desa arzigulik
Yunusobod va Shayxontohur tumanlarini bog‘lovchi ko‘prik. 427 metr uzunlikdagi, eni 26 metrlik mazkur majmua muazzam poytaxtimizning chiroyiga chiroy qo‘shib, o‘z salobatini ko‘z-ko‘z etayotir. Ikki tomonidagi osmono‘par turar-joylar va zamonaviy savdo markazlari uning go‘zalligiga tarovat baxsh etadi. Mazkur ravon ko‘prik nafaqat avtomobil yo‘lidagi tig‘izliklarning oldini oladi, balki qulay harakatlanish mexanizmi sifatida ham yo‘lovchilarning uzog‘ini yaqin qiladi. Yonilg‘i va vaqtning besamar sarfini kamaytiradi. Qolaversa, ushbu majmuada piyodalar harakatlanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Ikkita yer usti va osti yo‘llari barpo etilgan.
Yer usti yo‘llaridan o‘tish uchun hozirlanaman. “Eskolator” (ko‘tarma zina)dan yuqoriga ko‘tarilar ekanman, xotiramda mumtoz adabiyotimizning nodir durdonasi Alisher Navoiyning “Xamsa” asaridagi beshinchi doston “Sab’ai Sayyor” voqealari jonlanadi. Undagi hikoyalardan birini eslayman. Podshoh ustani yoniga chaqirib, unga bir zina qurib berishini, u o‘zining mo‘jizaviyligi va yagonaligi bilan ajralib turishi kerakligini uqtiradi. Uzoq izlanishlardan so‘ng usta bir zina barpo etadi. Podshoh birinchi zinapoyaga oyoq qo‘yishi bilan o‘z-o‘zidan zinaning yuqorisiga ko‘tariladi. Shu haqida o‘ylarkanman, mutafakkir bobomizning qariyb besh yuz ellik yil oldin shunday mo‘jizani bashorat qila olganiga lol qolaman. Haqiqatda bu zamin ulug‘ siymolarning xokidan bunyod bo‘lganiga amin bo‘laman.
Mazkur yer usti yo‘llari o‘zining zamonaviyligi va atrof manzarasi butun borlig‘i bilan ko‘rinib turishi bilan zavqimni oshiradi. Biri 111 metrlik, ikkinchisi 102 metrlik mazkur piyodalar yo‘lagida hordiq chiqarish maqsadida o‘rindiqlar tashkil etilgan. Unda shaharning yaqin manzaralarini tomosha qilish, qolaversa dam olish imkoni bor. Yer osti yo‘li esa o‘zining salqinligi, havo yaxshi aylanishi bilan ajralib turadi.
Ha, bu majmua xalqimizning birdamligi, ahilligi, xotirjam va farovon turmushini, yurtimizning tinchligi, kuch-qudratini namoyish etayotgan inshootlardan biri sifatida qalbimizni faxr-iftixorga to‘ldiradi.
Bahodir HALIMOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri