Bola kulgusi, ona quvonchi – ulkan saodat
Yurtboshimiz istiqlolning dastlabki yillarida “Sog‘lom avlodni tarbiyalash – buyuk davlat poydevorini, farovon hayot asosini qurish degani”, deya ta’kidlagan so‘zlari mamlakatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan birini belgilab berdi.
Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom farzandni dunyoga keltirish va og‘ir somatik (ichki) kasalliklari mavjud homilador ayollarni davolash yo‘lida mamlakat miqyosida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Respublika Perinatal markazi jamoasining fidokorona sa’y-harakatlari tahsinga sazovor.
Kechayu kunduz uzluksiz faoliyat ko‘rsatadigan va 150 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy ko‘rinishga ega tibbiy muassasa barcha zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan to‘liq ta’minlangan. Markazda faoliyat ko‘rsatayotgan homiladorlar patologiyasi, chaqaloqlar reanimatsiyasi va intensiv davolash, neonatal xirurgiya, laboratoriya, funksional diagnostika, 1-, va 2-tug‘ruq bo‘limlari, homiladorlar xastaliklari, chala tug‘ilgan chaqaloqlar va ginekologiya bo‘limlari, shuningdek, Onalar va bolalar poliklinikasi respublika miqyosida homilador ayollarga bepul malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Malumotlarga ko‘ra yurtimiz axolisining 40 foizini bolalar va usmirlar, 34 foizini fertil yoshidagi ayollar tashkil qiladi.
Respublika Perinatal Markazining konsultativ-diagnostik poliklinikasida shifokor akusher-ginekolog, oftalmolog, LOR, onkoginekolog, ginekolog-endokrinolog, neonatolog, bolalar nevropatologi, bolalar va usmirlar ginekologi faoliyat kursatmokda. Konsultativ diagnostika poliklinikada fizioterapiya xonasi xam mavjud. Bundan tashkari mazkur maskan effektiv perinatal parvarish buyicha milliy ukuv-markazi xisoblanadi. Markazda xodimlar orasida 20 nafardan ortik trenerlari bor. Ular SSV, UN, WHO, UNICEF, UNFPA dasturlar bilan respublikamizning tibbiyot xodimlariga dars berishadi va ukitishadi.
Muassasada homilador ayollarga jarrohlik amaliyotlarini qo‘llash, tug‘ish va chilla davrida asoratlari xavfli bo‘lgan homiladorlarga, muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarga shoshilinch va rejali tibbiy yordam, qorin bo‘shlig‘i va kichik chanoq a’zolarida tiklash jarrohlik amaliyotlari ham amalga oshiriladi.
Joriy yilning uch oyi mobaynida malakali jarrohlar tomonidan markazda 1 ming 680 ta tug‘ruq muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ular orasidan 229 nafar chaqaloqda turli kasalliklar aniqlanib, sog‘lomlashtirildi. Bo‘limlarda davolangan homilador ayollarning soni 2 ming 830 nafarni, poliklinikaga qatnagan, konsultativ maslahat olgan va tibbiy ko‘riklardan o‘tgan fuqarolar soni 1 ming 154 nafarni tashkil etgan.
Onalar va bolalar poliklinikasida faoliyat ko‘rsatayotgan neonatolog, akusher-ginekolog, bolalar jarrohi, LOR, oftalmolog, bolalar nevropatologi, onkoginekolog, UTT mutaxassislari, rentgenolog, laborant, fizioterapevt va boshqa mutaxassislar tomonidan chaqaloqlarda tug‘ma eshitish va yurak nuqsonlari hamda retinopatiya aniqlanib, davolashga yo‘llanma beriladi.
– Bo‘lajak onani muddatidan oldin dard tutib qolsa, bunday paytda chaqaloq muddatidan oldin va kam vaznli holatda tug‘iladi. Ekstragenital xastaliklari mavjud homilador ayollarning homilasi nuqsonli tug‘ilishi oldindan aniqlansa, albatta, shifokorning nazoratiga olinishi zarur, – deydi markaz rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Adelina Lyubchich. – Agar homila ona qornida noto‘g‘ri joylashgan bo‘lsa ham homilador ayol va homilaning hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Shu bois bizga murojaat etgan homilador ayollar tibbiyot xodimlarining doimiy e’tiborida bo‘lib, salomatliklari qattiq nazorat qilib boriladi.
Respublika Perinatal markazidagi ginekologiya bo‘limida akusherlik anamnezi (homiladorlik davri tibbiy varaqasi)da asoratli homiladorlik kuzatilgan bo‘lsa, homilador ayol darhol davolanishga yotqiziladi va unga kerakli yordam ko‘rsatiladi. Bo‘limda turli ginekologik jarrohlik amaliyotlari ham o‘tkaziladi.
Reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limida homiladorlik davri asoratlari va og‘ir ekstragenital kasalliklari davolanadi. Ahvoli og‘ir bemorlarga dezintoksikatsion (qonni zaharli moddalardan tozalovchi) terapiya qo‘llaniladi. Operatsiya va tug‘ruq jarayonlarida bemorga anesteziologlar tomonidan og‘riqsizlantiruvchi muolajalar amalga oshiriladi.
Neonatal xirurgiya bo‘limimizda tug‘ma rivojlanish nuqsonlari bilan tug‘ilgan bolalar, qizilo‘ngach atreziyasi, tug‘ma diafragma churrasi, tug‘ma ichak tutilishlari, kindik tizimchasi churrasi, gastroshizis va buyrak nuqsonlarini operatsiya yo‘li bilan davolanadi. Agar chaqaloqda ona qornidaligida yoki tug‘ilganda biror nuqson aniqlansa, chaqaloq neonatolog-jarrohning nazoratiga olinadi. Joriy yilning 3 oyi mobaynida bo‘limimizda davolangan 203 nafar bemorning 144 nafarida ushbu kasalliklar aniqlanib, jarrohlik amaliyotlari orqali davolashga erishildi, – deydi bo‘lim rahbari, oliy toifali jarroh Baxtiyor Ergashev.
Homilador ayol va bolalarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish shifokor-mutaxassislar va o‘rta tibbiyot xodimlaridan katta mas’uliyat, o‘z ustida ishlash va o‘rganishni taqozo etadi, albatta. Shu bois markazdagi tibbiyot xodimlarining vaqti-vaqti bilan reja asosida malaka va tajribalari oshirishga hamda ularning nufuzli xalqaro tashkilotlarning turli dasturlari bo‘yicha qayta o‘qitish va tayyorlashga katta ahamiyat qaratilgan. Bu yerda faoliyat yuritayotgan yuqori malakali 20 nafardan ziyod milliy trenerlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va YUNISEF, UNFPA kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda 12 yo‘nalishdagi dasturlar bo‘yicha dars o‘tadilar. Shu bois markazda perinatal texnologiyalarni qo‘llash samaradorligi kundan-kun yaxshilanib bormoqda.
Ta’kidlash lozimki, dunyoda har nedan qimmat va bebaho salomatlikni asrash bugungi kun talablarining asosini tashkil etadi. Chunki, sog‘lom onadan sog‘lom farzand tug‘iladi.
Shu bois mamlakatimizda ona va bola salomatligini asrash, sog‘lom oilani shakllantirish, aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni yanada oshirish kabi dolzarb masalalarga Yurtboshimizning rahbarligi va g‘amxo‘rligi ostida katta ahamiyat qaratilmoqda.
Maryam AHMEDOVA