Xuddi ertakdagiga o‘xshaydi
Odatda ertaklar: “Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan, qadim o‘tgan zamonda…” degan so‘zlar bilan boshlanadi. Ertak davomida orzular amalga oshadi, qiyinchiliklar bartaraf etiladi va hamma murod-maqsadiga yetadi.
Maqolamiz qahramoni – 93 yoshli Majid ota Xidirov men bilan suhbatlashyapti-yu bot-bot “Bunaqa zamon hech bo‘lmagan, xuddi ertakdagidek”, degan so‘zlarni ko‘p takrorlab qo‘yadi. Ota asli hisobchi emasmi, gap orasida raqamlarga ham murojaat qilib, salkam bir asrga guvoh bo‘layotgani, undan oldin otasining hayoti va bobolari haqida eshitganlari orqali o‘zbekning qariyb 300 yillik turmushi haqida tasavvurga ega ekanligini ham qistirib o‘tadi va yana “xuddi ertakdagiga o‘xshaydi”, deyishni ham unutmaydi.
To‘g‘ri-da, Majid otaning padari buzrukvori ham, bobolari ham ne kunlarni ko‘rmagan. Qahatchilik, ocharchilik deysizmi, qaramlik, xo‘rlik deysizmi, urush, vayrongarchilik deysizmi, qo‘yingki, elning boshiga tushgan g‘am-g‘ussaning hech biri ularni chetlab o‘tmagan.
Majid otaning o‘zi-chi, bolaligini eslasa hanuz xo‘rligi keladi, og‘ir mehnat qilib qorni nonga, usti kiyimga yolchimagani, azob-uqubat bilan yashaganlarini eslaydi. Keyin o‘z ixtiyori bilan urushga ketdi. Vayron bo‘lgan shaharlar, halok bo‘lgan do‘stlari haliyam ko‘z o‘ngidan ketmaydi. Ikkinchi Jahon urushi tugaganidan so‘ng o‘zi tug‘ilib o‘sgan Kitob tumanidagi “Olaqo‘yliq” qishlog‘iga kirib kelganida otasi ishchi batalonidan, akasi bilan ukasi frontdan kasalmand bo‘lib qaytgan edi… Eh-he, achchiq xotiralarning qay birini aytsin?! Koshki, urushdan so‘ng hammasi birdan o‘nglanib ketgan bo‘lsa. Keyin ham og‘ir va mashaqqatli mehnatga unday-bunday odamning dosh berishi qiyin edi.
Majid ota avval iqtisodchilik kursida tahsil oldi, keyin sirtdan shu soha bo‘yicha institutni tugatib, hisobchi-iqtisodchi bo‘ldi. U “Olaqo‘yliq” va “Varganza” qishloqlaridagi xo‘jaliklarga bosh hisobchilik qildi. Majid ota qayerda bo‘lmasin hisob-kitobni joyiga qo‘yib, raqamni raqamga qo‘shib, xo‘jalik iqtisodini ko‘tarib ishladi. Pulni qanday topishni va qanday ishlatishni ham bildi.
Biroq… Otaxon atrofga qaraydi-da: “Baribir, bunaqa zamon bo‘lmagan, xuddi ertakdagidek”, deb qo‘yishni kanda qilmaydi. So‘zini isbotlash uchun misollarni qalashtirib tashlaydi:
– Dehqon bozorini ko‘ring, jannatning o‘zi. Yil davomida to‘rt faslda yetishtiriladigan meva-sabzavotlar rastalarni yashnatib turibdi. Narxlari ham hamyonbop. Keyingi 15-20 yil ichida yurtimiz shu qadar yuksak taraqqiy etdiki, odamning hushi boshidan uchadi, hayron qoladi, ko‘zlariga ishonmaydi.
Elning peshonasi yarqiradi, yelkasiga oftob tegdi. Bu Mustaqillik oftobi! Bunaqangi tinch-xotirjam, to‘kin-sochin zamon orzuga ham sig‘magan. Sal harakat qilib, sal mehnat qilgan, ishning ko‘zini bilgan odam murod-maqsadiga yetayapti.
Darvoqe, Majid ota 11 nafar farzandning otasi. Barchasi hayotda o‘z o‘rnini topgan. Nabiralari orasida nabiralik bo‘lganlari anchagina. Otaxon farzandlaridan 5 nafari, nabiralaridan 3 nafari fermer ekanini alohida ta’kidlaydi. 8 nafar fermerni Majid otaday qishloq xo‘jaligi sohasini mukammal bilgan odam o‘z holiga tashlab qo‘yarmidi. Kun ora kuyunchak otaxon fermerlarini “er haydadingmi, ekin ekdingmi, sug‘ordingmi”, deb tergagani tergagan. O‘zi esa hovlisini sira bo‘sh qo‘ymaydi.
Majid ota ana shunaqa kishi. “93 yoshga kirdim-u haliyam ishlayapman”, deydi u. Fikrlari teran, so‘zlari salmoqli otaxon, ishlayapman, deganida tarbiyachiligini, targ‘ibotchiligini ham nazarda tutadi. Kechagi kun bilan bugungi kunni shunaqa muqoyasa qiladiki, uni tinglagan kishi dorilomon kunlarda yashayotganidan shukronalar aytadi. Bobo yaqinda “Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabaning yetmish yilligi” esdalik yubiley medali bilan taqdirlandi.
…Otaxonning xotiralarini bolalar ertakday qabul qilishadi, berilib eshitishadi. Uning o‘zi ham ko‘rgan-kechirganlarini ertakday so‘zlaydi. Bu hikoyalar peshonasi yarqiragan yurt va murodiga yetgan el haqidagi oxiri yaxshilik bilan tugaydigan ertakday.
Lola O‘ROQOVA