TEZ, QULAY VA ZARARLI!
Zamonaviy, tez tayyor bo‘ladigan va nihoyatda ommalashgan fast-fud to‘g‘risida shu vaqtgacha ko‘p eshitganmiz. Hozircha tez tayyorlanadigan taomlar ustida asosan ortiqcha vazn paydo qilishi yuzasidan tadqiqotlar olib borilgan.
Ammo, amerikalik olimlarning izlanishlari natijasida ma’lum bo‘lishicha fast-fud nafaqat insonning jismoniy holatiga, balki, bolalarning miya faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin ekan.
AQSHning Ogayo va Texass tadqiqot institutlari olimlari guruhi tomonidan fast-fud iste’mol qilgan bolalarning maktab darslarini o‘zlashtirishda qolganlardan ortda qolishlari yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazishdi.
3 yil davomida olib borilgan “Early Childhood Longitudinal Study” deb nomlangan keng qamrovli tadqiqotda 11 ming nafarga yaqin maktab o‘quvchilari ishtirok etishdi. Dastlab 5 sinf o‘quvchilarining o‘zlashtirish varaqasi hamda kundalik ovqatlanish tartiblari olindi. Oradan 3 yil o‘tgach 8-sinfda tahsil olayotgan bolalarning o‘zlashtirishlari avvalgisi bilan solishtirildi. Unga ko‘ra tez tayyorlanuvchi taomlarni muntazam iste’mol qilgan bolalar maktab darslarini o‘zlashtirishda sezilarli darajada ortda qolib ketishgani ma’lum bo‘ldi.
G.EGAMBERDIYEVA