Mehribon onaning qadrdon bolalari

Oq oltin qishlog‘i Urganch tumanidagi o‘ziga xos maskanlardan biri. Qishloq ko‘chalarini kezsangiz, ravon yo‘llar, go‘zal bog‘-rog‘lar dilingizni yayratadi. Xalqimizga xos bunyodkorlik an’analari asosida barpo qilingan zamonaviy uylar, go‘zal va shinam hovlilar yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan dalolat beradi.

Respublikamizda ikkita oilaviy bolalar uyi mavjud bo‘lib, uning biri shu bahavo qishloqda joylashgan. Mamlakatimizda olib borilayotgan kuchli ijtimoiy siyosat natijasida bu muassasada ham tarbiyalanuvchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Turfa oilalardan kelgan turli yoshdagi bolalarning ma’naviyatini, turmush tarzini, ezgu intilishlarini, go‘zal sa’y-harakatlarini uyg‘unlashtirgan holatda faoliyat yuritayotgan mazkur muassasada tom ma’noda o‘z kasbining fidoyilari faoliyat olib borishmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Oilaviy bolalar uyiga kirib borar ekansiz, darvoza oldida davlat tomonidan muassasa uchun berilgan “Damas” avtomashinasi bolajonlarning xizmatida shay turibdi. Axir, o‘n nafar bolaning shirin tashvishlari kam deysizmi!

Muassasa rahbari Rahima Durdiyeva bizni samimiy kutib oldi va bolalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan birma-bir tanishtirdi. Bir paytlar mo‘jazgina bolalar bog‘chasi bo‘lgan mazkur muassasani kezar ekanmiz, tadbirlarga mo‘ljallangan keng ayvon, yotoqxona, umumiy tamaddixona, oshxona, kompyuterxona bari-bari juda chiroyli, shinam, ozoda va saranjom-sarishta ekanligiga guvoh bo‘ldik.

Asli kasbi pedogog bo‘lgan R. Durdiyeva sa’y-harakatlari bilan 2003-yili tashkil qilingan mazkur muassasa bugungi kunda bu yerda tarbiyalanayotgan bolajonlar uchun haqiqiy muqaddas maskanga aylandi.

Mamlakatimizda mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab ijtimoiy himoya davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Boquvchisini yo‘qotgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Mehribonlik”, “Sahovat”, “Muruvvat” hamda “Go‘daklar” uylarining faoliyat doirasi yanada takomillashtirildi. Shu bilan bir qatorda so‘nggi yillarda an’anaviy tarbiya muassasalaridan shakli-shamoili bilan tubdan farq qiluvchi ta’lim-tarbiya berishning yangi muqobil shakllari paydo bo‘ldi. Jumladan, “SOS – O‘zbekiston bolalar mahallasi” va “Oilaviy bolalar uylari” shular jumlasidandir. Ammo mazkur muassasalarning maqsadi bir.

“Oilaviy bolalar uylari”ning faoliyati bolalarning oilaviy muhitga moslashishini, elimiz odamlarining an’analariga yanada chuqurroq kirib borishini ko‘zlaydi. Bugungi kunda Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida 2 ta “Oilaviy bolalar uylari” mavjud bo‘lib, ular ham xuddi “Mehribonlik” uylaridek davlat nazorati va ta’minotidadir. O‘n nafar bola tarbiyalanayotgan mazkur muassasaga bolalar to‘rt yoshdan boshlab joylashtirilishi mumkin. Bolalar qishloq maktablariga, maktabgacha ta’lim muassasalariga qatnab ta’limni davom ettiradilar.

Yana o‘qing:  28 YIL DAVOMIDA 30000ga YAQIN OG‘IR VA YeNGIL JARROHLIK OPERATSIYALARINI O‘TKAZGAN ShIFOKOR

Muassasa tarbiyalanuvchilaridan biri Mushtariy hozirda Urganch turizm kollejida tahsil olmoqda.

– Aslida kollejda o‘qiydigan “Mehribonlik” uyida tarbiyalangan bolalar uchun maxsus yotoqxonalar mavjud. Biroq, ukam Og‘abek shu yerda bo‘lgani uchun undan ajralgim kelmadi. Shuning uchun istagimni e’tiborga olib, onamiz Raxima opa shu yerda qolishimga ruxsat berdi. Bu yer o‘tgan yillar davomida o‘z uyimdek qadrdon bo‘lib qoldi, – deydi Mushtariy.

– Qishlog‘imizda ko‘plab zamonaviy sport majmualari, futbol maydonlari bunyod etildi. U yerda tashkil qilingan sport to‘garaklariga muntazam qatnashib boramiz. Uy ishlarini ham birgalikda bajaramiz. Men, ayniqsa, o‘choqda xorazmcha osh pishirishni xush ko‘raman, – deydi suhbatimizga qo‘shilib Sadoqat.

– Zebiniso nimani xush ko‘radi? – so‘rayman bir chekkada tortinibgina turgan qizaloqga qarab.

– Men turli pishiriqlar pishirishni yaxshi ko‘raman. Bayram dasturxoni, tug‘ilgan kunlarga tayyorlanadigan shirinliklar mening zimmamda, – javob qiladi u.

– Sunbula, Gulhayot tikish-to‘qishga usta, ularning mahsulotlarini ko‘ring. Yostiq jildlari, choyshablarni o‘zimiz tikib olamiz. Qiz bolalar bu ishlarni bilishi kerak, hammasiga o‘zim o‘rgataman. Shuningdek, savobtalab hunarmandlarimiz ham ko‘plab topiladi, – deydi Raxima opa, – Dinara esa qishga konserva qilishni xush ko‘radi.

Darhaqiqat, oilaviy bolalar uyining qoshida bir gektar mevali bog‘ tashkil etilgan bo‘lib, unda ko‘plab daraxtlar mavjud. Ularga ishlov berish, sug‘orish asosan Azamat, Navro‘z, Hayot, Nodirbeklarning zimmasida. Xuddi katta oilalardagi kabi barcha bolalarga uy yumushlari bo‘lib berilgan. Ular ta’lim-tarbiya olishlarida ham bir-birlariga yordam beradilar. Bu oilaviy muhit ularning kelajakda mustaqil oila tebratishida qo‘l kelishi tabiiy.

Eng asosiysi bu yerda qishloqdagi turmush tarzining, qo‘shnichilikning o‘ziga xosligi mavjud. Bog‘da yetishtirilgan sarxil mevalardan xirmon uyulganida qishloq keksalari, kasallar yo‘qlanadi. Navro‘z ayyomlarida sumalak, ko‘k somsa singari bahoriy taomlar pishirilib tarqatiladi. Qishloqning to‘y-u tomoshasiga chiqishadi.

Shuningdek muassasada futbol, voleybol, stol tennisi bo‘yicha bellashuvlar ham o‘tkazilib boriladiki, unda qishloq bolalari ham ishtirok etadilar.

Muassasadan chiqar ekanman inson qadri baland yurtimizda, har bir fuqaro, har bir bola e’tiborda ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qildim.

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: