YURTNING BUNYODKOR YOSHLARI
Yurtimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy tahdidlardan himoya qilish, ularni milliy istiqlol g‘oyalari ruhida tarbiyalash, o‘quvchilarda vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish maqsadida qator tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda.
Ana shunday tanlovlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, “Kamolot” YOIH, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda “Konstitutsiyamiz – baxtimiz poydevori” shiori ostida o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20 yilligi arafasida yakunlangan ushbu tanlov tom ma’noda o‘quvchilar uchun haqiqiy sinov maydoni bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, 4 bosqich va 3 yo‘nalishda tashkil etilgan mazkur tanlovning quyi bosqichlarida 3,9 mln.dan ziyod o‘quvchilar o‘zlarining ijodiy ishlari bilan ishtirok etgani buning yaqqol isbotidir.
G‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazilgan O‘zbek Milliy akademik drama teatrida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan ijodiy ishlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Bolajonlar tengdoshlarining ijodiy ishlari bilan tanishib, Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati haqida yanada mukammal bilimga ega bo‘lishdi.
Referatimni hakamlar hayati yuqori baholagani bois, oliy o‘ringa sazovor bo‘ldim. Bunday yutuqni qo‘lga kiritishimda ustozimiz Sirojiddin Choriyev, maktabimiz rahbari Bibisora Hasanova hamda onajonim Dilorom Jo‘rayevalarning munosib hissasi bor. Ular meni har tomonlama qo‘llab, o‘z yordamlarini ayamadi. Ushbu tanlovda ishtirok etib, ko‘plab do‘stlar orttirdim, –deydi Yakkasaroy tumanidagi 118-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Azimjon Mirzaboyev.
Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi 31-umumta’lim maktabi direktori Zebiniso Shodiyeva “O‘zbekiston kelajagi barkamol avlod qo‘lida” mavzusidagi insholar tanlovida I o‘rinni egallagan o‘quvchisi Nozina Ziyadullayevaning yutuqlarini shunday ifodalaydi: – Maktabimizda 400 nafar o‘quvchi ta’lim olayotgan bo‘lsa ular orasida Nozina singari iqtidorlilari ko‘pchilikni tashkil etadi. Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari Gulzoda Muxtorova, Nigora Yigitovalarning berayotgan puxta bilimi bois, Nozina o‘qiyotgan 9-sinfdagi 25 nafar o‘quvchining barchasi a’lochi va faol o‘quvchilar safidan joy olishgan.
– “Prezident asarlari bilimdoni” yo‘nalishida II o‘rinni egalladim. Bu muvaffaqiyatimdan ota-onam va ustozlarim xursand bo‘lishdi. Maktabni tugatganimdan so‘ng huquqshunoslik yo‘nalishida tahsil olishni davom ettirmoqchiman. Buning uchun hozirdanoq puxta tayyorgarlik ko‘rayapman, – deydi Buxoro viloyati Buxoro tumanidagi 13-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktab-internati 9-sinf o‘quvchisi Shahruz Sobirov.
– Mening vedeoroligim mazmun jihatidan yuqori baholanib,uchinchi darajali diplomga sazovor bo‘ldim. Tanlovning boshlang‘ich bosqichidan to yakuniy bosqichiga qadar ustozim Oysha Aytimbetova rahbarligida ko‘p narsalarni o‘rgandim. Tanlov tashkilotchilariga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Ana shunday bilimlar bellashuvi yana ham ko‘proq o‘tkazilishi tarafdoriman, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanidagi 21-maktab o‘quvchisi To‘maris Qoyilboyeva.
O‘quvchilarning qay biri bilan suhbatlashmang, g‘oliblik nashidasidan ko‘ksi osmon. Shunday ozod va obod yurt farzandi ekanligidan faxrlanib so‘zlaydi.
Ha, osmoni musaffo, zamini beg‘ubor yurtga bayramlar yarashadi. G‘olib o‘quvchilar va ularning ustozlarini baxtimiz qomusining 20 yilligi bilan qizg‘in muborakbod etib, o‘qish va ishlarida zafarlar tiladik.
Jamila HAYDAROVA