Bolaligim gulyomg‘iri
Ortimga qarayman. Yillar maktublarga aylanib, goh past, goh baland zinapoyalar ko‘rinishini beradi. Umr nomalariga qo‘limni uzataman-u, ular bir-biriga zanjirdek bog‘lanadi, barmoqlarimni ham tekkizolmayman. Kirish darichasini taqillataman: sekin va asta. G‘irchillagan ovoz eshitilib, kimdir ko‘rinish beradi: men uni darrov taniyman – qadrdonim baland bo‘yli Bolalik edi bu!
Undan dala rayhonlariyu, yalpizlar iforini tuyaman. Soyni to‘ldirib oqadigan selning shovqini tuyqus eshitilgandek bo‘ladi. Nogahon qo‘llarim bilan quloqlarimni berkitaman. Shunda gulli – chit ko‘ylakli bolalikning bag‘riga singib ketaman. Hamma narsa mo‘jizaga aylanadi. Fasllar almashsa, ayvonimiz tarnovidan suv ichadigan qushlar ham o‘zgaradi. Bo‘g‘otdagi musichalarning “ku-ku”lashi, qo‘shni hovlidan eshitiladigan kakku ovozi qadrdon bo‘lib ketgan. Sandal o‘rnatilgan romli ayvonimiz peshtoqidagi qaldirg‘och uyasiga ming yil bo‘lgandir. Buvimning eski uyiga o‘xshab u ham hech buzilmaydi. Qaldirg‘ochlar ham buvimdek uyini almashtirgisi kelmaydi. Har yili sumalak boshlaganimizda buvim ayvonning eshiklarini katta ochadi.
– Yetkazganiga shukur, bolam, yetkazganiga, – deydi buvim. – Jonivorlar charchab kelgan, horig‘i chiqsin.
– U odammi, charchaydigan, – deyman. Buvim kulib qaraydi-da, qo‘llarini duoga ochadi.
Qaldirg‘ochlar xuddi shuni kutib turgandek, uyasiga uchib kiradi. Biroz o‘tgach ularning “chug‘ur-chug‘uri” eshitiladi.
– Ana ko‘rdingmi, – deydi buvim, – uyining isini oldi.
– Nimaga har yili biznikiga keladi ular?..
– Buning xosiyati ko‘p. Katta bo‘lganing sayin tushunib olasan, – buvim simyog‘ochlarga uchib qo‘nayotgan qushlarga termulgancha indamay qoladi. Men qaldirg‘ochni odam ushlasa qo‘li qaltiroq bo‘lib qolishini ko‘p eshitgan bo‘lsam ham, aqiqdek patlari jilovlanayotgan qushni sekingina silagim keladi. Ammo bunga buvim hech qachon ruxsat bermaydi. Birdan katta bo‘lishni, hayot pillapoyalaridan yugurib ko‘zlagan manzilimga yetishni orzu qilaman…
Endi esa aksi. Har kuni bolaligimni sog‘inaman. Uning tiniq ranglariga qo‘l tutib aylanaman. Keyin u bilan berkinmachoq o‘ynab, yo‘qotib qo‘yaman. Qadrdon do‘stim men bilan xayrlashmaydi, men ham! Izlasam tuproqli ko‘chalarda ranglarning nurlanayotganini ko‘raman-u, nomlolmayman. Ha, bolalik dunyo ayvonidagi eng shaffof nur bo‘yog‘i edi!
***
Ortimga qarayman. Yillar muhri tushgan nomalarga qo‘limni uzatsam, xotiralar bo‘yi bilan ko‘rinish beradi. Ularga tikilib sog‘inch xumoridan chiqmoqchi bo‘laman. Shunda hamma narsa o‘yinchoqqa aylanib qoladi. Bolalik sovg‘asiz, o‘yinchoqsiz bolalikmi… Bo‘lmaganda “qo‘lbola” qo‘g‘irchoqlar qo‘lingdan tutadi. Bir-birimiz bilan shirinlik, so‘ng muzqaymoq, keyin o‘yinchog‘u qo‘g‘irchoq, kitob-daftar alishib katta bo‘lishni orzulagandik. Endi esa ko‘zoynagimiz bir-birimizga to‘g‘ri kelganda yosh boladan-da quvondik. O‘yinchog‘imizni oldirib, topganimizda dunyoni o‘zimizniki qilgandik. Borimizni mahkam tutib, yupun kamzulchalarimiz qatlarini eng ishonchli makon aylagandik.
Endi bilsam, bolalikning o‘yinchoq tutgan qo‘llari zohiran bir kichik jussa ko‘rinsa-da, botinida ezgulik daryosi oqar, har soniya unda gulga aylanar ekan. Shundanmi, balkim bolalik ham, bolalikning tiyrak nigohlari ham sog‘inchingdagi qiyofadan-da sog‘inchliroq tuyulaveradi. Qo‘msaganing sayin samimiylikning bag‘riga singib ketasan. Bolalikdan uzoqlashganing sayin u yanayam qadrdoningga aylanib boradi.
Uni bag‘rimga bosib, yelkasiga boshimni qo‘ygim keladi. Ko‘nglim to‘ladi: kecha bilan bugunning uchrashuvi bir qadam. Shu qadamda qancha saboq, topish, yo‘qotish, xato va xulosalar. Ularni tarozining pallalariga qo‘ymoqchi bo‘laman. O‘rganish ilmida hamisha kamomad chiqaveradi, chiqaveradi. Gavhar o‘y bilan tuzdim deganing rejalaringning qaysidir qatimida chigal ketganini bilmay qolasan. Uni tuzatmoqchi bo‘lasan, ammo umr yeldek sovurilib, bayram ko‘ylagingga siyoh sachratib o‘tadi.
Endi nima qilish kerak? Shunda Bolalik o‘zining patqalamini ko‘ylakdagi siyohga botiradi-da, yeru ko‘kka rasm chizadi: ko‘nglingdan o‘tgandayoq seni yo‘qlab kirib keladigan onangdek aziz, qiyossiz, sodda va ulug‘ go‘shalar… Sen ular oralab yana qadam olasan. Dunyoning g‘ubori yuviladi.
***
Ortimga qarayman. Zinapoyalar qatlaridan maktublarning shitirlab ochilayotgani eshitiladi. Qarasam, tanish dastxat. Menga yo‘llangan, men bilgan ammo yetib kelmagan bitik edi. Har doim kutganim, kutib-kutib unutganimda o‘tgan narsalarni to‘rt buklangan qog‘ozda qo‘limga tutdi. Ko‘nglim buzildi: ko‘nglimdan nimadir ko‘chdi. Tomog‘imga tiqilgan narsa tizzalarimdagi madorimni ham bir silkitib oldi. Men endi o‘zimda kuch topib, uni ochishga chog‘landim. Ne ko‘z bilan qarayki, buklangan qog‘oz harir mato bilan o‘ralgan edi. Topgan kuchim zumda tovonimdan ham pastga dumaladi. O‘sha kunlarning xotirasi tiniq suratning yirtiq bo‘laklarini yelimlab menga tutdi. Kimsasiz bog‘ hovliga ko‘chganimiz, otam bilan xontaxta tagidan “aji – aji” o‘ynaganlarimiz kechagidek yodimda. Keyin otamni eslatadigan ham o‘sha yagona o‘yin bo‘lib qoldi.
Bir kuni kechqurin do‘xtir keldi. Otam qornini changallagancha uydan chiqdi. Biz to‘rt o‘g‘il eshik ortida ko‘zlarimizni ishqab jim turardik. “Onangni xafa qilmanglar, xo‘pmi?! Aytganidan chiqmanglar”. Bu vasiyatligini keyin bildik. Kichkinagina onam yanayam kichrayib ketayotganga o‘xshardi. Onajonim kiyim tikar, to‘qir, oshxonadan chiqmas, dam olib o‘tirganini hech qachon ko‘rmasdik. Bir kuni uzoq mahallalik bir kishi “yaktak tiktiraman, yaxshi pul to‘layman” deb keldi. Eshikdan kirgandayoq yoqtirmadik. O‘lchov olishga qo‘liga metr ushlagan onam indamay qoldi.
– Onam kishilarga hech narsa tikmaydi, – katta akam haligi erkakni hovlidan itarib chiqardi. Uning beo‘xshov tirjayib turishini ko‘rgan onam taxta eshik “g‘iyq” etib yopilishi bilan yig‘lab yubordi. Shu kuni kechqurin suv so‘rab uyg‘onsam, onam sham yorug‘ida nimalarnidir yozib o‘tiribdi. Xat yozayaptimi, deb o‘yladim. Keyin deyarli har kuni shunday holatda ko‘rdim. Endi suv so‘ramasdim, ko‘rpadan sekin boshimni chiqarib onamni kuzatardim. Mehribonim daftarni yopib, ustiga qo‘llarini, keyin boshini qo‘yib uzoq payt shunday o‘tirardi. Yozganlarini hech kimga jo‘natmasdi.
– Sizga konvert obkelaymi? – dedim bir kuni.
– Keragi yo‘q, bolam, – dedi. Mayli degandayam bir tiyin pulim yo‘q edi. Onamning har kuni nima yozayotganiga qiziqardim. Harf tanimaganim alam qilardi. Tezroq birinchi sinfga chiqishni kutardim. Akalarim ikkinchi, to‘rtinchida o‘qir, maktabdan kelardi-yu, somon-pichan yig‘ishga chiqardi. “Harna ro‘zg‘orga” derdi onam. Ammo akalarimning qo‘lidan pul olayotganda indamay yig‘lardi. Bizni xatomiz uchun kaltaklashini, urishini kutardik. Lekin onam hech qachon unday qilmasdi. Ayniqsa, bir kuni ayni qish edi. Onam ishdan qaytguncha uyni isitib qo‘ymoqchi bo‘ldik. Xona burchagiga uyulgan bor o‘tinni pechga tiqibmiz. O‘txonadan sachragan cho‘g‘ sal naridagi mixga ilingan, onam asrab avaylab kiyadigan yagona xalatiga tushganini bilmay qolibmiz. Qarasak xalat tutayapti, nima qilishni bilmaymiz. Akam dahlizdan chelakdagi suvni oldi-yu, sepdi. Butun uy – sholcha-yu ko‘rpachalar, devor nam tortdi, pech zumda ilimiliq bo‘ldi. Birgina isiydigan xonamiz shu edi. Kech tushib, itlarning akillagani eshitildi. Hovlining taxta eshigi taraqladi. Oyoq tovushi eshitildi. Ayvonga chiqdik. Onamning rangi oqarib ketgan edi. Ro‘zg‘or xaltasi qo‘lidan tushdi. Kartoshka, piyozlar qorning ustiga dumalab ketdi. Ikkitagina zinapoyadan zo‘rg‘a ko‘tarilgandek tuyuldi. Xonaga kirdi-yu, o‘tirib qoldi. Rangi uniqib ketgan paltosini, keyin ko‘ylagining tugmalarini yechdi. Ro‘molini boshidan oldi. Tizzalarini quchdi, keyin hiqillagan ovozi eshitildi. Ancha paytdan keyin onam boshini ko‘tardi-da, “biror narsa yeb, quruq yerga joy to‘shanglar”, dedi. O‘sha kuni bizning uydagi bolalik ham qo‘shilib yongan edi, nazarimda. Bir kechada hammamiz ulg‘ayib qolgandik.
Kimdir bolaligini eslasa, unga qaytgisi keladi. Men esa bolaligimning butun yozida yasagan guvalalarim bilan ortga qaytadigan yo‘llarni yopib tashlayman. Faqat onam yopgan issiq non bilan oq qandni choyga botirib yeganlarim esdalik daftarimdagi bir tola nur bo‘lib qolgan, xolos.
Yillar o‘tdi. O‘qimishli, hunarli bo‘ldik. Uy-joy qildik. Eng kichigimizni uylantirganimizga hafta o‘tmay onam og‘irlashib qoldi. – Xudoga shukur, oyoqdan qolsam ham sizlarni oyoqqa qo‘ydim, – dedi onam. – Aka-ukalar jam, bir-biringni kuningga yarab, hol so‘rab shu hovliga yig‘ilib tursalaring ruhim orom topadi…
O‘sha so‘zlar qulog‘imning ostida jaranglaganday bo‘ldi. Maktubni ochishdan voz kechdim. Yelkam osha ortimga qaradim: bolaligimdagi hovlimiz ko‘rindi. So‘rida o‘tirgan onamning ko‘zlaridagi tabassumdan vujudim titrab ketdi. Yo‘lga otlandim. Yomg‘ir yog‘ardi, bolaligimdagi gulyomg‘ir. Osmonga oq ipak parda tortilgan. Gullar onamning kulgusidek matoga ilinib, ilinib qolardi.
“Taq” etgan ovoz eshitildi. Taxta eshigimiz darvozasidan bugunimgacha tushgan yo‘l ko‘rindi. Unda yashashning sir-sinoatlari ertakka o‘xshardi. Ertak mening bolaligimga, onamga aylanib qolardi. Keyin ular menga qo‘lini tutdi… qulog‘imga shivirladi. Yo‘limda davom etishga kuch yig‘dim… Olis va yaqin manzil manzaralari o‘ziga chorlardi.
***
Ortimga qarayman. Maktublarning shitirlab ochilayotgani eshitiladi…
Dilfuza ShOMALIKOVA