“O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir”
Shifokor mijozni obdon tekshirib bemorga savol berdi:
– Xo‘sh, sizni nima bezovta qilyapti?
– Bema’ni SMSlar, – javob berdi bemor…
Unchalik kulgili bo‘lmagan ushbu latifani, rosti, o‘zim to‘qidim. Bunga hozirgina qo‘l telefonimga jarang solib “Beeline” uyali aloqa kompaniyasidan kelgan qisqa xabar sabab bo‘ldi. Jumladan, unda shunday keltiriladi: “Ayriliq haqida romantik she’rlar olish uchun – HS, yoki sevgilingiz bilan xayrlashish haqida she’rlar – SG… falon raqamga yuboring”.
Sir emaski, bugun dunyoda oilalar ajrimlari sonining tobora ortib borayotgani jahon hamjamiyatini tashvishga solmoqda. Xalqimizda esa azaldan oilaga muqaddas rishta sifatida qaraladi va qadrlanadi. Ozod va obod yurtimizda yigit-qizlarni oilaga tayyorlash, nikoh ostonasida turgan yoshlarni oilani muqaddas oshyon sifatida qadrlashga o‘rgatish, ajrimlarning oldini olish borasida jadal olib borilayotgan chora-tadbirlar ham fikrimizning tasdig‘idir. Xususan, tibbiyot muassasalari va fuqarolar yig‘inlarida yosh onalar maktablari tashkil etilib faoliyat olib bormoqda. FHDYo xodimlari, shifokorlar, nuroniy otaxon va onaxonlar, mahalla faollari tomonidan turli seminar va suhbatlar uyushtirilmoqda. Maqsad yagona, yoshlarning nikoh va oilaga mas’uliyatini kuchaytirish, ahil va mustahkam oilalar sonini yanada oshirishdan iborat. Mamlakatimizda bu borada ezgu va xayrli ishlar amalga oshirilayotgan bir paytda millionlab abonenti bor aloqa kompaniyasining yuqoridagi kabi “SMS”larini qanday izohlash mumkin?..
SOG‘LOMJON