Ayolning ko‘rkam jozibasi

yoxud sumbul sochlar siri

Ayolning nafosatidan bahor andoza oladi. Latofati, malohatini ta’riflab shoirlar qalam durlarini sochadi. Ayniqsa, ayolning tundek qora, husniga yanada joziba bag‘ishlovchi sochlari sharqirab oqayotgan shalolaga qiyoslanadi. Mumtoz adabiyotimizga nazar solsak suluvlarning sumbul sochlarini shoiru-adiblar go‘zal tashbehlar bilan tasvirlaydilar. Bundan ko‘rinib turibdiki, soch nafaqat husn, balki, ilhom manbai hamdir.

Bolaligimda onam sochimga pilik qo‘shib o‘rar ekan, “Jonim qizim, sochlaringni yaxshi parvarish qil. Tolalarini yerda qoldirmay, saranjom qilib yurgin. Sochning ham uvoli bor”, deya mayda o‘rilgan sochlarimga do‘ppi qo‘ndirardi. Bugungi kunda sochlarning chiroyiga yanada ko‘rk qo‘shish maqsadida go‘zallik salonlari ham faoliyat yuritmoqdaki, bu ayollarimizning mushkulflarini oson qilmoqda. Uzun sochlarni parvarish qilish ham anchagina mas’uliyat talab qiladigan yumush bo‘lgani sabab, ayrim qizlarimiz sochlarini kalta qilib kestirib, turmaklab olganlar. Ba’zilar esa tashqi ta’sir sabab sochlari zararlanayotgani va shu bois ularni kestirishga to‘g‘ri kelayotgani haqida gapiradi. Ammo uzun sochlar baribir o‘ziga xosligi bilan ayolga ko‘rk bag‘ishlab turadi. Biz bu fikrimiz bilan kalta qilib kestirilgan sochlarni yomonlashdan yiroqmiz. Biroq, statistik ma’lumotlarga qaraganda erkaklar ko‘proq uzun sochli ayollarni ma’qul ko‘rishadi.

Bugungi sahifamizda uzun sochlarni parvarish qilishda oddiy va muhim jihatlarga e’tibor qaratmoqchimiz. Buning uchun uzun sochlarini parvarish qilib kelayotgan qizlardan maslahatlar oldik.

Zarnigor RAVSHANOVA:

– Sochning mustahkam, serjilo o‘sishi uchun avvalo sog‘lom hayot tarziga rioya qilish kerak. Yetarlicha to‘yib uxlash, immunitet va asab tizimini mustahkamlash, organizmda melanin moddasi yetishmovchiligining oldini oladi. Organizmda melanin ishlab chiqarilishi kamayganda soch tolalari oqara boshlaydi. Sut mahsulotlari, grechka, guruch, pomidor, sabzi, apelsin, yong‘oqlar, hamda karam iste’mol qilishni kanda qilmang. Shunda har qanday kimyoviy vositalar yoki tashqi tasirlar sabab sochlaringiz zararlanmaydi. Immun tizimingiz ularga qarshi kurashish uchun yetarlicha quvvatga ega bo‘ladi.

Ba’zi ayollar soch turmagi yaxshi chiqishi uchun sochlarini har kuni yoki kunora yuvishga odatlanadi. Bu noto‘g‘ri. Turmaklarning ko‘ngildagidek chiqishi sochingizning “itoatkor”ligiga bog‘liq. Shu bois sochning quruq va yog‘liligiga qarab 3-4 kun yoki haftada bir marotaba bosh yuving. Sochni chayishda moychechak damlamasidan foydalansangiz yanada samarali bo‘ladi. Ikki kunda bir marta soch ildizini yog‘och taroqda tarab, yengil uqalasangiz boshda qon aylanishi yaxshilanadi. Lak, muss yoki gel kabi sun’iy kimyoviy vositalardan imkon qadar foydalanmang. Ularni to‘y-hasham yoki biror tantanali tadbirda ishlatish maqsadga muvofiqdir.

Yana o‘qing:  Sport xabarlari (2015/15)

Mutaxassislarning fikricha, boshimizda 100 ming dona atrofida soch tolasi bor. Shundan kuniga 50-100 ta to‘kilishi me’yoriy holat hisoblanar ekan. Soch tolalari bundan ortiq to‘kila boshlasa, chora ko‘rish zarur.

Soch to‘kilishi deyarli barcha ayollarning muammosi. Shu sabab turli vositalardan emas tabiiy mahsulotlardan foydalanganingiz ma’qul. Uy sharoitida 2 dona tuxum sarig‘iga 2-3 ta aloe bargi sharbatini aralashtirib, soch ildiziga surting. Boshni sellofan paket bilan o‘rab, 25 daqiqa qoldiring. So‘ngra iliq suvda sochlaringizni chayib tashlang. Haftada ikki marta mayda osh tuziga zaytun yog‘i aralashtirib soch ildiziga surib tursangiz ham soch tolalari mustahkamlanadi.

Ziyoda AZIZOVA:

– Inson hayoti davomida sochlarning eng qalin va mustahkam holati odatda o‘smirlik davrida bo‘ladi. Shu sabab aynan o‘sha paytda sochlar parvarishiga yanada diqqat qaratish lozim. Uy sharoitida sochlarni tabiiy yo‘l bilan parvarishlashning ko‘plab usullari mavjud.

Quruq va jonsiz bo‘lib qolgan soch tolalarini mayonez yordamida tiklash mumkin. Buning uchun 2 osh qoshiq mayonezni 1 osh qoshiq o‘simlik yog‘i bilan aralashtirib, soch ildizidan to uzunligiga qadar surting. 30 daqiqadan so‘ng uni iliq suvda shampun bilan yuving. Bu usulda soch ildizi mustahkamlanadi va u kam to‘kiladi.

Tez yog‘lanadigan sochlar uchun ham alohida parvarish zarur. Haftasiga 2-3 marta yuvsangiz ham sochlaringiz yog‘lanaversa, 1 osh qoshiq xamirturushni ozroq qaynagan suvga aralashtiring va bir dona tuxum oqini qo‘shing. Niqobni soch ildiziga surib, 20 daqiqadan so‘ng uni iliq suvda chaying. Yog‘li va normal sochlarni fen bilan, quruq sochni esa paxmoq sochiq bilan quritgan ma’qul.

10 dona lavr yaprog‘ini bir litr suvga solib 20 daqiqa qaynatib so‘ng dokadan o‘tkazib oling. Bu damlama bilan soch chayilsa sochlar sog‘lom va mustaxkam bo‘ladi.

Sochlar “gullashi” va tez to‘kilishining oldini olish uchun tayyorlanadigan niqobga uy sharoitida unchalik ko‘p sarf-xarajat talab qilinmaydi. 2 ta tuxumga 2 osh qoshiq asal qo‘shing. Aralashmani sochlaringizga va bosh terisiga surting. 40 daqiqadan so‘ng iliq suvda shampun bilan yuving.

Sochlaringizning tez o‘sishini istasangiz, achchiq qalampirli tindirmadan ham foydalanish mumkin. Uni dorixonalardan topasiz. Paxtani tindirmada ho‘llab, bosh terisiga surting. So‘ngra polietilen qalpoqcha kiyib oling. 10-15 daqiqadan so‘ng bosh terisida yengil achishish sezganingizda sochlaringizni iliq suvda yuving. Tindirmani sochingizga surtayotganda ko‘zlaringizni ehtiyot qiling.

Yana o‘qing:  Gilos – mavsum mevasi

Bir dona o‘rtacha kattalikdagi piyozni qirg‘ichdan chiqaring, 2 osh qoshiq asal qo‘shing. Aralashmani sochlaringizga surting, ayniqsa, soch uchlariga ahamiyatli bo‘ling. Polietilen qalpoqcha kiyib, paxmoq tukli sochiq bilan boshingizni o‘rab oling. 20 daqiqadan so‘ng sochlaringizni yuving va limon sharbati qo‘shilgan suvda chaying. Niqobni haftasiga ikki marta takrorlab turing.

Yana bir tavsiya, sochlaringiz holatini bilmoqchi bo‘lsangiz, tarog‘ingizdagi soch tolasini olib, ikki tarafga torting. Agar soch tolasi cho‘zilishga moyil bo‘lsa uning sog‘lom ekanini, agar aksi bo‘lib, tez uzilsa parvarishga muhtoj ekanini bildiradi.

Bugungi tavsiyalarimiz siz ayollarga ma’qul bo‘lib, sochlaringizning jilolanishiga, uzun bo‘lib o‘sishiga yordam bersa ko‘zlagan maqsadimizga yetgan bo‘lardik. Sochlarimizni yaxshilab parvarish qilsak, yarim husnimiz uzoq yillar o‘z jilosi va go‘zalligini yo‘qotmaydi.

Dildora MURODOVA

tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: