MILLIY QADRIYATLAR YOSHLAR NIGOHIDA
Andijon viloyati hokimligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan festival “Qadriyat, urf-odat, an’ana va yoshlar” deb nomlandi.
Prezidentimizning 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbirda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan kelgan yoshlar arqon tortish, varrak uchirish, “mo‘ljalchi”, “oq terakmi, ko‘k terak” singari milliy o‘yinlar bo‘yicha musobaqalarda o‘zaro kuch sinashdi. Festival doirasida yoshlarning qo‘l mehnati, hunarmandchilik, musavvirlik borasidagi ijodiy ishlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Yoshlar badiiy jamoalari, ijodkor yoshlar tomonidan yoshlik, bahor, Vatanni madh etuvchi she’r va qo‘shiqlar yangradi.
Festivalda umumjamoa hisobida Oltinko‘l tumani yoshlari g‘olib deb topildi. Baliqchi, Asaka tumanlari jamoalari ikkinchi va uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
N.IKROMOV