ShIJOAT MUSOBAQASI
Poytaxtimizda taekvandoning jun ri do yo‘nalishi bo‘yicha “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi kubogi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tashabbusi bilan Toshkent shahar madaniyat va sport ishlari bosh boshqarmasi va Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur musobaqada 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 100 nafardan ortiq sportchi o‘zaro bellashdi.
Musobaqaning ochilishida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi S.Inamova so‘zga chiqib Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirishning muhim omili sifatida bolalar sportini rivojlantirish, yosh avlodning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur imkoniyatlarni yaratish, yosh iqtidor egalarini qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan ham bu borada qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, stol tennisi bo‘yicha an’anaviy turnir, sportning sinxron suzish, badiiy va sport gimnastikasi, sport raqsi turlarini mujassamlashtirgan “Nafosat olami” sport festivali kabi tadbirlar yoshlar o‘rtasida sportni yanada ommalashtirish, ularning salomatligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
– Sport inson irodasini toblaydi. Uni jismonan sog‘lom qilish barobarida, xarakterini ham tarbiyalaydi, – deydi musobaqa g‘olibi Asilbek Ahadov. – Maqsadim – jahon chempionatida g‘alaba qozonib, yurtimiz bayrog‘ini balandlarga ko‘tarishdir.
Musobaqada Mirsamir Miryoqubov, Asilbek Ahadov, Doniyor Shodiyorov, Abdumalik Isanov, Davron Jo‘raboyev, Jayrona Avazxonova, Asal Azamatova, Nargiza Japarova, Dilshoda Choriyevalar shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egalladi.
G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
N.NORBOBOYEV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri