Ulug‘ bobolarimizga munosib avlod bo‘lamiz
Amir Temur xiyobonini sayr etayotgan har bir yoshning qalbida shu tuyg‘u jo‘sh uradi
Amir Temur xiyoboni gavjum. Yosh oilalar, nuroniy otaxonu onaxonlar yuzidagi samimiyat, ozod va obod yurt farzandi ekanidan shukronalik hissi shundoqqina ko‘zlarda balqiydi. Yoshlarning quvnoq qiyofasi tinch va farovon turmushning mahsulidan so‘zlaydi go‘yo. Darhaqiqat, xotirjam insongina har bir kunidan bahra oladi, kelajak sari dadil odimlaydi.
Mazkur maydon esa o‘zbek xalqining so‘nmas tarixi, boy madaniy merosining yorqin namunasidir. Yoshlarning buyuk bobokalonimiz siymosi qoshida hayrat bilan boqishi Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q ekanini bot-bot yodga soladi. Xiyobonni kezar ekanman, odamlarning suhbati diqqatimni tortadi. Hamma qandaydir ulkan rejalar, ilmiy yutuqlar, yurtimizdagi bunyodkorlik va obod turmushdan so‘zlaydi. Mana bu besh yoshli bolakay esa sohibqiron haykaliga termularkan, bobosini so‘roqqa tutadi.
– Amir Temur bobomiz shunday ulkan bo‘lganmi?
– Ha, bolam, – deydi nabirasining yuzini silagancha mayin tabassum bilan otaxon. – Adolatni shior bilgan, el-yurtining tinchligi, farovon turmushi uchun kamarbasta bo‘layotgan har bir inson ulkandir. Chunki, uning qalbi hamisha ezgu o‘y-fikrlar bilan limmo-lim bo‘ladi. Sohibqiron bobomiz yurtni yov zulmidan xalos etgan. Markazlashgan mustaqil davlat tashkil etgan. O‘zligimiz, dinu diyonatimizni qayta tiklagan.
Bola bir muddat xayollarga cho‘madi. Haykalga yana hayrat bilan termuladi va o‘rnidan shart turib qat’iyatli ohangda bobosiga yuzlanadi.
– Men ham ulug‘ bobolarimizga munosib avlod bo‘laman!
Darhaqiqat, adolatni o‘ziga hamisha shior bilgan, ulug‘ sarkarda va davlat arbobi sohibqiron Amir Temur siymosi qariyb yetti asrkim, biz avlodlariga o‘zligimiz, boy tariximiz, o‘lmas madaniyatimizdan saboq berib kelayotir.
Poytaxtimiz markazida bunyod etilgan buyuk bobokalonimiz nomi bilan atalayotgan muazzam xiyobon nafaqat tarixiy xotiraga ehtirom, balki xalqimizning uzoq yillik orzu-umidlarining in’ikosi sifatida har bir qalbga faxr-iftixor tuyg‘ularini jo‘sh urdirdi. Elimizga xos bunyodkorlik, obodonchilik fazilatlarining yorqin ifodasiga aylandi.
1993 yil Yurtboshimizning qarori bilan Amir Temur nomi berilgan go‘zal maskan bugun o‘zining chiroyi, tarixiy ahamiyati bilan nafaqat yurtdoshlarimizni balki, xorijlik sayyohlarni ham hayratga solib kelmoqda. Bu yerda amalga oshirilgan zamonaviy va milliy arxitekturaga mos ko‘kalamzorlashtirish va bunyodkorlik ishlari sohibqiron bobomiz tutgan odil siyosatning izidan borayotganimiz, azaldan obodonchilikka katta e’tibor bergan xalq ekanimizning isbotidir. Zero, jahon tarixidagi eng buyuk va adolatli sarkarda Amir Temur davrida ham xuddi shu kabi keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani tarixiy haqiqat. Uning “Qay bir joydan bir g‘isht olsam, o‘n g‘isht qo‘ydirdim, bir daraxt kestirsam, o‘rniga o‘nta daraxt ektirdim”, degan so‘zlari ham fikrimizning tasdig‘idir. Manbalardan ma’lumki, sohibqiron bobomiz atrof-muhit go‘zalligiga, har bir joyning o‘ziga xos arxitekturasiga jiddiy e’tibor qaratgan. Uning insonlar salomatligini mustahkamlash, ilmu-ma’rifatning rivojlanishiga qo‘shgan hissasi beqiyos. Qishloq xo‘jaligi, dehqonchilik va bog‘dorchilikning ravnaqi yo‘lida cho‘l hududlarigacha suv chiqarib, go‘zal bo‘stonga aylantirgan. Xususan, sohibqiron hukmronligi yillarida Samarqand shahrining atrofida ko‘plab go‘zal va betakror bog‘lar barpo etilgan. Bular ichida eng mashhurlari “Bog‘i naqshi jahon”, “Bog‘i behisht”, “Bog‘i shamol”, “Bog‘i davlatobod”, “Bog‘i maydon”, “Bog‘i baland”, “Bog‘i dilkusho”, “Bog‘i buldu”, “Bog‘i chinor”, “Bog‘i jahonnamo” va “Bog‘i nav”lar bo‘lib, ular tabiatning alohida xususiyatlariga ega joylarda ko‘rk ochgan.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, Amir Temur bog‘lari geometrik shaklda tartib berilgan chorbog‘lar va tabiat manzaralari asosida barpo etilgan.
O‘sha davrda Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixo Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat kundaligida bu o‘lkada barpo etilgan bog‘lar haqida o‘z hayratini shunday bayon etadi: “Yanagi dushanbada podshoh Bog‘i dilkushodan behad go‘zal boshqa boqqa (Bog‘i chinorga) o‘tdi. Bog‘ning g‘ishtdan ishlangan, koshinlar, lojuvard va tilla bo‘yoqlar bilan har xil yo‘sinda sayqal berilgan chiroyli ulkan darvozasi bor… Bog‘ juda katta edi; unda shig‘il mevaga kirgan va quyuq soya tashlab turgan daraxtlar ko‘p edi”. Shu o‘rinda aytish joizki, Temur hazratlari nafaqat Movarounnahr va Xurosonda, balki bepoyon saltanatining boshqa hududlarida ham bunyodkorlik hamda obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor bilan qaragan. Uning Qorabog‘dagi obodonchilik faoliyati, Sultoniya shahri qurilishi, Bog‘dodning qayta ta’mirlanishi kabi ezgu ishlari shundan dalolat beradi. Darhaqiqat, istiqlol yillarida ham Prezidentimiz tashabbusi bilan tashlandiq yerlarni o‘zlashtirish, bog‘dorchilik va dehqonchilik mahsulotlarini ko‘paytirish, shu orqali aholining real daromadlarini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Bugun bozorlarimizning to‘rt faslda ham ko‘zni quvnatadigan meva-sabzavotlar bilan to‘lib-toshgani ham fikrimizning yorqin dalilidir.
Darhaqiqat, buyuk bobomizning bunyodkorlik va obodonlashtirish yo‘lidagi ishlari so‘nggi chorak asr davomida yanada keng tus oldi. Jonajon O‘zbekistonimiz obod va farovon mamlakatga aylandi. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan butun mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga bugun dunyo ahlining havasi ortmoqda. Birgina poytaxtimizning kun sayin, soat sayin o‘zgarib, ko‘rkamlashib, yasharib, sayqal topayotgani har bitta sayyohning hayratini oshirmoqda. Ko‘p qavatli muhtasham uylar, zamonaviy hamda milliy me’morchiligimiz an’analarining o‘zaro uyg‘unlashuvi asosida barpo etilayotgan fusunkor binolar, yaratilayotgan so‘lim bog‘u rog‘lar, gulzorlar qatorida Amir Temur xiyobonining bugungi qiyofasi ham fikrimizning tasdig‘idir.
Yaqin o‘tmishga nazar solsak, Amir Temur xiyoboni bir asrdan ziyodroq vaqt mobaynida ko‘p sinovlarni boshidan kechirganiga guvoh bo‘lamiz.
1993 yilning 31 avgustida Prezidentimizning tashabbusi va loyihasi bilan xiyobonning qoq markazida sohibqiron haykali qad rostladi. Xiyobonga Amir Temur nomi berildi.
Maydon o‘rtasida qad rostlagan ulug‘ siymoning haykalida aks etgan jo‘shqinlik va mahobat, yuksak e’tiqod va qat’iyat xiyobonni sayr etayotgan har bir kishining ruhiyatiga singib o‘tsa ajabmas. Ot ustida mardonavor viqor to‘kib turgan Amir Temur bobomiz xuddi qo‘lini baland ko‘targanicha o‘z xalqiga peshvoz chiqayotgandek, boqiy tinchlik va farovonlik olib kelayotgandek mazmun kasb etgan ushbu san’at asari mohir haykaltarosh Ilhom Jabborovning yuksak salohiyatidan ham darak berib turibdi. Qolaversa, maydon atrofida an’anaviy va zamonaviy milliy me’morchiligimiz yutuqlarini o‘zida mujassam etgan ko‘rkam binolar qad rostladi. Shular haqida o‘ylarkanmiz, beixtiyor Amir Temur bobomizning “Bizning qudratimizga shubha qilsang, biz qurdirgan imoratlarga boq”, deya aytgan so‘zlari naqadar o‘rinli ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.
1996 yil 18 oktyabrdan xiyobon yonida an’anaviy va zamonaviy milliy me’morchiligimiz yutuqlarini o‘zida mujassam etgan Temuriylar tarixi davlat muzeyining barpo etilishi maydonga o‘zgacha ko‘rku tarovat bag‘ishladi.
2009 yilda esa xiyobonning janubi-sharq tarafida poytaxtimizning 2200 yillik yubileyiga munosib sovg‘a sifatida “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi bunyod etildi. U o‘zining beqiyos mahobati va salobati bilan maydonga yanada chiroy va viqor bag‘ishladi.
Keyingi yillarda shaharlarimizda landshaft dizayni asosida me’moriy majmualarga shakl va jilo berishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yangi ishlab chiqilgan “yashil dastur” asosida yurtimizdagi ko‘plab istirohat bog‘lari, ko‘cha va xiyobonlar yanada ko‘kalamzorlashtirilib, so‘lim go‘shalarga aylanmoqda. Shu o‘rinda, aytish kerakki, tabiatni muhofaza qilish, obodonlashtirish idoralari, sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislarining xulosa va takliflarini har tomonlama o‘rganish asosida Amir Temur xiyobonidagi daraxtlar yangilandi.
Bugun maydonda inson salomatligi uchun foydali bo‘lgan, o‘zgacha fusun baxsh etadigan manzarali daraxtlar, qishin– yozin yashil bo‘lib turadigan archalar, o‘z navbatida bu yerdagi saqlab qolingan eman, kashtan hamda juda chiroyli gullaydigan libo daraxtlari ko‘zni quvnatadi.
Xiyobonga 600 dan ortiq Qrim qarag‘ayi, 200 ta eman va yana shuncha kashtan daraxti, shuningdek, magnoliya, speriya, jasmin, yapon behisi kabi gullaydigan buta ko‘chatlarining 15 xil navidan 300 dan ortig‘i ekilgan.
Mustaqillik yillarida yurtimizda, ayniqsa, uning yuragi bo‘lmish poytaxtimiz Toshkentda o‘zbek shaharsozligining noyob durdonalari yaratildi. Biz nafaqat mustaqil davlat barpo etdik, balki dunyoning mana-man degan shaharlari bilan bemalol bellashadigan, bo‘ylashadigan shaharlar ham qurdik, yaratdik. Va bu ishlar bugungi kunda ham izchillik bilan davom ettirilmoqda. Amir Temur xiyoboni va unda olib borilgan obodonlashtirish ishlari ham bundan dalolatdir.
Bahodir HALIMOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri