Onamning yulduzi

Yoz oqshomlari somon suvoq supada aka-ukalar onamizning bir tomonida, opam va singlim ikkinchi tomonda yoshimizga qarab tizilib yotamiz. Uyquga ketgunimizcha navbatma-navbat kattalar ertak aytishadi, bir muddat hamma istaklaring ijobat bo‘ladigan sehrli ertaklar olami barchamizni ko‘p bor qayg‘u-g‘ami, pirovard natijadagi quvonchi bilan o‘z og‘ushiga singdirib oladi. Tun uzun, ertaklar sanoqli, kimdir yangi ermak topadi:

– Qani “Yetti qaroqchi”ni kim birinchi ko‘rsatib beradi?

Aslida u dastlab “Yetti qaroqchi”ni ko‘zi bilan mo‘ljalga olgan, so‘ngra yangi o‘yinni taklif etgan bo‘lib chiqadi.

– Yetti og‘a-ini,etti yulduz, yetti marotaba sanasang savob bo‘ladi…

O‘yinning eng og‘ir sharti shu so‘zlarni nafas olmasdan yetti bor takrorlash kerak, bir zumda “qiy-chuv” boshlanib ketdi:

– Ey, g‘irromlik qilma, nafas olding-ku.

– O‘yindan chiqsin.

– Endi mening navbatim.

Ermaklar o‘rin almashinaveradi, har o‘yin o‘zgarganida safimizdan kimnidir uyqu elitgan bo‘ladi. Kenjatoy ukamning ko‘zi ilinganidan foydalanib onamning issiq quchog‘iga kiraman, negadir ko‘zlarim yumilishiga yulduzlar jimiri yo‘l qo‘ymaydi. “Voy-bu, bunchalik ko‘p bo‘lmasa ular”, osmonning qaysidir burjidagi yulduz chaqindek ko‘k bag‘riga iz solib so‘nadi.

– Uf-f, – deydi onam chuqur xo‘rsinib, – harna kofirning boshiga bo‘lsinda.

– Nega unday deysiz, – so‘rayman qiziqsinib.

– Aytishlaricha falakda har kimning o‘z yulduzi bo‘larkan, ko‘kda yulduz uchganda qaysidir insonning hayoti poyoniga yetarmish.

Onamning mulohazalari sabab falakdan o‘z yulduzimni qidira boshlayman, boshqalaridan shu’ladorlarini otamga, aka-ukalarimga, opam va singlimga taqsimlayman, negadir har gal eng yorqin yulduz onamniki bo‘lib chiqaveradi, go‘yo taratayotgan nuri volidam allasiga monanddek, yarim tun issiq bag‘ir va shu jimir sehrida uyquga ketaman…

…Oradan yillar o‘tdi, ulg‘aydim, uch o‘g‘il, uch qizning otasiman, qay kundir isitmam oshib yotib qoldim, tuni bilan alahsirab uydagilarga tuzuk uyqu bermabman, tongga yaqin ko‘zim ilinibdi, yuzimni silagan g‘adir-budir, ammo mehribon iliqqina kaft taftidan ko‘z ochaman – onam:

– Yaxshi bo‘lib qoldingmi bolam, o‘zingga qarab, issiqqina kiyinib yurmaysanmi?..

Onam joni achib nimalarnidir gapirardi, men esa o‘zim uchun aziz va mo‘tabar zotning chuqur botgan ko‘zlaridan, biroz so‘lg‘in tortgan chehrasidan nimanidir izlab tikilaman va topaman, beixtiyor shivirlayman: “Rost ekan”.

Yana o‘qing:  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ochiq va oshkora ruhda o‘tdi

Bundan besh-olti kun ilgari ertalab ishga otlanayotganimda kenja qizim:

– Dada, momom kasal yotibdilar, – degandi.

Men esa indamaygina yo‘limga ketgan, ko‘p o‘tmay uning aytganlarini unutgandim. Har kun hovliga kim necha bor kirib chiqsamda onamning hujrasiga burilib, xabar so‘rashga bir muddatgina vaqt topmabman-a, o‘z volidasi qadriga yetmagan farzand, men kimman o‘zi? Balki “Onaning ko‘ngli bolada, bolaning ko‘ngli dalada” deganlari shudir. Onam hayotining so‘nggi davrlarida men bilan bir hovlida yashadi. U kishi qizim bilan yashaydigan uy oldida otameros yog‘och so‘ri bo‘lardi, goh ish, goh gap-gashtakka berilib, har kun tun yarimlab qolganda oyog‘im yig‘ilardi. Shunday paytlari men uyga qaytib kelgunimcha onam rahmatli hoh sovuq, hoh issiq bo‘lsin so‘rida cho‘michdekkina bo‘lib o‘tirar, balki gohida murgilab ham olarmidi, ammo oyoq tovushim eshitilganidan:

– Bolam, sog‘-omon kelib qoldingmi, buncha kech izg‘ib yurmasang, qayerda eding, – deb so‘rardi.

Ba’zan u kishining “ha” deb tergayverishlaridan ensam qotardi:

– Endi yosh bolamidim, meni bo‘ri yermidi, yotmaysizmi nabirangizni quchog‘ingizga olib.

– Xah, bolama, otang o‘tgandan buyon senga suyanib qolganman, erkaksiz uyda tinch uxlab bo‘larmidi?!

* * *

Belanchakning g‘ijirlashi uyqumni qochirdi.

– Nima gap, onasi, – so‘radim betoqat bo‘lib belanchak tebratayotgan xotinimga.

– Keliningiz bolasini keltirib ketdi, uxlamayotgan emish.

– Tagligini ho‘llamagan ekanmi?

– Yo‘q.

– Bo‘lmasa qulog‘i og‘rigandir.

– Boya peshinda ko‘shnimizning keliniga iltimos qilib, qulog‘iga sutini sog‘dirgandim.

– Bolasi o‘g‘il ekanmi?

– Qiz shekilli.

– Qizning suti qizga naf keltirmaydi, o‘g‘il bolasi bor kelin topish kerak edi.

Xotinim uyqu aralash ming‘irladi:

– Sut bo‘lsa bo‘ldida bobosi…

…Ukam go‘dak edi. Tog‘amning xotini big‘irlab turgan chaqalog‘ini ko‘tarib keldi:

– Navbahor opa, bolam hech tinchlik bermayapti.

Onam chaqaloqni bag‘riga bosdi:

– Bolam, – dedi u kishi menga qarab. – Qozondagi chuchitilgan yog‘ni olib kel.

Yugurgilab dahlizdan chuchitilgan yog‘ solingan idishni ko‘tarib kirdim.

Onam keng yenglarini shimarib, idishdan bir qoshiq chamasi kaftlariga oldilar, keyin chaqaloqning ko‘ylagini ko‘tarib, qo‘llari bilan ishqalashga tushdilar. Big‘illab yig‘layotgan jujiqcha bir muddat kaft taftidanmi tinim oldi, keyin negadir tag‘in yig‘lashga tushdi.

Yana o‘qing:  Muntazam harakatning samarali foydasi

– Bolangning qulog‘ini og‘ritib qo‘yibsanda egachi. Voy qizginam-a, seni shunchalik azoblab qo‘yishdimi?

Onam chaqaloqni yonboshlatib yotqizdi-da, uning qulog‘iga sut sog‘di. Dunyoni buzib o‘tirgan chaqaloq bir zum lablarini burib turdi-da, pishillab uyquga ketdi. Onam qoniqish bilan chaqaloqni onasiga uzatdi:

– Qiz bolaning qulog‘i og‘risa eng yaxshi em o‘g‘li bor ayolning ko‘qrak suti, shuni unutmang egachi, – dedi…

…Nabiram uyni supurib, supurgini tikka qo‘ysa koyiyman:

– Supurgini tik qo‘yma qizim, uydan baraka qochadi…

…Kelinim dasturxonni yig‘ib olmasa, jig‘ibiyronim chiqadi:

– Dasturxonni muntazir qilmanglar, “mening qadrim yo‘qmi” deb ozorlanadi…

…Onamning hikmatlari hamon xonadonimiz qut-barakasini oshirib turganga o‘xshaydi. U kishini xotirlab qo‘limni duoga ochaman…

…Kechki payt, falakda yulduzlar bir-biriga ko‘z qisib o‘ynashar, ammo dilda oldingi tuyg‘u yo‘q, ularga befarqqina qarayman, “Yetti qaroqchi” ham, eng yorqin sayyoralar ham nazarimni tortolmaydi, o‘z yulduzimni ham qidirmayman, men uni allaqachon kashf etgan va yo‘qotishga ham ulgurgan ekanman, u bir umr yonginamda goh sezilib, goh sezilmay menga hamrohlik qilgan ekan: ONAM MENING YULDUZIM EKAN. Falak suprasiga sochilgan sayyoralar orasida eng yorqini – Onamning yulduzi esa mayin jilmayib men sari mehr bilan qarab turardi…

Abdunabi ABDIYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: