Bahor

Qish bo‘yi uyquda bo‘lgan tabiat, bahor kelishi bilan o‘z go‘zalligini yana bir bor ko‘z-ko‘z qilmoq uchun uyg‘ona boshladi. Daraxtlar o‘z oshig‘ini kutgan ma’shuqa misol gullardan libos kiyib, uyalgannamo jilmayib turgandek… Qushlar ham fazoda baxtdan sarmast qanot qoqadilar. Yigit-qizlar qalbida o‘zgacha hissiyotlar jo‘sh ura boshlaydi… Yosh bolakaylar allaqachon ko‘klam o‘yinlarini boshlab yuborishgan. Hamma yerda bahor tarovati… Ko‘klarda, zaminda, tabiatda, insonlar qalbida… Faqatgina, faqatgina mening qalbim hamon qishning izg‘irinida qolgan, yupun kiyingan kimsadek diydirab turibdi… Qayerga kelib qolganini ham, qayerga ketayotganini ham bilmaydigan telbadek. Ortga qaytay desa, shuncha masofani bosib o‘tdi, oldinga yurishga esa, na bir manzil, na bir yo‘l topolmay sarson… Yuraveradi, yuraveradi… Foydasiz. Yana turgan joyiga kelib qolaveradi. Yordam so‘ray desa, hech kim ko‘mak bermaydi… Bu joy shunday joy-ki, bu yerdan hech kimning yordamisiz, o‘zing yo‘l topmog‘ing kerak. O‘z qalbingni o‘zing zulmatdan olib chiqishing lozim… Ammo, qanday qilib!?

… Qayga qaramay, hamma shodon, barcha baxtiyor… Mening yuragim esa, hali-hamon devorlari-g‘am, har oni azob bo‘lgan qishning zindonida zanjirband bo‘lgandek, diydirab turibdi…

 

 

Zahro Nurzoda

Яна ўқинг:  Kechir, olapar

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: