Yashirin isitmaning oshkor xususiyatlari
Bola kulgusi yangragan har bir xonadon – mehr-muhabbatga kon. Dunyoga kelayotgan farzand jismonan sog‘lom, benuqson, har jihatdan to‘kis bo‘lib tug‘ilsa, bu nafaqat ota-ona va oila a’zolariga, balki jamiyatga ham tuganmas baxt hamda shodlik keltiradi. Hayotimiz quvonchi, umrimiz mazmuni bo‘lgan bolajonimiz nogoh xastalanib qolsa dunyo ko‘zimizga qorong‘u bo‘lib ketadi.
Sir emaski hozirgi shiddatkor davr bilan birga turli yangi xastaliklar ham odimlab bormoqda. Ekologik bo‘hronlar, toza ichimlik suvi tanqisligi bugun yer yuzida ko‘plab muammolarni jumladan, xastaliklarni ham keltirib chiqarayotgani har birimizni hushyorlikka chorlamoqda. Subfebril harorat yoki yashirin isitma bilan kechayotgan kasallik davri har bir bolada juda ham murakkab kechadi. Xo‘sh, nega shu isitmani ota-onalar yoki oiladagi yoshi kattalar darrov ilg‘ab olishmaydi? Uni faqatgina go‘dakning yuzi qizarishi, holsizlanishi hamda duch kelgan joyga yotib olishi tufayligina bilib olamiz. Ko‘pincha bolada kechayotgan subfebril harorat uncha-munchaga sezilmay qolishi ham mumkin. Mazkur xastalikni keltirib chiqaruvchi omillar haqida Toshkent tibbiyot akademiyasi 1-klinikasi pediatri, “Pulmonologiya” bo‘limi mudiri Gulnoza Yuldasheva quyidagilarni bizga so‘zlab berdi.
– Kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olish muhim ahamiyatga ega. Bizning bo‘limimizda yuqori va quyi nafas yo‘llari yallig‘lanishi, o‘tkir hamda qaytalanuvchi bronxit (bronxlar yallig‘lanishi), o‘tkir pnevmoniya bilan xastalangan 1 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bemorlar davolanadi. Davolash ishlarida akademiyaning “Bolalar kasalliklari” kafedrasida faoliyat yuritayotgan professorlar, dotsent, assistentlar bilan birgalikda malakali oliy toifali shifokorlar hamda hamshiralar sidqidildan xizmat qilishadi. Asosiy vazifamiz kasalliklarni davolash bilan bir qatorda bolalarda uchraydigan turli xastaliklarning oldini olish, ularni sog‘lomlashtirish, oilada sog‘lom turmush tarzini shakllantirish borasida targ‘ibot ishlarini olib borishdir. Bola tug‘ilganidan keyin uni ona suti bilan boqish muhim ahamiyatga ega. Ona suti tarkibida zarur bo‘lgan vitaminlar va makro hamda mikro mineral moddalar, yog‘lar va uglevodlar mavjud. Savdo shoxobchalarida emizikli bolalar uchun turli sun’iy ozuqalar ko‘p bo‘lishiga qaramasdan ona sutini hech bir ozuqa bilan almashtirib bo‘lmaydi. Bundan tashqari ona suti bolani turli xil kasalliklardan asrovchi immun omillarni o‘z ichiga oladi. Ko‘krak sutining harorati ham chaqaloqning ovqat hazm qilishini yengillashtiradi. Bolani ko‘krak suti bilan boqayotgan onalar to‘yib uxlashi, sifatli ovqatlanishi, ayniqsa, meva-sabzavotlar, sutli mahsulotlarni ko‘p iste’mol qilishi maqsadga muvofiqdir. Emizikli go‘dagi bor onalar muntazam ravishda ochiq havoda sayr qilishi lozim. Ushbu shartlarning bajarilishi bolaga zarur miqdordagi sutni yetkazib berish imkonini beradi.
Bolada qay paytda yashirin isitma vujudga keladi? Albatta immuniteti past bolada shunday holat yuzaga kelishi tayin. Bundan tashqari bola ilgari turli xil yuqumli kasalliklar bilan xastalangan bo‘lib uni to‘liq davolamaslik oqibatida ham yashirin isitma vujudga keladi. Bunda bolaning holsizlanishi yoki yuzlarining qizil tusga kirishi hamda kamharakatlik seziladi. Bunday vaqtda ota-ona bolani o‘zboshimchalik bilan davolashga kirishishi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Bolaning immuniteti past bo‘lsa, uni normal holatga keltirish uchun nimalarga ahamiyat berish lozim? Turli xil yuqumli kasalliklarni boshidan o‘tkazgan bolalarda hamda organizm uchun kerakli bo‘lgan moddalardan oqsil, uglevod, yog‘larning yetishmasligi oqibatida immun tizimi faoliyati pasayishi kuzatiladi. Buning oqibatida bolalar turli xastaliklarga tez-tez chalinadi. Bunday hollarda bolani sifatli va to‘yimli ovqatlantirish, ochiq havoda sayr ettirish, vitamin va minerallarga boy meva-sabzavotlarni iste’mol qilishini nazorat etish hamda fitoterapiya (turli dorivor giyohlardan va quritilgan meva hamda reza mevalardan tayyorlangan sharbatlar)dan foydalanish yaxshi natija beradi. Yuqumli kasalliklarning tarqalishi va ularning oldini olishda chaqaloqlar va 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarni o‘z vaqtida emlatish katta ahamiyatga ega.
Ko‘pincha ota-onalar bola gripp yoki O‘RVI (o‘tkir respiratorli infeksiyalar) va yana shu kabi turli yuqumli kasalliklar bilan og‘risa o‘zbilarmonlik bilan dorixonadan turli xil dorilar, antibiotiklar xarid qilib davolashga harakat qilishadi. Bu holat juda noto‘g‘ridir. Chunki, xastalikni davolayman deb yana bir kasallikka keng yo‘l ochishingiz mumkin. Shifokor tavsiyasisiz iste’mol qilingan va pala-partish qo‘llanilgan dori vositalari faqat zarar yetkazadi, xolos.
“Bolalar kasalliklari” kafedrasida klinik ordinatorlar Dilnoza Samatova, Nargiza Karimova, Mo‘tabar Mardiyeva, malakali shifokorlar bilan bir qatorda Saodat Rasulova, Shoira Yo‘lchiyeva, Mahfuza Is’hoqova, Nafisa Abdullayeva, Dildora Akbarova singari qo‘li yengil hamshiralar ham mehnat qilishadi. Ularning barchasi bemorlar boshida tunu kun parvona bo‘lib, ularning sog‘ayib hayotga qaytishi uchun sidqidildan xizmat qilishmoqda.
Darhaqiqat, toza va saranjom-sarishta, ozoda hamda barcha qulayliklarga ega shifoxonada bemorlarning qay biri bilan suhbatlashmang ularning yaratilgan sharoitlardan mamnunligini bilib olasiz.
Jamila HAYDAROVA