Shogirdlarim yutug‘i

qalbimda faxr-iftixor hissini uyg‘otadi, – deydi sport murabbiyi, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi

Roziya Abunasova.

– Oldingi mashg‘ulotda o‘tgan mashqlarimizni kim ko‘rsatib beradi, – mayin ohangda so‘raydi murabbiy shogirdlaridan. Sho‘x-shodon bolalar qo‘llarini ko‘targancha “men-men”, deya bir-biriga gal bermay oldinga intilishadi. – Hammangiz vazifani yaxshi o‘zlashtirganingizdan xursandman, qani navbati bilan boshladik, – deydi ustoz ularni tinchlantirar ekan, mamnun ohangda.

II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi, badiiy gimnastika bo‘yicha yoshlar murabbiyi, fidoyi ustoz Roziya Abunasovaning har bir kuni ana shunday quvonchli, shirin tashvishlar bilan o‘tadi. Buxoro viloyatining Peshku tumanidagi 19-sonli Bolalar va o‘smirlar sport maktabida qator yillardan beri murabbiylik qilib kelayotgan bu opani ko‘pchilik hurmat bilan tilga oladi. Ilk mehnat faoliyatini “Yosh kuch” sport jamiyatida boshlagan R.Abunasova viloyatda bolalar sportini rivojlantirishdek mas’uliyatli ishga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.

Buxoro Davlat pedagogika institutining jismoniy tarbiya fakultetini tamomlagan Roziya o‘z ustida mustaqil ishlab, olgan bilimlarini amaliyotda yanada mustahkamladi.

Peshku tumanidagi 19-sonli BO‘SMga sport murabbiyi sifatida ishga qabul qilingan R.Abunasova badiiy gimnastika bo‘yicha qizlarga saboq berishni boshladi. 2004 yilda Badiiy gimnastika bo‘yicha viloyat musobaqasida ishtirok etgan sportchi qizaloqlarning g‘alabasidan so‘ng ko‘pchilik ota-onalar farzandlarini sport bilan shug‘ullantirish maqsadida unga murojaat etishdi.

– Shogirdlarimning viloyat va respublika miqyosida o‘tkazilayotgan musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etayotganlarini ko‘rib faxrlanaman va ularning yutuqlari menga kuch bag‘ishlaydi, – deydi Roziya Abunasova. – Shogirdlarimdan biri Bahriniso Ergasheva Buxoro shahar terma jamoasi a’zosi bo‘ldi. U hozirda Olimpiya zahiralari kollejida o‘qiyapti. 2012 yilda shogirdim “Sport ustasi” bo‘ldi. 2013 yilda Samarqandda sport kollejlari o‘rtasida o‘tkazilgan respublika musobaqasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, 2014 yilda o‘tkazilgan “Umid nihollari” sport musobaqalarining viloyat bosqichida 5-7-sinf o‘quvchilari 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 8-9 sinflar o‘rtasidagi musobaqalarda Peshku tumani jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Badiiy gimnastika bo‘yicha 2000 yilda tug‘ilgan qizlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan yakkalik bellashuvlarida esa Mastura Ortiqova hamda Sitora Qilichevaning 1-o‘rinni egallagani ota-onalar bilan bir qatorda menga ham quvonch bag‘ishladi.

R.Abunasova soat 8.00 da Peshku tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilariga badiiy gimnastika sirlarini o‘rgatadi. Bugungi kunda 200 nafarga yaqin qizaloqqa ushbu sport turini o‘rgatib kelayotgan murabbiya ota-onalarga o‘g‘il bolalarni ham sport gimnastikasiga jalb etish haqida taklif kiritdi. Bu, albatta, o‘g‘il bolalarning jismonan sog‘lom bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu kungacha uning qo‘l ostida shug‘ullanayotgan o‘g‘il bolalarning soni 150 nafarga yetgan.

Yana o‘qing:  Baxtli yashash kaliti

Qator yillardan beri o‘z ishiga sidqidildan mehr qo‘yib faoliyat yuritib kelayotgan R.Abunasovaning xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib baholanib, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni hamda 2011 yilda II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlandi.

Bugungi kunda bu jonkuyar murabbiy o‘g‘il bolalar o‘rtasida sport gimnastikasi hamda qizlar o‘rtasida badiiy gimnastikani yanada kengroq rivojlantirish maqsadida gimnastika xonasini sport inventarlari bilan qayta jihozlamoqda. Uning ulkan ezgu ishlarni amalga oshirishida BO‘SM hamda MTMlar rahbarlari va ota-onalar yaqin ko‘makdosh bo‘lmoqda.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: