RIMDAN XUSHXABAR
Italiya poytaxti Rim shahrida bo‘lib o‘tgan “PRIMAVERA ROMANA” nomli II xalqaro musiqa ko‘rik-tanlovida bir guruh o‘quvchilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Yoshlarimizning turli xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtiroki so‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarni ham ma’nan ham jismonan sog‘lom va barkamol qilib voyaga yetkazish yo‘lida olib borilayotgan islohotlarning natijasidir desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Sport, san’at, fan va ta’lim yo‘nalishlarida mamlakatimiz va xalqaro miqyosda yoshlarimiz tomonidan qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar sonining ortib borishi esa istiqlol bergan imkoniyatlardan unumli foydalanish natijasidir.
Avval xabar qilganimizdek Ispaniya va Rossiya Federatsiyasida bo‘lib o‘tgan tanlovlarda musiqachilarimiz g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi.
Bugun esa Italiya poytaxti Rim shahrida o‘tkazilgan “PRIMAVERA ROMANA” nomli II xalqaro musiqa ko‘rik-tanlovida Toshkent viloyati Chirchiq shahar 7-son Bolalar musiqa va san’at maktabining 7 nafar o‘quvchisi ishtirok etib qaytdi. Mazkur tanlov 9 ta yo‘nalish 6 ta yosh toifasida tashkillashtirilgan bo‘lib, unda o‘quvchilarimiz Fransiya, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Ozarbayjon va Italiya davlatlari vakillari bilan bellashdilar.
Tanlovda musiqachilarimizdan David Pogosyan, Mariya Vaxrusheva, Lola Inkarova fortepiano, Suleyman Alimov saksofon, Lenara Zakirova akadem xonandalik yo‘nalishlarida o‘z yosh toifasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Meyirjan Karamanov va Jangali Aqlov akadem xonandalik bo‘yicha ikkinchi o‘ringa munosib deb topildi. Ular tashkilotchilarning diplomlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Ma’lumot uchun, 2015 yildan hozirgi vaqtgacha bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilaridan 48 nafari turli xalqaro tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar.
Sh.XO‘JAQULOV