Iste’molchilar murojaati mas’uliyatimizni oshiradi
Mamlakatimizda elektr quvvati ishlab chiqarish uchun sarflanadigan resurslar qanchalik ko‘p bo‘lmasin, ular cheklangandir. Shu sababli elektr energiyasi manbaini ishlab chiqarish va uni behuda sarflamaslik, undan oqilona tejab-tergab foydalanish davlat ahamiyatiga molik masalalardan biri hisoblanadi.
Shuni unutmaslik lozimki, davlat mulki sanalgan elektr quvvatidan noqonuniy ravishda foydalanish, uning iste’moliga nisbatan e’tiborsizlik tufayli iqtisodiyotimizga jiddiy zarar yetkazish mumkin. Shunisi quvonarliki, so‘nggi yillarda “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi faoliyatini, xususan, iste’molchi va fuqarolar bilan ishlash tizimini takomillashtirish yo‘lida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shunday chora-tadbirlardan biri Toshkent shahar bo‘limi tomonidan tashkil etilgan “Ochiq eshiklar” kunidir.
“Ochiq eshiklar” kunida elektr energiyasi iste’molchilari tomonidan tushgan murojaatlar qabul qilinib, inspeksiya va energiya ta’minoti korxonalari xodimlari tomonidan yuzaga kelgan muammolar yechimini topishda amaliy yordam ko‘rsatilib, kerakli maslahatlar berib kelinmoqda. Qo‘llanilayotgan choralar ish unumdorligi, sifat va samaradorlikni oshirish hamda elektr energiyasidan to‘g‘ri foydalanishda, shuningdek, turli noqonuniy holatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Doniyor ABBASOV,
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi Toshkent shahar bo‘limi inspektori