Hayot daraxtidan mo‘jizaviy malham
Ona tabiatning siru sinoatlarga to‘la mo‘jizalari bisyor. Yer kurrasida xalq tabobatida qo‘llanadigan shifobaxsh giyohlar dov-daraxtlar hamisha qadrlab kelingan. Marokash kengliklarida o‘suvchi argan daraxti ham o‘zining noyob va shifobaxshligi bilan ajralib turadi
Uni noyob deb atashimizga sabab shundaki, daraxtdan bir litr argan moyini olish uchun 100 kg sarxil mevaga 12 soat ishlov beriladi. Va shu hajmdagi yog‘ uchun 6-7 daraxtdan meva terib olish kerak bo‘ladi. Hozirda bu noyob yog‘ni yurtimiz dorixonalaridan ham topish mumkin. Bu mahsulot kosmetologiya olamida o‘zining noyob va tezda samarali ekanligi bilan qimmatbaho sanaladi. Argan moyi xalq tabobati, zamonaviy tibbiyot hamda pazandachilikda ham keng qo‘llaniladi. Shuning uchun yerlik aholi mazkur daraxtni “Hayot daraxti” deya e’zozlashadi. Argan moyi turli salat, yengil gazaklarga, baliqli taomlarga o‘ziga xos xushta’m yong‘oq mazasini beruvi xususiyatiga ega. Shuningdek, nihoyatda foydali hamdir. Noyob, sezilarsiz o‘zining iforiga ega mazkur argan moyi tarkibida kimyoviy moddalarning kompleksi: turli kislotalar, Ye vitamini (hatto zaytun yog‘idan ham ko‘p ), inson terisi uchun zarur bo‘lgan sterollar mavjud. Uning tarkibidagi mikroelementlar nafaqat qondagi xolesterin tarkibini kamaytiradi, ichak orqali qonga singgishiga to‘sqinlik qiladi. Argan moyi tarkibidagi Ye vitamini yurak qon tomir tizimining faol ishlashiga ko‘maklashadi. Kislotalarning umumiy kompleksi esa organizmning yallig‘lanishga qarshi xususiyatini oshiradi. Argan moyi bilan uqalash orqali yog‘ tezda teri orqali qonga va suyakka singgib, to‘qimalar faoliyatining buzilishiga to‘sqinlik qiladi. Bo‘g‘imlardagi og‘riqdan xalos etadi.
Olimlarning o‘tkazgan tajribalariga ko‘ra argan moyini muntazam iste’mol qilib turgan kishilarda gipertoniya (arterial qon bosimining oshib ketishi) kasalligining rivojlanishi 50 foizga kamayar ekan. Shuningdek, jigar faoliyatiga samarali ta’sir ko‘rsatadi. Terining qarish jarayonini sekinlashtiradi. Mushaklarni sog‘lom va baquvvat saqlaydi. Yoshga oid o‘zgarishlarni to‘xtatadi. Argan moyi turli allergik toshmalardan sizni xalos etib, bolalarda taglik sabab yuzaga kelgan toshma, diatezlarda samaralidir. O‘smirlikka oid husnbuzar va turli toshmalarni yo‘qotadi. Yaralarni bitib ketishiga ko‘maklashadi. Shuning uchun marokashlik har bir oilaning tibbiy qutichasida argan moyining bo‘lishi tabiiy. Argan yog‘i quruq yuzlarga samarali ta’sir etib, mayda ajinlarni tekislaydi. Jumladan, ko‘z atrofidagilarni ham. Terini mayinlashtiradi, uning sog‘lom va xushro‘yligini ta’minlaydi. Elastikligini saqlab qolishga yordam beradi. Yengil turdagi chandiqlarni yo‘qotishga, shilingan terilarni tezda tuzalishiga ko‘maklashadi. Muammoli yuz terisi uchun qora zira va argan moyi teng miqdorda qo‘shilib, terining zararlangan qismiga ertalab va kechqurun surtilsa yaxshi natija beradi. Shuningdek, nozik qovoqlar uchun juda yaxshi parvarish vositasi sanaladi. Teri sohasidagi po‘st tashlash jarayonini oldini oladi va davolaydi.
Yuz uchun argan moyidan tayyorlangan niqob: bir osh qoshiq argan moyiga bir osh qoshiq asal solib bir xil massa hosil bo‘lgunga qadar aralashtiriladi. Yuz terisiga surtib, uni 15 daqiqaga qoldiring. Bu niqob terining yumshatadi, namlantiradi, tetiklashtiradi. Niqobni lablaringizga ham surtishingiz mumkin.
Sochlaringizni qazg‘oqdan xalos etishni istasangiz bosh yuvishdan yarim soat oldin argan yog‘ini soch ildizlariga yengil uqalab surtasiz. So‘ng soch uzunligi bo‘ylab silanadi yoki taroqqa argan moyini tomizib yengil tarash lozim. Chakamug‘ hamda argan moyining aralashmasini sochlaringizga 30 daqiqa davomida surtib qo‘ying. Bu usul sochlaringizni mustahkamlaydi. Quruq va sinuvchan sochlar uchun esa bir choy qoshiq argan yog‘i, ikki choy qoshiq zaytun yog‘i, tuxum sarig‘i, besh tomchi marvarak yog‘i 10 tomchi lavanda (havorang yoki binafsharang gulli, xushbo‘y, doim yashil o‘simlik) yog‘i solingan niqobdan foydalanish mumkin. Sarxil limon suvini argan moyi bilan aralashtirib soch ildiziga surtiladi. Issiq sochiqqa o‘rab yarim soatdan so‘ng yuviladi. Soch to‘kilganda esa ikki osh qoshiq argan moyiga besh tomchi zira yog‘ini solib, soch ildiziga surtiladi. Sochiqqa yarim soat o‘rab so‘ng yumshoq shampun bilan yuvib tashlanadi. Shuni unutmangki, mazkur moyni sotib olishdan oldin uni haqiqiyligiga ishonch hosil qiling. Sababi tabiiy hech qanday aralashmasiz bo‘lgan yog‘ hidsiz va mayin bo‘ladi.
Ma’rifat TOLIPOVA tayyorladi