Ko‘rmanaga atalgan beshiklar
– Olganingiz oltin bo‘lsin! Ilohim, sizlar ham mendek farzandlaringizning huzur-halovatini ko‘rib yuringlar, bolalarim…
Mirzamahmud ota farzandlari davrasida har doim ana shunday oq fotiha beradi.
Duolar Ollohning qudrati ila ijobat bo‘ladi, – deydi xalqimiz.
Namangan viloyati Beshqo‘rg‘on qishlog‘ida dehqon oilasida dunyoga kelib, suyagi mehnatda qotgan Mirzamahmud ota Sattiboyev yoshlikdan tirishqoq, bilimga chanqoq, ayniqsa, tarixiy qadriyatlarga qiziquvchan inson. Qiziqish va intilishlari bois u Farg‘ona Davlat pedagogika institutining tarix fakultetiga o‘qishga kirdi. Institutni tugallab Beshqo‘rg‘on qishlog‘idagi 22-umumta’lim maktabida tarix fanidan dars bera boshladi. Pedagoglik faoliyati mobaynida ustozlaridan ibrat oldi, shogirdlar yetishtirdi. Bugungi kunda uning o‘quvchilari yurtimizning turli burchaklarida el-yurt koriga yarab kelmoqdalar.
Hayot bamisoli daryoga o‘xshaydi. Yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan Mirzamahmud ota Sattiboyev 9 nafar farzandini ayoli Dilbarxon aya (Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin) bilan voyaga yetkazdi. Ularni oliy ma’lumotli, kasb-hunarli qildi.
– Biz bugun ajdodlarimiz orzu qilgan dorilomon kunlarda farovon hayot kechirmoqdamiz. Buning uchun Yurtboshimizdan, hukumatimizdan har qancha minnatdor bo‘lsak arziydi. Yurtimizda keksalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik boshqa hech bir mamlakatda topilmasa kerak. Bu yilning Keksalarni e’zozlash yili deb nomlanishi ham fikrimga yaqqol dalildir – deydi shukronalik ila Mirzamahmud ota.
“Har kim ekkanini o‘radi”, – deydi dono xalqimiz. Mirzamahmud ota farzandlarini qanday tarbiyalab, mehr bergan bo‘lsa, bugungi kunda ular otani ana shunday ardoqlamoqda. Otaning farzandlaridan biri qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritadi, yana biri huquqshunos, uch nafari esa ota kasbini egallagan pedagoglardir.
Bayram va tavallud kunlarida boboning quchog‘i sovg‘a-salomga to‘lib ketadi.
– Ota-onaning mehr-muhabbatidan qimmatli narsa yo‘q, dunyoda. Ularni e’zozlash esa biz farzandlarning burchimizdir. Chunki ular bizga shunday mustaqil yurtni, oydin va farovon hayotni baxshida etishdi. Bugun otamizning o‘ttizga yaqin nevara-chevaralari atrofida parvona, – deydi Mirzamahmud otaning qizi Zamira Mirzayeva.
Ha, keksalik shunday bir davrki, kishi biror mehnat bilan mashg‘ul bo‘lmasa, zerikib qolarkan. Mirzamahmud ota ham xalq tabobatidan biroz xabardor va o‘z yaqinlarini tabobat yo‘li bilan davolashni biladi.
Eng qizig‘i, bobo nafaqaga chiqish oldidan so‘nggi marta poytaxtga malaka oshirishga keladi va bir kasbdoshi bilan tanishadi. Keyin bilsa, u bo‘sh vaqtlarida beshik yasarkan. Tarix va milliy qadriyatlarga qiziqqan va uning tubiga yetmay qo‘ymaydigan Mirzamahmud Sattiyev ta’tilda o‘sha tanishinikiga borib, unga shogirdlikka tushadi va beshik yasashni mukammal o‘rganib oladi.
Hozirda Mirzamahmud otaning “hobbi”siga aylangan beshiksozlik uning eng sevgan mashg‘uloti hisoblanadi. Hayratlanarlisi, ota biror marta bu beshiklarni sotgan emas. Mirzamahmud ota beshiklarini farzandlari va nabiralari, yaqinlari, oshna-og‘aynilari farzand ko‘rganida sovg‘a tariqasida ko‘rmanaga olib boradi.
Farzand ko‘rish eng quvonchli voqea bo‘lsa, tug‘ilgan farzandga beshik sovg‘a qilish undan-da zavqli
Mirzamahmud otaning zerikishga vaqti yo‘q. Uning o‘quvchilari hozir ham eshikdan yo‘qlab kelishadi.
Muhimi, insonning hayotda yashab, o‘z ortidan yaxshi va ezgu amallar qoldirishi. Bizning qahramonimiz ham ana shunday fidoyi insonlardan.
Maryam AHMEDOVA