UCHAR GILAM FAQAT ERTAKLARDA BO‘LMAYDI
Xiva – bizning jonli tariximiz, bu dunyoga kelib ketgan qancha-qancha saltanatlar guvohi, yurtimizning, xalqimizning, millatimizning mislsiz o‘tmishidan, ota-bobolarimizning dahosidan, ma’naviy mulkimizning buyuk iqtidori va qudratidan dalolatdir.
Islom KARIMOV
Xiva – asrlar sirini o‘zida mujassam etgan Markaziy Osiyodagi tarixiy shahar. O‘tmish nafasi ufurib turgan obidalari, jahon bozorlarida xaridorgir ipagi bilan dunyoga mashhur bu o‘lka hamisha xorijlik mehmonlar nigohida. Ayniqsa, rang-barang gilamlarining tarovati o‘zgacha.
Yurtimizning har bir hududi o‘ziga xos hunarmandchilik buyumlari bilan bir-biridan farqlanadi. Xususan, Marg‘ilon shoyi atlaslari va do‘ppilari, Nurota kashtalari, Buxoro zardo‘zi buyumlarining dovrug‘i yetti iqlimga yoyilgan. Shular qatorida Xiva gilamlari bugun dunyoning ko‘plab muzeylaridan, xalqaro ko‘rgazmalardan joy olgan. Gilamlarda xalqimizning o‘ziga xos turmush tarzi, bebaho qadriyatlari va nozik san’at turlari aks etgan.
Xiva azaldan milliy hunarmandchiligi bilan butun Sharqda nom qozongan. Ichan qal’a obidasida “Ustoz-shogird” an’analarini davom ettirayotgan ko‘plab gilamdo‘zlarni uchratasiz. Ayniqsa, to‘rtta darvozaning biri – Ota darvozadan ichkariga kirar ekansiz ertaklardagi mo‘jizakor “uchar gilam”larni ko‘rgandek qalbingizni cheksiz hayrat egallaydi.
– Xiva gilamlarining jilosi shundaki, undagi naqshlar ko‘p yillik tarixga ega Ichan qal’a obidalaridagi eshik va ko‘shklar bezaklaridan olingan, – deydi Yoqubboy Xo‘ja madrasasida uzoq yillardan buyon gilamchilik bilan shug‘ullanayotgan Rayhon Matkarimova. – Masalan, Temuriylar to‘plami – 15 asr miniatyuralaridan olingan dizaynlar asosida to‘qilgan gilamlar va so‘zanalar. Xiva Mayolika to‘plami, ko‘zni qamashtiruvchi biryuzalar asosida tayyorlangan bo‘lib, ularning oq va to‘q ko‘k rangdagi shakllari Xivadagi qadimiy saroylarni bezab turibdi. Keyingisi Xiva yog‘och eshiklari va ustunlari to‘plamidir. U murakkab o‘yib ishlangan yog‘och eshiklar va ustunlarga asoslanadi. Temuriylar va Xiva mayolika to‘plamlari asl nusxada topilgan gilamlar va plitalar ranglarini o‘zida mujassam etadi.
Darhaqiqat, bu gilamlar tarix muhitini o‘zida aks etgani bilan qadrli va qimmatli hisoblanadi. U xorijliklarni ham aslo befarq qoldirmaydi. Yilning to‘rt faslida ham gilamdo‘zlarning ustaxonasidan xaridorlar arimaydi. Bu iqtisodni rivojlantirishga hissa qo‘shish bilan birga, hamyurtlarimiz va xorijlik do‘stlarimizning xonadoniga o‘zgacha shukuh bag‘ishlaydi.
Shu o‘rinda gilamning yaratilish tarixi haqida ham biroz to‘xtalsak. Tarixiy solnomalarda yozilishicha, gilam miloddan avvalgi VI-V asrlarga oid bo‘lib Tog‘li Oltoydan topilgan. U Axmoniylar davri forslari yoki O‘rta Osiyo qabilalari orasida tayyorlangan.
Xorazmdagi arxeologik qazishlar paytida miloddan avvalgi I ming yillikka mansub gilam namunasi topilgan. Gilam to‘qish bilan asosan ayollar shug‘ullangan. Bezaklarida yo‘lbars va tuya izlari, olma guli, uzum zangi, qalqon, o‘simliklar tasvirlangan.
– Xorazm vohasida azaldan ayollarning asosiy mashg‘uloti gilam to‘qish hisoblangan, – deydi Rayhon Matkarimova. – Gilam to‘qish uchun qirqilgan junlar yuvilib tozalanadi, temir taroqlarda taraladi, taralgan junlardan ip yigiriladi. Iplar turli tabiiy bo‘yoqlar bilan bo‘yaladi. Shuning uchun gilam ranglari o‘zgarmaydi va o‘zining sifatini yo‘qotmaydi.
Bugungi kunda Xorazmda to‘qilayotgan gilamlar kirib bormagan xonadon bo‘lmasa kerak. Zamonaviy dizayn va sifat mahsulotning xaridorgirligini ta’minlovchi omildir. Shu bois gilam to‘quvchilar eng avvalo sifat darajasiga ahamiyat qaratadi. Masalan, junlarni va ipaklarni bo‘yash uchun turli daraxt barglaridan maxsus bo‘yoqlar tayyorlanadi. Naqshlar dizayner tomonidan chiziladi. Xullas, birgina o‘rta hajmdagi gilamni tayyorlash uchun besh oy vaqt sarflanadi.
Ayni paytda “ochiq osmon ostidagi muzey”da bo‘layotgan o‘zgarishlardan ko‘zingiz quvonadi. Har tarafda ayyom shukuhi sezilib turadi. Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z shodiyonasi kunlarida gilamdo‘zlar ham o‘zining o‘zgacha uslubda to‘qilgan gilamlarini namoyish etishmoqda.
Dildora QARSHIBOYEVA,
Xorazm viloyati