Bahor maktubi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash a’lochisi, adiba Gulchehra Jamilovaga
Bahor bizni ham sog‘inib keladi, moviy osmonda havolanib, shamollar kuyida to‘lqinlanib, yomg‘irlar tilida tovlanib…Maysalar bo‘yidan, tuproq hovuridan, kurtaklar tovushidan uyg‘onadi tong. Tongda ayol qalbini ko‘raman, eshitaman. Uning yulduz ko‘zlari charaqlaydi, yo‘llari yaraqlaydi, yillar ulg‘ayib borgani sari cho‘qqilar yarqiraydi. Cho‘qqilar osmonga esh, bulutlarga yelka tutadi.
Ne-ne bahorlar qolmadi ortda… bolalik bahori, yoshlik bahori, poyimizga esa kumush bahor sep yoymoqda. Bu ham bir hikmat, bir marhamat, bir saodatdir.
Gulchehraning gul yillari orzular bilan tug‘ildi, tug‘ilmoqda, tug‘ilajak. U tinim bilmas mehnatkash va zahmatkash ijodkor, qo‘li shirin pazanda, ozoda uy bekasi, go‘zal farzandlar onasi, sevimli, sadoqatli yor…
Bolaligida qo‘lidan kitob tushmadi, bu o‘qituvchi otasining o‘gitlari. Xayolidan momolarining aytmishlari, rivoyatlari, allalari, kuylari ketmaydi. Bu onasidan qolgan hayratlar. Bularni aytmasa bo‘lmas!
Yoshlik bog‘larida qalamga do‘st tutindi, undan ayrilmadi. Qalam sehrini oq qog‘ozlarga to‘kdi, ko‘ngli yorishdi. Satrlar satrlarga, maqolalar maqolalarga, hikoyalar hikoyalarga, qissalar qissalarga ulandi. Buni bedor tunlar bildi, bunda kunduzlar kuldi.
Suvlar oqdi, unga qo‘shilib umr ham. Umrning ziynati ne, deb o‘yladi
u. Inson va hayot! U odamlarni yaxshi ko‘radi, do‘stlarni qadrlaydi. Har birida bir olamni kashf etadi. Bu nimadan? Albatta, mehrdan.
Bu uning ajoyib xitoblari “Umr hikmatlari”, “Qoyadagi atirgul”, “Moviy barqut siri”, nashr etilajak “Yorug‘ kun”da o‘z aksini topdi. Gulchehra go‘zal adiba, tili ravon va jozibali. Voqealar rivoji to‘lqinli, dardlari qalqib-qalqib o‘quvchi ko‘ksiga uriladi. U qizlar, onalar, momolar qiyofasi, dunyosini o‘ziga xos talqinda ifodalaydi. Ular shunisi bilan qadrliki, yaqinki, barchasi biz bilan yashaydi, yonginamizda nafas oladi, birga-birga qadam tashlaydi. Biz ularni ba’zan ko‘rib ko‘rmaymiz, bilib bilmaymiz, tinglab tinglamaymiz. Adiba bizga ularni ko‘klam gullariday tutadi, suvlar shivirida tinglaydi, go‘yoki ularni avvaldan bilgandek…
Gulchehra Jamilova Samarqand viloyatining Jomboy tumanida o‘sib ulg‘aydi. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil oldi. Matbuot sohasida halolligi bilan tanildi. Xususan, “Saodat” va “Sihat – salomatlik” jurnallari uning uchun maktabga aylandi. Ustozlarni mehrini qozondi. Yurtimiz bo‘ylab safarlarida ko‘rganlari, bilganlari, yozganlari. U o‘ziga xos rang yaratdi, o‘ziga o‘xshab yozdi. Bundan ustozlari ham, do‘stlari ham quvondi.
Gulchehra “Sihat-salomatlik” jurnalida 15 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Bu yerda tibbiyotning ulkan tilsimotlarini ilg‘adi. Inson salomatligining tabiat, ruhiyat bilan naqadar uyg‘unligi, falsafasini uqdi. Jurnalxonlarni o‘lkamiz tibbiyotiga munosib hissa qo‘shgan, qo‘shayotgan tibbiyot bilimdonlari, fidoyi shifokorlar fikrlari, ko‘rsatmalari, maslahatlarini to‘laqonli yetkazish yo‘lida hamon izlanishda. Har bir mushtariy savollari javobsiz qolmaydi, yangidan yangi mualliflar jurnal mundarijasini boyitmoqda.
– Tibbiyot sehrli olam, ayni paytda, tabiiy. U inson hayotida birlamchi o‘rinni egallaydi. Muhimi, eng avvalo, har birimiz o‘z salomatligimizga e’tiborli bo‘lishimiz kerak, deydi jurnal bosh muharriri o‘rinbosari Gulchehra Jamilova.
Qaldirg‘ochlar qanotida bahor xushxabarlari kelmoqda. Dunyoda yuragi quyoshlilar bor ekanki, ezgulik bardavomdir.
Oygul SUYUNDIQOVA,
shoira