Osoyishta yurtning bozorlari
el dasturxoni to‘kinligi xalqning tinch-totuv hayotidan darakdir
Bugun yurtimizning barcha go‘shalari yashil libosga burkanib, o‘zining betakror ko‘rku jamolini namoyon qilayotgan, ayniqsa, ko‘klam nafasi ufurgan sayin dillarda mehr-oqibat, saxovat, muruvvat kabi ezgu fazilatlar, yaratuvchanlik ishqi jo‘sh urgan shu nurafshon kunlarda barchamiz orziqib kutgan Navro‘zi olam kirib kelmoqda. Zero, Navro‘z hayot abadiyligi, tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovatining, ko‘p ming yillik milliy qiyofamiz, betakror urf-odatlarimizning betakror ifodasidir.
Ha, Navro‘z bahorning eng ommaviy va qadimiy bayramlaridan hisoblanadi. Avvallari qishdan sillasi qurib chiqqan xalq ayni shu davrni “ilik uzildi” deya ta’riflagan. Istiqlol yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida esa bu ibora tildan qolib bormoqda. Boisi qishloq xo‘jaligi tizimidagi serqirra o‘zgarishlar jarayonida bozorlarimiz to‘rt faslda ham oziq-ovqat mahsulotlari sarxil meva-sabzavotlar bilan to‘ldirilmoqda. Toshkent viloyati “Parkent dehqon bozori” MCHJdagi to‘kinlik ham fikrimizni tasdiqlaydi.
Hilola Ro‘ziboyeva,
Parkent agrosanoat va kasb-hunar kolleji talabasi, xaridor:
– Bozorga tez-tez savdo qilishga kelib turamiz. Bozor maydoni, do‘konlar biz xaridorlarning talabiga javob beradigan darajada kundan-kunga kengaymoqda, zarur va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirilmoqda. Albatta, bu bozor ma’muriyati tomonidan olib borilayotgan ishlarning natijasi, deb o‘ylayman. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatli, narxi ham cho‘ntakbop.
Toshkent viloyatida bugungi kunda 18 ta bozor xalqqa xizmat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, shulardan to‘rttasi o‘tgan yilgi moliyaviy faoliyati yakunlari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga erishgani bois Navro‘z bayrami arafasida “Toshkentviloyatbozorsavdo” uyushmasi tomonidan faxriy yorliq bilan mukofotlandi. G‘oliblar safida 2014 yilda 324 million so‘m sof foyda bilan chiqqan “Parkent dehqon bozori” MCHJ ma’muriyati ham bor. Buning boisi qator yillardan buyon bozor o‘zining to‘kin-sochinligi, toza va ozodaligi, hushmuomala sotuvchilari bilan xaridorlarni o‘ziga chorlab kelmoqda.
– Belgilangan ish rejasini yaxshi daromad bilan yakunlaganimiz bois Navro‘z bayrami arafasida bozor ma’muriyati tomonidan ishchi-xodimlarga mukofot puli ajratildi. Tuman aholisi uchun bayram dasturxoni yozildi. O‘z mehnat faoliyati davomida faollik ko‘rsatgan xodimlarga bozor ma’muriyati tomonidan “Tashakkurnoma” va bayram sovg‘alari topshirildi. Shu qatorda Parkent tumani “Nuroniy” jamg‘armasiga, tuman “Ko‘zi ojizlar” jamiyatiga, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari berib borishni yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi “Parkent dehqon bozori” MCHJ rahbari Ahror Saidmurodov.
Mazkur tashkilotdagi muhit bilan tanishish davomida o‘zaro hamjihatlik bo‘lgan joyda ish unumli, rizq mo‘l va barakali bo‘lishiga yana bir bor ishonch hosil qildik. Ayniqsa, ozodalikka, shaxsiy gigiyena qoidalariga katta e’tibor beriladigan bu dargohda savdo xodimlari uchun har olti oyda tibbiy ko‘rik tashkil etilgan. Sut va go‘sht hamda meva-sabzavot mahsulotlari doimiy sanitariya-gigiyena nazoratidan o‘tkaziladi.
Muzaffar Ro‘zimov,
xo‘jalik ishlari bo‘yicha ish yurituvchi:
– Eng avvalo bozor ma’muriyati binosi kapital ta’mirdan chiqarilib, xodimlar uchun ish sharoiti yaratildi. Ish vaqtida xodimlarning bir-biriga xalaqit bermasliklari uchun alohida xonalar ajratilgan.
Bozorda bahorgi ko‘kalamzorlashtirish ishlari ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bir gektar yerga turli gullar, manzarali daraxtlar ekish rejalashtirilmoqda. Aholining turmush darajasini yanada yaxshilash maqsadida tinib-tinchimas, yangilikka intiluvchan A. Saidmurodov suhbatimiz davomida dasturga kiritilgan “Gulbog‘” qo‘rg‘onida 20 ta ish o‘rniga mo‘ljallangan tomat va konserva mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxona hamda “Navbahor” qo‘rg‘onida yana bir kichkina ulgurji savdo qilishga mo‘ljallangan bozorcha ochish niyatini bildirdi.
Bozordagi 466 ta rastada 600 nafar kishining savdo qilishini inobatga olganda barchaning boshini birlashtirish, ularga bosh-qosh bo‘lish uchun tadbirkorlik va tajriba talab etiladi. Ayni damda bozor ma’muriyatida o‘ttizga yaqin xodim faoliyat olib boradi. Asosiysi barchaning ko‘ngliga yo‘l topa olish uchun yoshi ulug‘ ustozlar tajribasiga tayangan holda xodimlar bilan bamaslahat ish yuritish zarur.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA