Dilorom momoning yuzinchi bahori
Keksalarimizni e’zozlash, ularga izzat-ikrom ko‘rsatish xalqimizning azaliy udumlaridan. Ularning pandu nasihatlari, ezgu duolari ishlarimiz barakasini berib, yo‘llarimizni nurafshon qiladi. Ayniqsa, yuz bilan yuzlashgan keksalar suhbatida bo‘lish, duosini olish bizga hayot falsafasini anglatib turadi.
Qarshi shahrining “Qarliqbog‘ot” mahallasida umrguzaronlik qilib kelayotgan Dilorom momo Qiyomova ko‘klam maysalari yoqimli ifor tarata boshlagan yaqin kunlarda o‘zining yuzinchi bahori bilan yuzma-yuz bo‘ldi. Mahalla fayzi bo‘lgan onaxonning xonadoni hamisha mehmonlar bilan gavjum. Katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan xonadon sohibasining suhbati samimiy va yoqimli. Aslida ham turmush achchiq-chuchugini ko‘p ko‘rgan insonlarning fe’li shunday keng va muloyim bo‘lishiga ko‘nikib qolganmiz.
1915 yilda Qarshi tumanida tavallud topgan Dilorom Qiyomova G‘uzor tumaniga kelin bo‘lib tushadi. Turmush o‘rtog‘i Yo‘ldosh Shoymardonov kolxozda rais bo‘lib ishlardi. Dilorom Qiyomova ham uyda o‘tirib qolmadi. Turmush o‘rtog‘i bilan yonma-yon mehnat qildi.
Keyin turmush tashvishlari… Birin-ketin farzandlar dunyoga keldi. Farzandlarini tarbiyalash bilan birga xo‘jalik ishchilari uchun har kuni erta tongda to‘rt-besh tandir non yopardi. Shuningdek, kashtachilik, tikuvchilik bilan shug‘ullanardi. Toshqo‘ton qishlog‘ining xotin-qizlari momoning doimiy mijozlari edi.
Oradan qancha yillar, qancha suvlar oqib o‘tdi. Yillar silsilasi Dilorom momoning peshonasiga ajinlar soldi.
Momo hayot maktabi tarbiyasini ko‘p olgan. Shu yoshda ham xotirasi tiniqligi, gapga chechanligiga, ayniqsa, ko‘zoynak taqmasdan ignadan ipni bemalol o‘tkaza olishiga qoyil qolish kerak.
Bugun Dilorom momo farzandlari, kelinlari, nabira, evara, chevaralari davrasida, inson qadri yuksak qadrlangan mana shunday dorilomon kunlarga yetkazganiga shukrona aytib yashamoqda.
– Hayotning past-balandidan o‘taverib, qo‘limiz qavardi, belimizdan mador ketdi, – deydi Dilorom momo. – O‘sha yillari qornimizga emas, qadrimizga yig‘laganmiz. Dardimiz ichimizda edi. Shukrki, taqdirimizda shunday tinch, farovon va emin-erkin kunlarni ko‘rish bor ekan. Yurtboshimiz xalqimizga chin insondek yashash baxtini tuhfa etdi. Mustaqillik tufayli yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarish va yangilanishlarni ko‘rib, qaytadan yasharib, ishlagim keladi.
Onaxonning o‘g‘li Naim Shoymardonovning aytishicha, yerdan qahratonning zahri ko‘tarilishi bilan onasi uyda o‘tirolmay qoladi. Umri mehnatda o‘tgani sababli hali-hamon zuvalasi pishiq. Nevaralarning yoniga kirib, tomorqa yumushlariga andarmon bo‘lgisi keladi.
Keksasi bor oila naqadar fayzli. Hamisha mehmonga muntazir bunday xonadonning issiq ko‘k choyi, tansiq taomi bor. Ostonasi hamma vaqt pokiza, saranjom-sarishta.
Bayramlarda sovg‘a-salom ko‘tarib, onaxonning duosini olishga keluvchilar ko‘p. Mehnatdan charchamagan Dilorom momo ham ularni duo qilishdan charchamaydi.
Shohista BOZOROVA