Bayram – ko‘ngil shodiyonasi

“Odamlar-u, odamlar bog‘da bitgan bodomlar, bolalar-u bolalar, chamanda gul lolalar! Eshitmadim demanglar, eshitganlar jilmanglar! Bugun orziqib kutilgan Bahoroy va Navro‘zoyning tashrifini qutlash maqsadida katta tantana uyushtirilmoqda. Keling, o‘g‘il-qizlarimizning bellashuviga guvoh bo‘ling”.

Surxondaryo viloyatidagi 12-sonli “Mehribonlik” uyida tashkil etilgan Navro‘z bayrami jarchining ko‘tarinki chaqirig‘i bilan boshlandi.

Darhaqiqat, yurtimizdan qishning zamharir kunlari chekinmay turib purviqor tog‘lar va bepoyon kengliklardan tashkil topgan Surxon vohasida bodom kurtak yozadi. Quyoshning zarrin nurlari kiftini ilitgan bolalar boychechak va binafsha sayliga otlanadi. Yalpizu ismaloqlardan tayyorlangan taomlar dasturxonlarga ko‘rk beradi.

Muassasada Navro‘z bayramiga bag‘ishlab, “O‘lkamga xush kelding, Navro‘z!” nomli badiiy-musiqiy tadbir doirasida “An’analar beshigisan, Ona yurtim” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilmoqda. Termiz shahrining markazida bunyod etilgan, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan mazkur muassasaning hovlisi did bilan bezatilgan. Hovli peshtoqlariga ilingan rangorang pufaklar va bayroqchalar kishi ruhiyatiga bayram shukuhini olib kirsa, ajabmas.

O‘tov atrofiga “Mehribonlik” uyida faoliyat yuritayotgan to‘garak a’zolarining qo‘l mehnati, qizlarning zardo‘zlik va kashtachilikdagi eng sara qo‘l ishlanmalari qatorlashtirib qo‘yilgan. Mukammal loyiha asosida yasalgan samolyot va raketalarning maketlaridan tortib, nozik munchoqlardan yasalgan bejirim gullar, xalqimizning orzu-umidlaridan so‘z ochuvchi ajib so‘zanalar ko‘zni quvnatadi. Bayramning oltmishga yaqin mehmonlari, mutasaddi tashkilotlarning xodimlari milliylikni o‘zida jam etgan o‘tovni birin ketin ko‘zdan kechirishmoqda. Bugun “Mehribonlik” uyida tarbiyalanuvchi yetmish nafardan ziyod bolajon uch guruhga bo‘linib “O‘tov”, “Hayot”, “Hamaloy” nomlari ostida bellashadi.

– Bayramlar ko‘ngil shodiyonasi, – deydi bayram tashkilotchilaridan biri, muassasaning ma’naviy ma’rifiy ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Alisher Qilichev. – Hech kim bundan bebahra qolmasligi kerak. Shuning uchun bayramga muassasadagi barchani qamrab olishga harakat qilamiz. Zero, ana shu birgalikda harakat qilish ortida ahillik, mehr-muhabbat tuyg‘ulari shakllanadi.

Alisher akaning so‘zlaridagi tasdiqni muassasadagi 90 nafarga yaqin xodimlarning bolalardan tashkil topgan guruhlarga birikib, ishtirok etganidan ham bilish mumkin.

Bellashuv shartlarida hay’at a’zolari guruhlarning sahna ko‘rinishidagi saviya va ahamiyatliligini, o‘tovlarni milliy urf-odat va an’analariga sodiq qolgan holda bezatish hamda milliy taomlarning tayyorlanishi borasidagi qobiliyatiga alohida e’tibor qaratishlari ko‘zda tutilgan.

Яна ўқинг:  O‘rik guli

Bellashuv boshlanishi bilan har bir guruhdan ellikka yaqin ishtirokchilar bor mahoratiyu, iqtidorini namoyon eta boshladilar. Sahna ko‘rinishi shartida guruhlar milliylikni namoyish qilibgina qolmay, mehr-oqibat va yaxshilik kabi insoniylik fazilatlariga alohida urg‘u berdilar. Ijro etilgan sahna ko‘rinishlari zamirida yurtimizda amalga oshirilayotgan umuminsoniy qadriyatlarning aks ettirilgani uchun shartga ko‘ra “O‘tov” guruhi g‘olib deb topildi. Navbatdagi “Taomlar bahsi” shartida esa 175 turdagi milliy va lazzatli taomlari bilan ishtirok etgan “Hamaloy”dan o‘tadigani topilmadi.

Bayram dasturxoni did va mahorat bilan tayyorlangan tansiq va totli sumalak-u halim, ko‘k somsayu, ko‘k chuchvara kabi turli taomlar bilan to‘ldirildi. Bularning barchasini muassasada tarbiyalanayotgan pazanda o‘g‘il-qizlar mohir ustozlari bilan birgalikda tayyorlagan.

Tanlovning so‘nggi sharti – o‘tovni bezatishda esa “Hayot” guruhi nozik did hamda milliy an’analardan boxabar ekanini namoyish etdi.

– Farzandlarimizdan har qancha faxrlansak arziydi, – deydi muassasa rahbari Dilbar opa Suvonova. – Turli musobaqa va tanlovlarda hamisha yorug‘ yuz bilan qaytishadi. Bergan ta’lim-tarbiyamizni oqlashga, albatta, harakat qilishadi. O‘tgan yili Qarshi shahrida o‘tkazilgan “Qashqadaryo ochiq chempionati” sport musobaqalarida tarbiyalanuvchilarimizdan Shahnoza Primqulova, Nodira Amonqulova, Humoyiddin Mahmudov, Akmal Ikromovlar karate sport turi bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Termiz shahar “Surxon” sport majmuasida o‘tkazilgan “Karate” bo‘yicha Respublika ochiq chempionatida ham bolalarimiz umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi. Birgina bu emas, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Toshkent shahar Madaniyat va sport ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston Karate Milliy Federatsiyasi, Toshkent shahar “Bilol-Karate” sport klubi tashabbusi bilan tashkil etilgan yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan chempionatda Surxondaryo viloyatidan umumiy hisobda 26 nafar sportchi ishtirok etdi. Qo‘lga kiritilgan 25 ta medalning 6 tasida “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilarining hissasi borligi bizni quvontiradi.

Muassasada bolalar nafaqat sport sohasida, balki chet tilini o‘zlashtirish borasida ham bir qator yutuqlarga ega. Buni biz Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “My school” ya’ni “Mening maktabim” nomli insholar tanlovida “Mehribonlik” uyi faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritganidan anglashimiz mumkin.

Tashkil etilgan varrak saylida 20 nafardan ortiq o‘g‘il bola tomonidan yasalgan turli varraklar muassasaning samosini to‘ldirib, erkin va obod diyorda yanada balandroq uchishga intilayotgandek. Ular orasida Respublika “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazida o‘tkazilgan “Ulug‘bek yulduzlari” ko‘rik tanlovida birinchi o‘rinni egallagan va ayni damda “Mehribonlik” uyining “Aviamodel” to‘garagi a’zolari K.Annayev, Q.Mo‘minov, B.Toshpo‘latov, E.Ergashev kabi iqtidorli o‘quvchilar ham bor.

Яна ўқинг:  Ҳарбий ҳаёт менинг тақдиримда…

Navro‘z yaxshilik, umid va ishonch ayyomi sanaladi. Bolajonlarga e’tibor berib, ularning ko‘ngliga yo‘l topib kelajakda el koriga yarab, o‘z baxtini topishiga ko‘maklashish ana shu ayyomda yanada o‘z ifodasini topadi. Buni qarangki, muassasaning sobiq tarbiyalanuvchilari Sergey Nizomov, Yekaterina Nizomovalar Termiz shahridan, Ibodullo Sattorov, Murod Chorshanbiyevlar Sherobod tumanidan, Uchqun Qarshiyev va Laylo Chibirovalar Toshkent shahridan uy-joy bilan ta’minlangan. 2014-yilning avgust oyida yana 4 nafar tarbiyalanuvchilari Ibragim Ibragimov, Xoshim Ibragimov, Zebo Ibragimova, Shaxnoza Qurbonovalar Termiz shahridan tegishli tartibda uy bilan ta’minlandilar.

Ma’rifat TOLIPOVA,

Sog‘lom avlod” muxbiri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: