SOG‘LOM FARZAND –OILA BAXTI
Odam o‘z a’moli va baxtini o‘zi yaratadi. U hayotda to‘g‘ri yo‘lni ixtiyor etib, yuksaklikka erishishi, aksincha, yomonlik bilan tubanlik botqog‘iga botishi mumkin.
Bugun mamlakatimizda qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari haqida keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Lekin shunga qaramay, ayrim yurtdoshlarimiz hali ham orzu-havas ortidan quvib, o‘z farzandlarining hayotini barbod qilmoqda. Achinarlisi, qondoshlik rishtalarini bog‘lash oqibatida nogiron farzandlar dunyoga kelmoqda.
Bir umr nogiron farzandni parvarishlash, ruhiy xasta “aybsiz aybdor”larning ko‘ziga tik boqib yashash qanday azob. Bunday achchiq taqdirning hazilida kimni aybdor sanaymiz?
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi bolalar «Muruvvat» uyida 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan ruhiy xasta tug‘ilgan bolalarning 187 nafari tarbiyalanadilar. Muassasada bunday bolalarni tibbiy nazoratda saqlash, davolash, parvarishlash, ovqatlantirish, yuvib-tarash uchun 4 nafar vrach, 11 nafar hamshira, yuzga yaqin enaga, 30 nafar fidoyi hamshiralar faoliyat olib boradi.
Muassasada beshta bo‘lim mavjud. Jumladan, katta yoshdagi o‘g‘il bolalar, kichik yoshdagi o‘g‘il bolalar, doimiy yotoqli bolalar, katta yoshdagi qiz bolalar va kichik yoshdagi qiz bolalar bo‘limlaridan iborat. Xonalarni aylanar ekanman, hissiz-hayajonsiz bir nuqtaga tikilib yotgan taqdir tuhfalaridan benasib bolalarga qarab qalbim larzaga keladi. Yurak zirqirab, qalbdan bir nido otiladi: “Ey, begunoh murg‘aklar, sizning aybingiz nogiron yoki ruhiy xasta tug‘ilganingizmi? Hayotning zavqini, lazzatini tuymasangiz sizlarni azobga qo‘yib, ota-onangiz nega dunyoga keltirdi?”
…Bu Vatanda inson aziz, uning qadr-qimmati yuksak. Xasta qalb, xasta tan yurtdoshlarimiz ham davlatimiz himoyasida, g‘amxo‘rligi va doimiy e’tiboridadir.
“Muruvvat” uyida ruhiy xasta bolalar doimiy tibbiy nazoratda parvarishlanadi. Davolash bilan birgalikda ularga ta’lim-tarbiya beriladi. Buning uchun muassasada navbatchilik asosida faoliyat yuritadigan xodimlar har bir bola bilan individual tarzda shug‘ullanadi. Bu yerda ularning yashashlari va tarbiyalanishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, besh mahal ovqatlanish, fizioterapiya, sport zali, musiqa, tikuvchilik, rasm to‘garaklari, futbol maydonchasi, shuningdek, ularning qisman ta’limga layoqatlilari uchun darslar tashkil etilgan. Bolalar hovlidagi mavjud sport maydonchasida sog‘lomlashtirishga yo‘naltirilgan jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanadi.
Tarbiyalanuvchilar bilan alohida tarzda ish olib borish, ularni o‘z farzandidek parvarishlash, ovqatlantirish, yuvib-tarash, muassasa xodimlaridan mehr-muruvvat, bag‘rikenglik, insoniylik kabi yuksak fazilatlar egasi bo‘lishni talab etadi.
Ha, muassasada tarbiyalanayotgan ruhiy xasta bolalarga o‘z mehr va qalb qo‘rini, mehnatini baxshida etib kelayotgan fidoyi tarbiyachi va shifokorlarning xizmati haqiqatan, tahsinga loyiq. Buning samarasi o‘laroq, bolalarning fikrini shakllantirib, aqlini yanada rivojlantirib, turli sport o‘yinlari va to‘garaklarga jalb etish tufayli bir qancha yutuqlarga ham erishildi.
Jumladan, har yili “Muruvvat” uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan parolimpiya sport musoboqasida Qarshi bolalar “Muruvat” uyi ko‘p yil dan beri faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Ruhiy xasta bolalarni sog‘lomlashtirish ishlari muassasada yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Qarshi shahar Tibbiyot birlashmasi, 2-bolalar shifoaxonasi hamda Skrining markazi “Muruvvat” uyi tarbiyalanuvchilarini yilda ikki marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va davolash ishlarini amalga oshirishda o‘z ko‘magini ayamaydi. Muassasa tarbiyalanuvchilarining fikrlash va sezgilarini yanada oshirish maqsadida sensor xonalar tashkil etilib, musiqa xonasini zamonaviy jihozlash, ko‘ngilochar xonalar tashkil qilish ishlari amalga oshirildi. Talimarjon IES, “Dunyo-M” Ochiq aksiyadorlik jamiyati kabi homiy tashkilotlar tomonidan muassasada qo‘shimcha qayta qurish ishlari olib borildi. Fizioterapiya, sport va ma’naviyat zali, kirish foyelari qaytadan ta’mirlandi. Muassasada yangi binor qurilib foydalanishga topshirildi.
Sahifani Maryam AHMEDOVA tayyorladi.