O‘YINLAR ORQALI DUNYONI ANGLASH
Har qanday bola ham o‘yin o‘ynashni yaxshi ko‘radi. O‘yin bolada xatti-harakatlarni ko‘rish, eshitish, gapirish, harakat qilish qobiliyatini oshiradi. U o‘yin bilan biz yashayotgan dunyoni anglaydi. Shuningdek, odamlarni, buyumlarni va atrofida sodir bo‘layotgan voqea va hodisalarni o‘rganadi.
O‘yin orqali bola atrofdagilar bilan muloqotga kirishadi. Jumladan, maktabga, oila va jamiyatning to‘la huquqli a’zosi bo‘lishga tayyorlanadi.
Imkoniyati cheklangan bolaga o‘yin boshqalardan ko‘ra ko‘proq kerak bo‘ladi. Sababi bu omil bolaning har tomonlama rivojlanishiga yordam beradi. Qolaversa, bola harakatining kamayishi, umumiy holatining yomonlashishining oldini oladi.
BOLANI O‘YINGA QIZIQTIRISH
Bolaning o‘yin jarayonida u qanday harakatlar qilayotganini yoki qanday tovushlar chiqarayotganini kuzating. Uni ma’lum harakatlarni va tovushlarni qaytarishga undang, shuningdek, harakatlari sizga ma’qul bo‘layotganini farzandingizga ko‘rsating. Bola bilan gaplashib, kulib, yengilgina yelkasiga qoqib yoki quchoqlab to‘g‘ri bajargan ishi uchun rag‘batlantiring.
· Bolani biror harakatga undashdan oldin, u sizni tushunayotganini bilishingiz kerak. Bir vaqtda faqat ma’lum bir harakatni o‘rgatsangiz bola uni tez o‘rganib oladi. Unga yoqadigan va bajara oladigan faoliyatdan boshlang;
· Bolangiz bilan imkoni boricha turli qiziqarli o‘yinlar o‘ynang, bunga har kuni ma’lum vaqt ajrating;
· Bir oz bolaning o‘zi o‘ynashiga qo‘yib berib, so‘ng yana u bilan birga o‘ynashingiz mumkin;
· Jazolashingizni aytib bolani qo‘rqitmang. Agar qilishi kerak bo‘lmagan ishni qilsa, u bilan yumshoq, lekin qat’iy gaplashing, bu ish nimaga yomon ekanini tushuntiring;
· Farzandingizni boshqa bolalar bilan ham o‘ynashga undab turing. Bu holat uni boshqa insonlar bilan muomala qilishga o‘rgatadi.
IMKONIYATI CHEKLANGAN BOLALARNI ShAXSIY GIGIYENAGA O‘RGATISH
Kasalliklarni oldini olish maqsadida, bolalarni doimo tozalikka o‘rgatish lozim. Ozodalik ko‘nikmalarini ola turib, bola bu faoliyatni uning sog‘lig‘ini saqlashga yordam berishini anglashi kerak.
Yuvinish va cho‘milish
· Harakatlari cheklangan bolaga eng yengil va xavfsiz bo‘ladigan usul bilan yuvinishni o‘rgating. Masalan, jo‘mrak ostida, suv solingan vanna yoki tog‘orada o‘tirib, dastakli idish bilan ustidan suv quyiladi, shu bilan birga, bolaga, albatta, badaniga qo‘lqopli ishqalagich yordamida sovun surishni ko‘rsating;
· Agar bola sovunni qo‘lida ushlab tura olmasa, sovundan ip o‘tkazib bo‘yniga osib qo‘ying.
· Agar bolangiz bir qo‘lini qimirlata olmasa va to‘laqonli yuvina olishga imkoniyati bo‘lmasa, unga dastagi uzun bo‘lgan cho‘tka ishlatishni o‘rgating;
· Bolani har kuni tishini yuvishga odatlantiring, unga yoqmaydigan bu ishni qiziqroq o‘yinga aylantiring.
FARZANDINGIZNI MUSTAQIL OVQATLANISHGA O‘RGATING
Ovqatni va ichimliklarni mustaqil tamaddi qilishga o‘rganayotgan bolangiz serhazm va vitaminlarga boy ovqatlarni iste’mol qilishi kerak.
- Bola ovqat yoki suyuqlikni yutganda boshi bilan tanasini bir maromda to‘g‘ri ushlab turishni o‘rgating. Agar boshi orqaga ketib qolsa ovqatni yutishi qiyin bo‘ladi;
- Agar ovqat tishining o‘rtasiga turib qolsa, bola ovqatni og‘zidan chiqarib tashlashi mumkin. Shuning uchun yemakni tilining chetiga qo‘yishni o‘rgating. Bir qoshiq ovqatni tilining bir tomoniga, ikkinchi qoshiq ovqatni esa tilining ikkinchi tomoniga qo‘ying;
- Bolaga ovqat yoki ichimlikni og‘zining o‘rtasiga olib kelishni o‘rgating;
- Agar siz o‘rgatayotgan bola ovqat chaynashni bilmasa, buni o‘rgating. Qo‘lini jag‘iga qo‘ying, so‘ng qo‘lingizni uning qo‘li ustiga qo‘ying. Qo‘lingiz bilan jag‘ini qimirlating. Chaynaganda og‘zini yumib olishiga ahamiyat qiling. Agar boshi orqaga ketib qoladigan bo‘lsa, qo‘lingiz bilan ushlab turing;
- Agar suyuqlikni oddiy piyoladan ichadigan bo‘lsa ichimlik tomog‘iga tiqilib qolishi yoki nafas yo‘liga ketib qolishi mumkin. Lekin suyuqlik cheti qirqilgan plastmassa chashkada berilsa bola ichimlikni boshini orqaga tashlamasdan ichadi.
Yodingizda tuting! Har bir yangi o‘rgangan harakati uchun bolani albatta, maqtab, undan xursandligingizni ko‘rsatib turing. Shunda uning yangi xatti-harakatlarni o‘rganishga xohishi ortadi.
Eng asosiysi – sabr-toqat, mehribonlik bilan yaxshi o‘rgating. Aksincha, holatda esa vaqtingizni bekorga sarflagan bo‘lasiz.