BO‘LAJAK ONALAR MAKTABI

homilaning sog‘lom tug‘ilishiga zamin yaratadi.

Sog‘lom ota-onadan sog‘lom farzand tug‘iladi. Homilador ayolning tug‘ruqqacha bo‘lgan davrini beshikast o‘tkazishida umr yo‘ldoshi bilan bir qatorda yonidagi yaqin kishilar ham birdek mas’uliyatlimi? Kuyov va kelin bo‘lajak ota-onalik mas’uliyatini qay darajada tushunadilar?

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikadan bugungi kunda 27 ming nafarga yaqin fuqaro ro‘yxatdan o‘tgan. Mazkur raqamlarning olti mingdan ziyodini fertil, ya’ni tug‘ish yoshidagi xotin-qizlar tashkil etadi. Ona va bola salomatligini ta’minlash, sog‘lom farzandlar dunyoga kelishiga hissa qo‘shish maqsadida muassasa qoshida “Yosh onalar maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

– Ma’lumki, insonning reproduktiv salomatlik muhofazasini onaning homiladorlik davridan boshlash maqsadga muvofiqdir, – deydi akusher-ginekolog Gavhar Mavlonova. – Shu maqsadda poliklinikamiz akusher-ginekologlari bilan tug‘ruq yoshidagi hamda homilador ayollar bilan tez-tez suhbatlar o‘tkazib turamiz. Reproduktiv salomatlik insonning nasl qoldirishga layoqatli davridagi salomatligidir. Jumladan, homilador ayollarning bu davrda ratsional ovqatlanishi, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilish, o‘z vaqtida dam olish, to‘yib uxlashi, tibbiy ko‘riklardan o‘z vaqtida o‘tishi (jumladan, ginekolog ko‘rigi), belgilangan kun tartibiga rioya etishlarini, haftada uch marta homiladorlik davridagi maxsus yengil mashqlarni bajarib turishlarini tushuntiramiz.

Chunki, bo‘lajak farzandlarning to‘rt muchasi but, sog‘lom bo‘lib tug‘ilishlarida onaning salomatligi muhim ahamiyatga ega. Kutilmaganda ular organizmida kechayotgan yuqumli gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar)ni o‘z vaqtida davolatmaslik va antibiotiklarni pala-partish ichishi homilaning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, uning tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘ilishiga sabab bo‘ladi. U turli viruslardan o‘zini himoya qilish uchun immunitetini ko‘tarishi shart. Bunda albatta ayolning umr yo‘ldoshi hamda yaqin kishilari ham birdek mas’uldirlar. Ular og‘ir yuk ko‘tarish, ortiqcha ruhiy va jismoniy zo‘riqish homiladorlar uchun zararli ekanini tushungan holda unga suyanchiq bo‘lishlari kerak. Biz homilador ayollarga o‘z tavsiyalarimizni berar ekanmiz, ayniqsa, kundalik ovqatlanish ratsionida yetarli miqdorda vitamin, mineral moddalar va kam miqdorda uglevod, yog‘lar bo‘lishi lozimligini uqtiramiz.

Homiladorlik davrining qiyin kechishiga ba’zan homiladorlik toksikozi ham sabab bo‘ladi. Bu holatni bo‘lajak ona organizmidagi mavjud xastaliklar qo‘zg‘aydi. Homilador ayollar homiladorlik boshlanishida boshqorong‘u bo‘ladilar. Ya’ni, ularda ko‘ngil aynishi holati kuzatilib, tuzlangan bodring, baliq, kesak, qurt, gilvata yegisi keladi. Ba’zi bir ovqatlarning, yog‘ning hidi yoqmaydi. Ularda ko‘ngil aynishi, qusish alomatlari paydo bo‘ladi. Kamqonlik (anemiya) xastaligi bor homiladorlarda bosh aylanishi, uyqu buzilishi, uyquchanlik, serzardalik alomatlari kuzatiladi. Bularning bari albatta markaziy asab tizimi faoliyati bilan bog‘liqdir. Toksikozlarning ilk va kech turlari mavjud. Bunday paytda bo‘lajak onalar barvaqt ayollar maslahatxonasiga murojaat etib mutaxassislar tavsiyasiga rioya qilishlari muhimdir. Ilk toksikozlar ana shu jarayonda tez o‘tib ketadi. Lekin ba’zida homiladorlikning ikkinchi yarmida kech toksikozlar ham kuzatiladi. Buyrak faoliyatining susayishi bilan kechadigan nefropatiya, preeklampsiya va eklampsiya yuzaga kelishi mumkin. Ularning oldini olish maqsadida bo‘lajak onalardan mutaxassislarning maxsus tavsiyalariga amal qilish talab etiladi.

Mutaxassislarning fikricha homiladorlik davrida tish va milklarning ko‘proq zararlanish holatlari ham uchraydi. Ona organizmi ikki jon – bo‘lajak farzandi uchun ham faoliyat yuritadi. Ayniqsa, homilaning suyak tizimi rivojlanishi uchun ko‘proq kalsiy moddasi zarur bo‘ladi. Tarkibida kalsiy moddasi mavjud sut va sut mahsulotlari – tvorog, pishloq, yogurt, baliq, dukkaklilar, guruch, qora non kabi mahsulotlar ularning ovqatlanish ratsionida bo‘lishi shart.

– Akusher-ginekologlardan Gavhar Mavlonova, Gulsara Badalova, doyalar Gulnora Qodirova, Dildora Komilovalar biz bo‘lajak onalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va aniqlangan tashxis bo‘yicha salomatligimizni tiklashga, o‘zlarining mehri va shirin so‘zlari, kerakli tavsiyalari bilan yordam bermoqdalar, – deydi bo‘lajak ona Saodat Isamuhammedova. – Homiladorlikning so‘nggi bosqichida qon bosimi oshmasligi uchun o‘z vaqtida vitamin va minerallarga boy mahsulotlar bilan oziqlanish, parhezga rioya qilish, zarur bo‘lsa maxsus jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishimizga ular bosh-qosh. Oyoq vena-tomirlarida varikoz (venalarning yallig‘lanib, kengayishi)ning oldini olish maqsadida uy sharoitida amalga oshirish mumkin bo‘lgan qator tavsiyalar berishadi. Chaqalog‘imizni qo‘limizga olgach ularning parvarishi, ona sutining ahamiyati borasida ham tushuntirish ishlarini olib borishadi.

Yana o‘qing:  Tibbiy turizm: o‘zimizda...barchasidan a’lo

Ayol o‘z sog‘lig‘ini tiklab olmay turib yana tez-tez homilador bo‘lsa, ona va bola hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Chunki, tug‘ruqlar oralig‘i kamida uch yil bo‘lishi kerak. Shu vaqt oralig‘ida ona organizmi ancha tiklanadi. Yana bo‘lajak ota-onalar o‘zlarining sog‘lig‘iga, oilaning iqtisodiy sharoitiga ham qarab farzand ko‘rishni rejalashtirsalar to‘g‘ri bo‘ladi.

Homiladorlik davri asoratsiz kechishi, ona va bolaning salomatligi mustahkam bo‘lishi uchun tumandagi yigirmata hududda tibbiyot xodimlari navbatma-navbat aholi o‘rtasida keng qamrovli targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirmoqdalar.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: