TA’LIM SAMARADORLIGI YO’LIDA
Toshkent viloyati pedagogika kollejida “Tillarni o‘qitishni takomillashtirish – davr talabi” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar Pedagogika kollejining ustozlari va o‘qituvchilar bilan birgalikda o‘tkazilib, mazkur seminarda viloyatning 128 ta kollejidan 100 ga yaqin o‘qituvchilar ishtirok etishdi. Mazkur seminarning o‘tkazilishidan ko‘zlangan maqsad muassasalarda chet tillarini mukammal o‘qitish bo‘yicha tizimni yanada rivojlantirish, ta’lim samaradorligini oshirib, sohada yuzaga kelayotgan muammolarni atroflicha hal etishdan iborat.
Seminar Pedagogika kollejining o‘qituvchilari tomonidan ingliz, o‘zbek va rus tillarida olib borildi. Unda so‘zga chiqqanlar til o‘rganish jarayonidagi yutuq va kamchiliklarga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Shuningdek, seminar davomida “Ta’lim vositalari – ta’lim texnologiyasining tarkibi”, “Dars samaradorligini oshirishda interfaol metodlarning o‘rni” mavzusida ma’ruzalar tinglanib, mavzuga doir amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Turli savol-javoblar orqali mavzu yuzasidan bir qator masalalarga oydinlik kiritildi.
Tadbir so‘ngida seminar ishtirokchilari mavzuga doir o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishib, soha yuzasidan tajriba almashish imkoniga ega bo‘lganligini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
G. ShOMALIKOVA,
Parkent agrosanoat kolleji o‘qituvchisi