BADIIY GIMNASTIKA: UNDA MAHORAT VA NAFOSAT MUJASSAM
Poytaxtimizdagi respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar olimpiya zahiralari sport maktabida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan badiiy gimnastika bo‘yicha an’anaviy “Nafosat olami” sport festivali bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova ochib berdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Shundan so‘ng yosh iste’dodlar ijrosidagi ko‘rgazmali chiqishlar mehmonlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida buyuk kelajagimiz bunyodkori bo‘lgan navqiron avlodni har jihatdan sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashning muhim omillari – ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport sohalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bolalar sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar barkamol avlodni tarbiyalashning eng muhim omili sifatida yuksak samaralar berayotgani, yurtimiz sportini, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishning asosiy vositasi sifatida e’tirof etilmoqda. Shahar-u qishloqlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan muhtasham sport inshootlari o‘g‘il-qizlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etishga xizmat qilmoqda.
Yurtimizning barcha hududlarida turli sport musobaqalari tashkil etilayotgani yoshlarni sportga qiziqtirish, ularning g‘alabaga bo‘lgan intilishini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan o‘tgan yilda qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda qirqdan ortiq sport turi bo‘yicha mamlakat miqyosidagi ko‘plab sport musobaqalari o‘tkazildi.
Bu kabi ishlar samarasida sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan yoshlar safi tobora kengaymoqda. Jumladan, qizlar ham turli sport to‘garaklarida faol ishtirok etayotir. Sportni doimiy hamrohiga aylantirgan yoshlarning salomatlik ko‘rsatkichi yaxshilanib, dunyoqarashi kengaymoqda, ta’lim, sport va boshqa sohalarda yuqori natijalarga erishmoqda. Ushbu musobaqalarga 6 ming 782 nafar o‘quvchi-yoshlar jalb etildi. Quvonarlisi, ushbu ishtirokchilarning 2 ming 721 nafarini qizlar tashkil etdi. Bunday ezgu sa’y-harakatlarning natijasi yosh sportchilarning jahon sport arenalarida erishayotgan ulkan g‘alabalarida o‘z ifodasini topmoqda.
“Nafosat olami” sport festivalidan ko‘zlangan maqsad yoshlarni, ayniqsa, qizlarni ommaviy sportga keng jalb etish orqali salomatligini mustahkamlash, jismonan chiniqtirish, mustaqil hayotga tayyorlash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, jismoniy tarbiya va sportni yanada keng ommalashtirishdan iborat. Festivalda ikki yuz ellik nafar qiz sinxron suzish, suzish, suvga sakrash, badiiy va sport gimnastikasi, sport raqsi turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashmoqda.
– Xalqaro musobaqalarda ona Vatan sharafini himoya qilish har bir sportchi uchun ulkan baxtdir, – deydi sport gimnastikasi g‘olibi Farzona Xolboyeva. – Sportning har tomonlama rivojlantirilayotgani, nufuzli xalqaro musobaqalarda g‘alabalarga erishish uchun barcha sharoit yaratilib berilayotgani, cheksiz g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.
Musobaqaning birinchi kunida badiiy gimnastika bo‘yicha Samira Ahmedova, Yasmina Rahimova, Natalya Usova, Domenika Damirova, Kseniya Morozova, Kristina Pak shohsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, sport gimnastikachilaridan Farzona Xolboyeva, Naima Nig‘monova, Omina Saidumarova, Roksana Sharipova, Dildora Aripova, Aleksandra Shevchenko g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy egalladi.
G‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq va tinimsiz mashg‘ulotlar sportchi qizlarimizning navbatdagi muvaffaqiyatlariga zamin yaratadi. Ular qo‘lga kiritayotgan yutuqlar mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yoshlarimizning hech kimdan kam emasligi va kam bo‘lmasligining yana bir yaqqol ifodasidir.
N.NORBOBOYEV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri