GO‘ShT, SUT, QATIQ, QAYMOQ…
Bu turdagi mahsulotlarning sifatiga qo‘yiladigan talab va ularni iste’molchilarga yetkazib berish tartibi qanday?
Sut, qatiq, qaymoq… olinglar…” Bu kabi chorlovlar sizu bizga tanish. Bunga allaqachon ko‘nikib ham qoldik. Yaxshi-da, savdo do‘koniga ovora bo‘lib bormaysiz, mahsulotning o‘zi tayyor holda eshigingiz oldiga keladi. Qisqasi, rasmiylashmagan, bepul servis xizmati. Ammo… O‘sha mahsulotlarning sifatiga, saqlanish muddatiga, tarkibining nimalardan iboratligiga va boshqa holatlariga ko‘pam e’tibor qilavermaymiz. Xo‘sh, nega?
Bugun ayrimlarning sut mahsulotlarini hech qanday gigiyenik talablarga rioya etilmagan tartibda maxsus yelim idishlarga solib, bozorlarda, ko‘chalarda, chorva mollarini esa katta yo‘l bo‘ylarida, maxsus belgilanmagan joylarda so‘yib, sotayotganiga kunora duch kelamiz. Xo‘sh, aslida bu mahsulotlar qanday tartibda iste’molchilarga yetkazilishi kerak? Ularni saqlash muddati qancha? Bu borada mutaxassislar nima deydi?
QAYERDA SOTILADI?
– Kishi sog‘lom va baquvvat bo‘lsa, unda ishchanlik kayfiyati yuqori bo‘ladi, – deydi Qashqadaryo viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazining bosh shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Abdumalik Bo‘riyev. – Bunda ratsional ovqatlanish va xavfsiz oziq-ovqatlar muhim o‘rin tutadi. Chunki, inson organizmiga zarur bo‘ladigan vitamin, oqsil, uglevod va mineral elementlar oziq-ovqatlar orqali tanaga o‘tadi. Oziq-ovqat mahsulotlarining ichida ko‘p iste’mol qilinadigan sut va go‘sht mahsulotlari o‘zining mineral va vitaminlarga boyligi bilan muhim o‘rin egallaydi.
Gigiyenik talablarga ko‘ra, korxonalarda ishlab chiqarilgan sut va go‘sht mahsulotlari turg‘un savdo shoxobchalarida, sovutgichlarda saqlangan holda sotilsagina xavfsiz sanaladi. Chunki, mikroblardan tozalanmagan mahsulot turli yuqumli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Ushbu talablarga rioya etilmasdan saqlangan sut yoki go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida yuqumli kasalliklar, jumladan, brutsellyoz (oqsil), salmonellyoz va stafilokokkli xastaliklari kelib chiqadi.
Bundan tashqari to‘liq pishirilmagan go‘sht – qiyma yoki jigarli kaboblarning iste’mol qilinishi exenokokk, brutsellyoz kabi kasalliklarga chalinishga sabab bo‘lsa, pishirilmagan yoki noto‘g‘ri saqlangan sut mahsulotlari – qaymoq, smetana esa oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanishga sabab bo‘lib, me’da-ichak kasalliklarini yuzaga keltiradi.
TAMG‘A URILISHI KERAK…MI?
Qashqadaryo viloyat davlat veterinariya boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, chorvachilik mahsulotlari va xomashyosi savdo-sotig‘i faqat davlat veterinariya xizmatining ruxsati bilan maxsus ajratilgan joylarda veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya etgan holda amalga oshirilishi shart. Veterinariya mutaxassislarining nazoratisiz chorva mollarini so‘yish qat’iy man etiladi. Joylarda sotilayotgan go‘sht mahsulotlari hududiy davlat veterinariya nazoratidan o‘tadi. Shuningdek, dehqon bozorlaridagi go‘sht rastalari va yakka tartibdagi go‘sht do‘konlaridagi go‘sht mahsulotlari veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalari orqali oziq-ovqat uchun yaroqli deb topilgandan so‘ng o‘rnatilgan tartibda tamg‘alanadi va unga belgilangan shakldagi veterinariya-sanitariya ekspertizasi xulosasi beriladi. Veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya etmagan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bo‘yicha chora ko‘riladi.
YORLIQDAGI MA’LUMOTLARNI O‘QISHNI UNUTMANG!
Sut va sut mahsulotlari qadoqlangan idishlarning yorlig‘ida bir qator ma’lumotlar ko‘rsatilishi shart. Masalan, transport yorlig‘ida ishlab chiqaruvchining nomi, mahsulotning turi, miqdori, yaroqlilik muddati, maxsus hisob raqami ko‘rsatiladi. Mahsulot idishida esa ishlab chiqaruvchi korxona nomi, manzili, mulk shakli, telefon raqami, mahsulot nomi, uning energetik qiymati, tarkibi, maxsus hisob raqami, ishlab chiqaruvchining tovar belgisi (agar bo‘lsa), mahsulot turining nomi, miqdor ulushi, hajmi, saqlash sharoiti, yaroqlilik muddati (kun, oy, yil), muvofiqlik belgisi qayd etilgan bo‘lishi shart. Mahsulot eksportga chiqarilsa, “Made in Uzbekistan”, agar ichki bozorda sotilsa, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” jumlalari ko‘rsatilishi lozim.
“BAKLASHKA”DA SOTISH MUMKIN…MI?
– Bozorlarda va boshqa joylarda veterinariya shifokor (feldsheri) tomonidan xo‘jaliklardagi chorva mollarining sog‘lomligini tasdiqlovchi bir oy muddatga berilgan ma’lumotnoma bilan sotish uchun keltirilgan sut va sut mahsulotlarini veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalarida ekspertiza ko‘rigidan o‘tkazgandan so‘ng belgilangan sanitariya-gigiyena qoidalari talablariga javob beradigan savdo rastalaridagina sotishga ruxsat beriladi, – deydi Qashqadaryo viloyat davlat veterinariya boshqarmasi boshlig‘i Nodir Imomov. – Iste’molchilarga veterinariya ma’lumotnomasi bo‘lmagan, kelib chiqishi noma’lum sut va sut mahsulotlarini xarid qilish tavsiya etilmaydi. Sut va sut mahsulotlari solinadigan idishlar oziq-ovqat mahsulotlari saqlashga ruxsat etilgan materiallardan tayyorlangan bo‘lishi shart. “Baklashka” mumkin emas. Bu holatning oldini olish bo‘yicha hozirgi kunda viloyatimizda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, viloyatdagi mavjud dehqon bozorlarida joylashgan veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalari sut va sut mahsulotlarini ko‘rikdan o‘tkazishga mo‘ljallangan zamonaviy “Laktan” uskunasi bilan ta’minlangan.
72 SOATDAN ORTIQ SAQLASH TA’QIQLANADI
– Sut va sut mahsulotlari bir martalik maxsus idishlarda qadoqlanishi lozim, – deydi Qashqadaryo viloyat sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi qoshidagi “Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari”ni sertifikatlashtirish idorasi rahbari, ekspert-auditor A.Ismatov. – Xaridor sotib olayotgan sut va sut mahsulotlarining sertifikati borligi, sovutgichda saqlanayotgani, ishlab chiqarilgan muddatiga e’tibor berishi kerak. Qolaversa, sut mahsulotlarini sovutgichda ishlab chiqarilgan vaqtidan boshlab 72 soatdan ortiq saqlash mumkin emas. Masalan, uy sharoitida sog‘ilib, sotishiga mo‘ljallangan sut sakkiz darajagacha bo‘lgan issiqlikda saqlanib, 24 soat ichida sotib bo‘linishi shart. Pasterizatsiyalangan sutning yaroqlilik muddati 36 soat. Ular sovutgichlarda saqlanishi kerak. Noldan plyus sakkiz darajagacha bo‘lgan harorat oralig‘ida ularning tarkibi buzilmaydi. Qatiqning ham saqlanish tartibi xuddi shunday.
Mol go‘shtini esa sovutgichlarda va muzlatgichlarda uzoq muddat saqlash mumkin. Shunga muvofiq yangi so‘yilgan mol go‘shti ochiq havoda 6 soat ichida sotib bo‘linishi kerak. Muzlatilgan holda minus sakkiz darajadan yuqori bo‘lmagan haroratda saqlanishi maqsadga muvofiq.
1997 yil 30 avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunida majburiy sertifikatlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan mahsulotlarning sifati va xavfsizligini tasdiqlaydigan moslik sertifikati yoki muvofiqlik belgisi bo‘lgan taqdirdagina realizatsiya qilinishi belgilangan. Ularni chakana sotishga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan qoidalarga muvofiq tarzda, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ajratilgan joylardagina yo‘l qo‘yiladi.
QADOQLANGANI NEGA UCH YOSHGACHA BO‘LGAN BOLALARGA TAVSIYa ETILMAYDI
E’tibor bergan bo‘lsangiz, do‘konlardagi ayrim qadoqlangan sut idishlarida “3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mumkin emas” degan yozuv bo‘ladi. Xo‘sh, nega shunday? Bunday sutlar tarkibida bolalar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi moddalar bormi?
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu yozuv xavfli ozuqaviy qo‘shimchalar borligini anglatmaydi. Onalar chaqalog‘ini uch yoshga to‘lguncha imkon qadar ko‘krak suti bilan oziqlantirishi lozim. Do‘kondagi yoki ko‘chada sotiladigan sut tarkibidagi yog‘lar, mikroelementlar, oqsillarni murg‘ak vujudli bolaning me’dasidagi shira hazm qilishga to‘liq tayyor emas. Uni iste’mol qilgan bolaning me’da-ichak tizimida muammo paydo bo‘lishi mumkin. Masalan, go‘dakning qornida yel (gaz) hosil bo‘lib, chaqaloq ko‘p bezovtalanadi. Shuning uchun chaqaloqlarga bunday sut tavsiya etilmaydi. Bunday sutlar bola salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirmasa-da, ona suti o‘rnini bosolmaydi.
XULOSA ShUKI…
Albatta, ushbu mahsulotlarni qayerdan xarid qilish har kimning o‘ziga havola. Ammo har birimiz haq-huquqlarimizni anglagan holda, avvalo, salomatligimiz haqida qayg‘ursak, mutaxassislar fikriga tayanib ish tutsak, foydadan xoli bo‘lmaydi.
O‘lmas QAHRAMONOV,
Qashqadaryo viloyati