ENDI SARATONNI ERTA ANIQLASH MUMKIN
Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bugun har bir sohada o‘z samarasini bermoqda. mamlakatimiz olimlarining kashfiyotlarini bugun butun dunyo e’tirof etmoqda.
Olim Yorqin Toshmurodov inson organizmida rivojlanayotgan saratonni erta bosqichdayoq aniqlaydigan zamonaviy apparat – kompyuter tomografiyasini ixtiro qildi.
– Aksariyat hollarda tibbiyot muassasalarida foydalanilayotgan tomografiya yordamida odam tanasidagi o‘simta yoki tugunning faqatgina bir millimetrdan bir santimetrgacha bo‘lgan hajmini o‘lchash mumkin, – deydi Yorqin Toshmurodov. – Biz yaratgan kurilmaning afzalligi shundaki, u juda kichik, hatto bir mikrometrgacha bo‘lgan xavfli o‘simta yoki tugunni ham aniqlay oladi.
Qayd etish kerakki, saraton kasalligining o‘nlab turlari bor. Qachonlardir uni dardi-bedavo deyishardi. Eng yomoni, shu paytgacha saraton kasalligiga shifo topish imkoniyati nihoyatda past edi. Yosh olim Yorqin Toshmurodovning ilmiy tadqiqoti natijasida saraton kasalini erta bosqichda aniqlash va vaqtida oldini olish imkoniyati yuzaga keladi. Ya’ni, muntazam shifokor ko‘rigidan o‘tib, salomatligiga befarq bo‘lmagan kishilar vaqtida kutilmagan darddan forig‘ bo‘lishlari mumkin. Sababi, yuqorida aytilganidek, qurilma kasallikni boshlang‘ich davridanoq ilg‘ab oladi.
Bu – yangi ixtiro eskisidan bir necha karra ustun, degani. Uning yana bir muhim jihati, tekshiruvlar jarayonida rentgen nurlanishi bemorga nihoyatda past energiyada (avvalgisidan o‘n barobar kam) ta’sir ko‘rsatadi.
Olim yangi apparat ustida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi fizika-texnika institutida salkam uch yildan buyon ish olib bormoqda. Uning ilmiy izlanishlari AQSH, Rossiya, Ukraina, Janubiy Koreya va Qozog‘istonning ilmiy jurnallarida chop etilgan. O‘tgan yili poytaxtimizda yettinchi bora o‘tkazilgan “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar taqdimotlari” ko‘rgazmasida namoyish qilingan qurilmaga chet elliklar ham qiziqish bildirishdi va o‘sha yilning 5-6 mart kunlari Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda olim va mutaxassislar e’tiboriga havola etildi.
– Ushbu qurilma uchun yaqin orada patent olamiz, – deydi Yo.Toshmurodov. – Uning yordamida minglab odamlarning salomatligi tiklanadi, yuzlab insonlarning umri uzayadi. Maqsadimiz ham shu, aslida.
Suhbatdoshimiz bir necha yil muqaddam respublikamizda quyosh batareyalaridan foydalanish targ‘ibotini olib borgan olimlardan biri. Uning shu paytgacha o‘nga yaqin ixtirolari muvaffaqiyatli deb topildi. O‘tgan yilning kuzida Respublika Patentlar uyushmasi tomonidan ma’qullangan universal qurilmasi ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.
– U zilzilani oldindan sezadi, – deydi suhbatdoshimiz. – Bundan tashqari, geologiya, metallurgiya sanoatida, arxeologiyada ham foydalanish mumkin. U havo va tuproqdagi alfa-beta va radon radiaktiv nurlanishlarni o‘lchaydi.
Qurilmaning iste’molga kirishi bilan ayrim hududlarda tez-tez uchraydigan favqulodda vaziyatlardan aholi oldindan xabardor bo‘ladi va yetkaziladigan iqtisodiy zararlar bir qadar bo‘lsa-da kamayadi. Suhbatdoshimizning aytishicha, apparatni yasash uchun unchalik ko‘p mablag‘ talab qilinmaydi.
El koriga yarash, degani shu bo‘lsa kerak. Maqsadu muddaosi insonlar mushkulini oson qilishdan iborat bo‘lgan bunday olimlarimizning muvaffaqiyatlari har birimizga iftixor bag‘ishlaydi.
Zuhra SULAYMONOVA