29 MART – O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SAYLOVI KUNI
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida elchi Kayetana de Zuluyeta rahbarligidagi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilari missiyasining asosiy guruhi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, shuningdek, missiya faoliyatini tashkil etish masalalari bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
23 fevral kuni mamlakatimizga 11 nafar xalqaro ekspert tashrif buyurdi va missiyaning Toshkentdagi shtabida o‘z faoliyatini boshladi. 28 fevral kuni esa yana uzoq muddat faoliyat yuritadigan 10 nafar kuzatuvchi keladi. Ular Toshkent, Nukus, Buxoro, Samarqand va Farg‘onada saylov jarayonlarini kuzatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 1-Qoraqalpog‘iston saylov okrugida aholining saylovga oid huquqiy bilimini oshirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining mazmun-mohiyati, xalqaro saylov standartlari, fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari, saylov jarayonida qonuniylikni ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlarining saylov jarayonidagi o‘rni, saylov kampaniyasining oshkoraligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining roliga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida jurnalistlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritishda ommaviy axborot vositalari ishtirokining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan onlayn-seminar tashkil etildi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari saylov jarayonining barcha tadbirlarini va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini yoritishda qonunchilikka, xolislik, betaraflik va adolatlilik prinsiplariga qat’iy rioya etishi zarurligi ta’kidlab o‘tildi.