Shifokor husnixati, bormi uning “hikmat”i?

Ma’lumki, hech bir inson yoza olish qobiliyati bilan tug‘ilmaydi. Yoza olish ko‘nikmasi, yozish mahorati keyinroq, ayniqsa, bolalik va o‘smirlik davrida, bilim dargohlarida shakllanadi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, husnixat va odamning ruhiy (jismoniy) holati o‘rtasida ma’lum bog‘liqlik mavjud ekan.

Kishi qo‘liga ruchka yoki qalam olib biror xat yoki matnni yozar ekan, u yozgan harflardagi har bir chiziq muallif shaxsiyatini o‘ziga mujassam etadi. “Yozuv bu fe’l-atvor va aql xususiyatlarining tashqi jihatdan namoyon bo‘lishidir”, – deb yozadi muallif N.Yusupova “Fe’l-atvor va yozuv”degan ommabop kitobida.

Ushbu luqmani yoza turib, bir latifanamo voqea yodimga tushdi.

Kunlardan bir kun chalasavodroq bir kishi tanishining oldiga kelib, undan poytaxtda o‘qiyotgan o‘g‘liga xat yozib berishini iltimos qilibdi.

“Jonim bilan yozib berardim-u, ammo oyog‘im og‘riyapti-da”, – debdi u kishi.

– Ie, xat yozishning oyoq og‘rig‘iga nima aloqasi bor? – ajablanib so‘rabdi iltimos qilgan odam.

– Gap shundaki birodar, – debdi tanishi, – Yozgan xatimni o‘zim o‘qib berishim kerak. Chunki, yozuvimni hech kim o‘qiy olmaydi. Afsuski, men borolmayman, oyog‘im og‘riyapti…

Tibbiyot xodimlariga ishi tushib, ular huzuriga bormagan odam kamroq topilsa kerak, nazarimizda. Shifokorga murojaat qildingiz ham deylik, sizni obdon tekshirib, qo‘lingizga muolaja uchun kerakli dorilar yozilgan qog‘ozni ham tutqazishadi. Endi muammo ana shu qog‘ozlarda yozilgan dori nomlarini o‘qishning uddasidan chiqa oladigan dorixona xodimini topishda…

O‘zim bilan yuz bergan “g‘alati” voqeani so‘zlab beray…

Poytaxtimizdagi oilaviy poliklinikalarning biriga murojaat qilgan edim. Davolovchi shifokor hol-ahvol so‘rab, ancha vaqt tekshirdi va qo‘limga dorilar nomi yozilgan, ulardan foydalanish haqidagi yo‘riqnoma tushirilgan qog‘ozni tutqazib, menga sihat-salomatlik tilab qoldi. Men retsept qog‘ozini ko‘tarib dorixonaga bordim. O‘rta yoshli xodima qog‘ozga avval ko‘zoynaksiz termuldi. Biroq, dorilar yozilgan qog‘ozga qancha tikilmasin hech narsani tushunmadi chog‘i yordamchisini chaqirdi. Ikki kishilashib qanday dorilar tavsiya etilganini anglay olishmadi. Menga esa shifokorga uchrashib, retseptni qaytadan aniqroq qilib yozdirib kelishimni maslahat berishdi.

Men maslahatga amal qilib poliklinikaga yo‘l oldim. U yerda esa menga shifokorning ish vaqti tugab uyiga ketganini aytishdi. Dushanba kuni soat 14:00 dan boshlab o‘sha shifokor qabul qilishini bildirishdi. Ana xolos! Ertaga dam olish kuni. Demak, men yana ikki kundan so‘ng davolanishni boshlashim mumkin. Ana sizga yozuvga, hujjatga beparvolik, loqaydlik, o‘z ishiga ma’sulyatsizlik bilan yondoshishning oqibati…

Yana o‘qing:  Yurak xuruji xavfini hisoblovchi kalkulyator yaratildi

Kezi kelganda shuni ham aytib o‘tishni joiz, deb topdik.

Ko‘pincha shifokorlarning bemorlarga retsept yoki tavsiyanomalarni yozib berayotganlarida shoshilishlarining guvohi bo‘lamiz.

Ma’lumki, dorilarning aksariyat nomi lotin alifbosida yoziladi. Shifokorlarimiz ana shu shoshilish oqibatida yarim-yorti yozishadi. Natijada, qanday dori tavsiya etayotganini anglash qiyin kechadi. Ana sizga yana bir muammo, yana bir rebus, xulosa qilish esa sizdan aziz mushtariy.

Shavkat YOQUBOV,

O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: