ALIFBENI “ZABT ETAYOTGAN” XASTALIK
Inson tug‘ilgandan boshlab, butun umri davomida tashqi muhitning turli ko‘rinishdagi ta’siriga ro‘baro‘ bo‘ladi. Ana shunday ta’sirlaridan biri ko‘zga ko‘rinmas – mikroblar dunyosidir. Yer kurrasida eng ko‘p uchraydigan va og‘ir kechadigan kasalliklarga sabab bo‘ladigan mikroorganizmlar – bu viruslardir. Bugungi kunda viruslar sababchi bo‘layotgan virusli gepatitlar dunyo miqyosida tibbiyotning dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Chunki, virusli gepatitlar bilan kasallanish ko‘rsatkichi butun dunyoda yildan-yilga ortib bormoqda. Ilgari bu xastalik xalq orasida “sariq kasalligi” deb nom olgan. Sariqlik bilan kechadigan kasalliklar haqida Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobida ham ma’lumot berilgan. Sariqlikning rivojlanish sababi safro yo‘llarining tiqilishi bilan izohlangan. Rus olimi S.Botkin bu kasallikning yuqumliligini ko‘rsatib bergan va uzoq yillar davomida bu xastalik “Botkin kasalligi” deb ham yuritilgan. Keyingi yillarda virusologiya fanining taraqqiyoti tufayli “sariq kasalligi” deb nomlangan xastalikning qo‘zg‘atuvchisi virus ekanligi isbotlandi. Shu bois hozirda bu kasallik “virusli gepatitlar” deb yuritilmoqda.
VIRUSLI GEPATITLAR VA JIGAR XASTALIKLARI HAQIDA
Virusli gepatitlar – jigar hujayralarining virus ta’sirida zararlanishi, organizmda moddalar almashinuvining buzilishi, turli klinik va laborator o‘zgarishlar bilan kechadigan virus tabiatli yuqumli kasalliklar guruhidir.
Zamonaviy yuqori texnologik tekshirish usullari virusli gepatitlarning A, V, S, D va Ye turlarini aniqlash va ularning o‘ziga xos jihatlarini chuqur o‘rganish imkonini berdi. Keyingi yillarda ilmiy adabiyotlarda virusli gepatitlarning F va G turlarining mavjudligi haqida ham ma’lumotlar berilmoqda.
A gepatitning qo‘zg‘atuvchisi yuqumli ichak kasalliklarining oddiy qo‘zg‘atuvchilari guruhiga mansub bo‘lib, u sust konsentratsiyali xloramin eritmasi yoki ultrabinafsha nurlar ta’sirida nobud bo‘lishi mumkin. Yurtimizda A virusli gepatit uchun kuzgi-qishki va qishki-bahorgi mavsumiylik xosdir.
Ushbu kasallik yashirin davrining oxiri va kasallikning dastlabki alomatlari paydo bo‘lgan kunlari ko‘p miqdorda peshob va najas bilan tashqi muhitga ajralib chiqadi. Kasallik asosan sariqlik bilan kechadi. Dard gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar) va ovqatdan zaharlanish alomatlariga o‘xshab boshlanishi mumkin. Sariqlik davri boshlangandan keyin bemor kasallik tarqatish nuqtai nazaridan atrofdagilar uchun xavfli bo‘lmaydi. A virusli gepatit o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, xastalikning surunkali tus olishi bu dard uchun xos emas. Xastalik asosan bolalarda uchrasada, kattalar ham bu kasallikni yuqtirib olishlari mumkin. Bunday hollarda kasallik kattalarda bolalarga nisbatan og‘ir kechadi va uzoq davom etadi. A virusli gepatit bilan og‘rib tuzalgan kishilarda turg‘un immunitet hosil bo‘ladi. Ya’ni, ular ikkinchi marta bu kasallik bilan og‘rimaydi. Lekin, A virusli gepatit bilan ilgari og‘rigan odam keyinchalik V, S, D va Ye virusli gepatitlar bilan og‘rishi mumkin. A virusli gepatitga ham qarshi emlash jarayonining qo‘llanilayotganligi bois oldingi yillarga nisbatan mazkur kasallik bilan kasallanish darajasi bugungi kunda ancha kamaygan. Shuni ham alohida ta’kidlash zarurki, aholining tibbiy madaniyatini oshirish orqali kasallanish ko‘rsatkichini ancha kamaytirish mumkin.
1984-1986 yillarda O‘zbekiston va Turkmanistonning ayrim viloyatlarida virusli gepatitlar avj olgan kezlarda gepatit kasalligini keltirib chiqaruvchi ma’lum viruslar guruhiga mansub bo‘lmagan virus aniqlandi. Virusli gepatitlarning bu turi Ye virusli gepatit deb nomlandi. U Janubi-sharqiy va Markaziy Osiyoda keng tarqalgan. Ye virusli gepatit ham ko‘proq kuz-qish oylarida qayd qilinadi. U asosan suv orqali tarqaladi. Bu kasallik vaqti-vaqti bilan to‘satdan avj olishi va ayniqsa, homilador ayollarda og‘ir kechishi bilan xarakterlanadi. Bu kasallik O‘zbekistonda kamdan-kam hollarda uchraydi. A va Ye gepatit viruslari sog‘lom kishi organizmiga og‘iz orqali va maishiy muloqot orqali yuqadi.
QON ORQALI (PARENTERAL) YUQADIGAN GEPATITLAR
Asosiy e’tiborni parenteral – qon orqali yuqadigan virusli gepatitlar jalb etadi. Bu guruhga V, S va D virusli gepatitlar kiradi. V, S va D gepatit viruslari asosan qonda aylanib yurishi bois, ularni “qonda tug‘ilgan gepatit viruslari” ham deyiladi. Bu gepatitlar uchun mavsumiylik xos emas, ular yilning hamma fasllarida uchrashi mumkin. Chunki, V, S va D virusli gepatitlar asosan virus saqlagan qon va qon mahsulotlari orqali yuqadi. Asosiy yuqtirish omillari sifatida invaziv ya’ni, teri va shilliq qavatlarni butunligini buzishi mumkin bo‘lgan muolajalar alohida o‘rin tutadi. Agar ular avtoklavda yetarli darajada sterillanmagan asbob va buyumlar orqali amalga oshirilsa ushbu gepatitni yuqtirish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Kasallik yuqishida juda mayda jarohatlar ham katta ahamiyatga ega. Sartaroshlik, manikyur, pedikyur va boshqa shu kabi muolajalar sterillanmagan buyumlardan foydalangan holda amalga oshirilsa ham V, S va D virusli gepatitlar yuqish xavfi mavjud.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, V gepatit virusi parenteral yo‘ldan tashqari, jinsiy yo‘l bilan ham yuqishi mumkin. Mazkur virus tashqi muhitga yuqori darajada barqarordir. U na issiqda va na sovuqda nobud bo‘ladi: –200 S daraja sovuq haroratda 10-20 yil yashab, hatto bir necha yil muqaddam muzlatib qo‘yilgan zardob eritilganida ham o‘z faolligini saqlab qolishi fanda aniqlangan, 1000 S darajagacha qizdirilganida ham ushbu virus yarim soatdan ziyod yashab turadi.
Zardob gepatiti bilan og‘rigan barcha bemorlar qonida V gepatit virusining har doim ham bo‘lavermasligi o‘tgan asrning 70-yillaridayoq ma’lum edi. Biroq, mazkur turdagi gepatitni keltirib chiqaruvchi yangi virusning tabiati 90-yillargacha ma’lum emas edi. 1989 yilning oxirlarida Amerika qo‘shma shtatlarida S gepatit virusi aniqlandi. Bugungi kunda S gepatit virusining nihoyatda “makkor” virus ekanligi ma’lum. U juda ham o‘zgaruvchan bo‘lib, inson organizmida yangi virus nusxalarini hosil qilishi mumkin. Natijada, bemorning immun tizimi himoyaviy antitelolar ishlab chiqarishga ulgurmaydi. Shu sababli bu kasallik asosan surunkali kechadi. Bu virus jigarga o‘ta yashirin va ehtiyotkorona ta’sir ko‘rsatib boradi. Shuning uchun kasallikning og‘ir asoratlari oradan ancha yil o‘tgandan keyin ma’lum bo‘ladi.
D virusli gepatitning qo‘zg‘atuvchisi insonda kasallik chaqiradigan viruslarining birontasiga ham o‘xshamaydi. Mazkur virusning asosiy xususiyati shundan iboratki, u mustaqil ravishda kasallik chaqira olmaydi. Bu virus inson organizmiga tushishi va kasallik chaqirishi uchun yordamchi virusga muhtojdir. Yordamchi virus vazifasini V gepatit virusi bajaradi. D gepatit virusi V gepatit virusining tashqi qobig‘iga o‘rnashib oladi. Shuning uchun ham D gepatit virusi faqat V virusli gepatit bilan og‘rigan bemorlarda yoki ushbu gepatit virusi antigenini tashib yuruvchilarda aniqlanishi mumkin. Bu vaqtda jigar bitta emas, balki ikkita virus ta’sirida shikastlanadi.
Aksariyat hollarda V, S va D virusli gepatitlar surunkali kechadi va uzoq yillar davomida viruslar organizmda yashasada, kasallik alomatlari sezilmaydi. V, S va D virusli gepatitlar vaqt o‘tishi bilan jigar sirrozi va jigar saratoni singari jiddiy asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha laboratoriya tekshiruvlari natijasida qonda viruslar tasodifan aniqlanadi. Inson bir vaqtda bitta emas, bir nechta gepatit virusini yuqtirgan bo‘lishi mumkin.
USHBU KASALLIKNING QAYSI TURLARI SARIQLIK BELGISI BO‘LMASDAN KEChADI?
Virusli gepatitlar o‘tkir va sariqlik bilan kechganda kasallikka tashxis qo‘yish qiyinchilik tug‘dirmaydi, lekin kasallikning sariqliksiz turlarida va aksariyat hollarda klinik belgilarsiz surunkali kechadigan parenteral virusli gepatitlarga tashxis qo‘yish laboratoriya tekshiruvlariga asoslanadi. Viruslarni aniqlash bo‘yicha laboratoriya tekshiruvlari zamonaviy yuqori texnologik tekshiruv usullariga ega bo‘lgan maxsus laboratoriyalarda amalga oshiriladi. Keyingi yillarda virusli gepatitlarni aniqlashda zamonaviy tekshirish usullari hisoblangan IFT (immunoferment tahlil) va PZR (polimeraza zanjir reaksiyasi) keng qo‘llanilmoqda. Bunday tekshiruvlar virusning turini aniqlash, kasallik oqibatini oldindan aytish va vaksina ishlab chiqish uchun muhimdir.
Virusli gepatitlarni davolashda rejimga rioya qilish va parhez taomlar iste’mol qilish katta ahamiyatga ega. Bemorlarga kefir, shirin va yangi ivitilgan qatiq, yangi tvorog, ko‘k choy, gazi chiqarib yuborilgan mineral suvlar tavsiya qilinadi. Organizm uchun tabiiy meva va sabzavotlar hamda ularning sharbatlari juda foydalidir. Iste’mol qilinadigan ovqat oson singadigan bo‘lishi lozim. Go‘sht yog‘siz, qiyma va qaynatib pishirilgan holda buyuriladi. Har qanday kuchli ovqatlar, qovurilgan tuxum va baliq, nordon karam, tuzlangan pomidor va bodringlar hamda konservalarni iste’mol qilish man etiladi. Spirtli ichimliklar iste’mol qilish jigar hujayralariga jiddiy zarar yetkazadi. Yuqoridagilarga amal qilish jigar faoliyatini tez tiklashiga yordam beradi va uning himoya kuchini oshiradi.
Surunkali virusli gepatitlar bilan og‘rigan kishilar doimo shifokor nazoratida bo‘lishlari zarur. Bu kasallikka chalingan kishilar og‘ir jismoniy mehnatdan ozod qilinadilar. Chunki, jigar hujayralari zo‘riqishga juda sezgirdir.
EMLASH – XASTALIKNING OLDINI OLISHDA MUHIM OMIL
Profilaktika maqsadida emlash preparatlarini ishlab chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar virusli gepatit rivojlanishidagi yangi va muhim qadam bo‘ldi. Bugungi kunda har ikki turdagi virusli gepatit (A va V virusli gepatitlar)ga qarshi juda samarali vaksinalar mavjud. Ular sababli kasallik ancha kamaydi.
Mamlakatimizda V virusli gepatitga qarshi emlash Milliy emlash taqvimiga kiritilgan bo‘lib, bugungi kunda barcha bolalar bu kasallikka qarshi emlanmoqda. Mazkur turdagi gepatit bilan kasallanish tahlili shuni ko‘rsatadiki, hozirgi vaqtda bolalar o‘rtasida bu kasallik deyarli uchramaydi. Zero, bola tug‘ilganida va yoshiga yetgunigacha bo‘lgan davr mobaynida shunday vaksina bilan emlanadi. Emlangan bolalar virusga qarshi himoyaviy antiteloga ega bo‘ladi va ushbu kasallikdan saqlanadi.
Allabergan BAYJANOV,
Virusologiya ilmiy tekshirish instituti katta ilmiy xodimi,
tibbiyot fanlari nomzodi