“SALOMATLIK” LOYIHALARI
AHOLI SOG‘LIG‘INI SAQLASHDA MUHIM OMIL BO‘LAYOTIR
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Salomatlik” loyihalarining hayotga tatbiq etilishi istiqlol yillarida mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim bo‘g‘iniga aylandi. Muassasalarning zamonaviy tibbiy uskunalar bilan bosqichma-bosqich ta’minlanishi natijasida aholiga yuqori malakali xizmat ko‘rsatish kafolatlandi.
O‘tgan yili birgina Asaka tumani tibbiyot birlashmasiga “Salomatlik-3” loyihasi doirasida yuqori texnologik uskunalar hamda tibbiy jihozlar keltirildi. Xususan, zamonaviy ultratovush uskunalari, “Digitayzer” diagnostik qurilmasi, avtoklav, muzlatkichlar, vaksina saqlovchi moslamalar ish sifati va samaradorligining ortishi, bemorlarga to‘la-to‘kis, aniq tashxis qo‘yish imkoniyatini yaratdi. Endilikda bu yerda laboratoriya tahlillari bugungi kun talablari asosida olib borilmoqda.
Birlashmaning diagnostika markazi mutaxassisi Rustamjon Abdurahmonovning ta’kidlashicha, so‘nggi rusumdagi tibbiy uskunasi yordamida qon tomirlari tizimini aniq ko‘rish, bir-biridan osongina farqlash mumkin. Ayni paytda bir kunda 60-70 nafar bemor tekshiruvdan o‘tkazilyapti. Bemor organizmidagi o‘zgarishlarni qiyosiy tahlil etish imkoniyatining mavjudligi, eng muhimi, nurlanish jihatidan xavfsizligi bois homilador ayollarni ham tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun qulaydir.
– Ilgari rentgen uskunasi yordamida kasalligi aniqlanadigan bemorlarni viloyat markazidagi shifoxonalarga jo‘natardik, – deydi bosh hamshira Naziraxon Teshaboyeva. – Tibbiy tekshiruv natijasi chiqqandan so‘nggina tashxis qo‘yib, tegishli xulosaga kelar edi. “Salomatlik” loyihalari amaliyotga joriy qilingach, barcha turdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bir joyda jam bo‘ldi. Endilikda har qanday xastalikka chalingan bemorni shu yerning o‘zida ko‘rikdan o‘tkazib, davolash imkoniyatiga egamiz. Muhimi, u sarson bo‘lmaydi, vaqtdan yutqazmaydi. Yangi uskunalarning yana bir afzalligi, tekshiruv natijasi tezkor aniqlanadi.
Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar xususida gap ketganda, nainki, markaziy shifoxonalar, hatto qishloq vrachlik punktlarining ham zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanganligini ta’kidlash zarur. Xususan, “Salomatlik-2” loyihasiga ko‘ra, viloyatdagi barcha QVPlar eng zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Buning uchun qariyb 4 milliard so‘mlik mablag‘ yo‘naltirildi. QVPlar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bilan birga, xodimlarning malakasini oshirish, vrachlarni umumiy amaliyot shifokorligiga qayta tayyorlash orqali kadrlar salohiyatini yuksaltirishga e’tibor qaratildi. Ushbu muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning bilim darajasini muntazam oshirib borish maqsadida viloyatda umumiy amaliyot shifokorlarini qayta tayyorlovchi ikkita o‘quv markazi, barcha tibbiyot birlashmalari qoshida o‘quv xonalari zaruriy o‘quv jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi. Loyiha doirasida o‘nlab o‘quv seminarlari tashkil etildi. Mazkur sa’y-harakatlar natijasida aholining QVPlarga qatnov darajasi o‘sgani kuzatilmoqda.
Bugungi kunda tuman tibbiyot birlashmalari raqamli rentgen, UTT, fibrogastroskop, EKG uskunalari bilan jihozlandi. Bundan tashqari, oftalmologlar refraktometr va gastroeterologlarning gastrofibroskoplar bilan ta’minlanganligi yuqori samaradorlikka erishishda muhim omil bo‘lmoqda.
Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda olinadigan zamonaviy jihozlar sakkizta tumandagi davlat investitsiya dasturiga kiritilgan qurilish-rekonstruksiya ishlari bajariladigan binolarga o‘rnatiladi. Buning natijasida ulardan yanada samarali foydalanish imkoniyati yuzaga keladi. Bu esa bevosita aholi salomatligini saqlashda muhim ahamiyatga ega.
Najmiddin IKROMOV,
Andijon viloyati