SITRUS MEVALAR – DARMONDORILAR XAZINASI
Qish fasli boshlanishi bilan dasturxonimizni birin-ketin sitrus mevalari egallay boshlaydi. Xo‘sh, bunday mevalarning foydali xususiyatlaridan xabardormisiz?
Vatani Hindiston bo‘lgan mangoni hindlar “mevalar qiroli” deb nomlashadi. Mangoning mag‘zi sersuv bo‘lib, uning tarkibi oqsil, uglevod, biriktiruvchi to‘qimalar, D, C, A, B guruhi vitaminlariga juda boy. Shuningdek, uning tarkibida kalsiy, fosfor, temir, kaliy, pektin, saxaroza kabi muhim elementlar ham mavjud. Mazkur mevada A vitamini ko‘p miqdorda uchragani sabab undan ko‘z o‘tkirligini yaxshilashda qo‘llaniladi. Undan tashqari mevani doimiy iste’mol qilish immunitetni oshiradi.
Kokos mevasi V guruhiga kiruvchi barcha vitaminlarni, S, oqsil, uglevod, yog‘, shakar, mikroelement (kalsiy, kaliy, fosfor) lardan tarkib topgan. Kokos yog‘ida ko‘p miqdorda laurin kislotasi bor. U esa qondagi xolesterin miqdorini kamaytirishga yordam beradi. Shu sababli uni tropik mamlakatlarda “ming dardga davo daraxt” deb nomlashgan. Kokos juda mazali va foydali meva. U immunitetni oshiradi. Mikroblarga qarshi kurashadi, yallig‘lanishga qarshi dorivor vosita sanaladi. Uning suvidan isitmani tushirishda foydalaniladi.
Kivi Xitoyda ko‘proq o‘sadi. Og‘irligi 50 grammdan 150 grammgacha bo‘lgan kivining ko‘p qismini suv tashkil qiladi. Uning tarkibida oqsil, yog‘, uglevod, nikotin kislotasi, mono-disaxarid uchraydi. Mazkur meva eng yaxshi hazm qildiruvchi xususiyatga ega. Undan taom tayyorlashda ham keng foydalaniladi. Ayniqsa, u go‘shtli kaboblarni marinadlashda juda qo‘l keladi.
Mandarinning olovrangi kishi kayfiyatini ko‘taradi. Bu meva tarkibidagi vitaminlar inson organizmi uchun foydali bo‘lib, infeksiyalarga qarshi kurashda immunitetni ko‘taradi. Shuningdek, ozish uchun parhez tutishda uning to‘q qizg‘ish tusli “Marokash” nomli, anorga o‘xshash “kindik”li navi samarali natija ko‘rsatadi.
Banan – bu meva tarkibida oqsillar, uglevodlar, yog‘, shakar (16 foizga yaqin glyukoza, fruktoza va saxaroza), A, V, S vitaminlari, riboflavin va muhim mikroelementlar mavjud. Banan kayfiyatni ko‘taradi, inson organizmidagi hujayralarni yangilovchi o‘ziga xos xususiyatga ega. Meva tarkibida dopamin, serotonin kabi fiziologik faol moddalar mavjud bo‘lib, ular me’da-ichak tizimi yara kasalliklarida, jigar, buyrak, yurak-qon tomir tizimi kasalliklarida samarali natija ko‘rsatadi. Ammo qoni quyuq bemorlarga bu meva tavsiya etilmaydi.
Inson organizmining bir kecha-kunduzlik kaliy va magniyga bo‘lgan talabini bir dona banan iste’mol qilish bilan qondirish mumkin. Doimiy sport bilan shug‘ullanuvchi sportchilar doim mazkur mevadan iste’mol qilishadi. Chunki, u tomirlar tortishishiga yo‘l qo‘ymaydi. Har kuni banan iste’mol qilish miokard infarktining oldini oladi.
Limon – xitoy tilidan tarjima qilinganda “limung” ya’ni, “onalar uchun foydali” degan ma’noni anglatadi. Ushbu meva tarkibida ishqor moddasi 8 foiz, shakar va mineral moddalar 3 foizgacha, kaliy tuzi va A, V, S vitaminlari (90-100 mg) mavjud. Mevaning po‘sti va bargidan efir moyi ajratib olinadi. Limon revmatizm(bod), gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar), angina(bodomcha bezlarining yallig‘lanishi), bronxit, uyqusizlik, sariq kasali (gepatit) va yana ko‘pgina kasalliklarda iste’mol qilinadi.
Ananas – mevasi nozik ta’mli va xushbo‘y bo‘lganligidan uni asosan desert sifatida tanovul qilinadi. Uning tarkibi vitaminlarga boy. Ananasni tromboz(qon tomirlarida tiqilma paydo bo‘lishi) va tromboflebit(vena qon tomirlari yallig‘lanishi va qon quyilishi natijasida ularda qon laxtasining tiqilib qolishi) kasalliklarini oldini olish maqsadida, doimiy iste’mol qilish tavsiya etiladi. Mazkur meva gipertoniya (xafaqon), yurak va buyrak kasalliklarida ham yaxshi samara beradi. Mutaxassislarning fikricha ananas doimiy ravishda iste’mol qilinsa suyak, mushak kasalliklari hamda osteoporoz (suyaklar mo‘rtligi) kasalligining oldi sezilarli darajada olinadi. Eng muhimi ushbu meva iqtisod sohasi va dasturlash bilan shug‘ullanuvchi kasb egalari uchun muhim, ya’ni u xotirani mustahkamlash xususiyatiga ega.
Avokado – u yuqoridagi mevalar kabi yurtimizda unchalik ommalashmagan. Bu meva katta nok shaklida bo‘lib, og‘irligi 100 grammdan 1 kilogrammgacha keladi. Uning tarkibidagi yog‘ 14 foizni tashkil qiladi. Avokado uglevod, oqsil, V guruh vitaminlariga boy. Undan tashqari bu meva tarkibida kalsiy, kaliy, fosfor, magniy, temir uchraydi. Ortiqcha vaznni yo‘qotishda, qondagi xolesterin miqdorini kamaytirishda ushbu mevadan foydalaniladi.
Xurshida HUSENOVA