OILA MUSTAHKAMLIGI – YURT FAROVONLIGI
Oilada sog‘lom muhitni shakllantirish va farzandlarimizni yetuk inson bo‘lib yetishishini ta’minlash maqsadida 1998 yilda O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi huzurida Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi tashkil etilgan edi. Mazkur markaz tomonidan yurtimizda oila institutining mavqeini oshirish, fuqarolarni, birinchi navbatda, yoshlarni oilani milliy qadriyat sifatida e’zozlashga o‘rgatish, uni turli mafkuraviy tahdidlardan himoya qilishning samarali usullari ilmiy asosda o‘rganilmoqda. Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markaz direktori vazifasini bajaruvchi Hafiza Mamadaliyeva bilan suhbatimiz markaz faoliyati, keyingi yillarda yurtimizda oilaning ahamiyati va o‘rni xususida bo‘ldi.
– O‘tgan “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida ushbu markaz tomonidan qanday ishlar amalga oshirildi? Shaxs kamolotida oilaning o‘rni qanchalik ahamiyatga ega?
– Hozirgi kunda mamlakatimizda 30 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi, yetti milliondan ortiq oila mavjud. Bizning markaz oilalarning mustahkam bo‘lishi, ularning totuvlik va farovonlikka erishishini ta’minlash bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Oilada ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish masalalari yuzasidan o‘tgan “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida oilada axloqiy va ma’naviy qadriyatlarni shakllantirish, sog‘lom bola tug‘ilishi va uni tarbiyalash, oilaning ijtimoiy-psixologik muammolari, erta nikoh va ajrimlarning oldini olish, oilaning huquqiy asoslari yo‘nalishlari bo‘yicha bolalar tarbiyasini milliy an’analarni hisobga olgan holda olib borish yuzasidan pedagogik va psixologik tavsiyalar ishlab chiqildi. Ayniqsa, “Yoshlarni oilaparvar ota-onalikka tayyorlashda e’tiqod tarbiyasi, uning pedagogik yechimi” ilmiy loyihasi doirasida olib borilayotgan tadqiqotlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, oila shaxs kamolotida asosiy o‘rin egallashiga qaramay, uning qanday muhitga ega bo‘lishi ham shunchalik ahamiyatlidir.
Oila a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro munosabat, bir-birlarini tushunish va qo‘llab-quvvatlash, zarur o‘rinda bir-biriga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklari yoki aksincha bo‘lishlari oiladagi muhitning ijobiy yoki salbiy bo‘lishiga ham bog‘liq.
Ushbu jarayonning muvaffaqiyati oilada, ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan ma’naviy-axloqiy tarbiya samaradorligiga bog‘liq. Biroq, oila bunda muhim o‘ringa ega. Shu bois, uning mustahkam bo‘lishi uchun sog‘lom ijtimoiy munosabatlar tizimini yaratish, avvalo ota-onalarni psixologik bilimga ega bo‘lishlarini ta’minlash zarur. Bunda oilaviy psixologik xizmatni tashkil etish dolzarb masaladir. “O‘zbekistonda oilaviy psixologik xizmatni tashkil etishning ilmiy-nazariy va metodologik muammolari” mavzusidagi ilmiy loyiha doirasida mahallalarda oilaviy psixolog xizmatini tashkil etish tadqiq qilinayotganining o‘zi yana bir muhim voqeadir.
– Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Sog‘lom bola sog‘lom va ahil oilaning mevasidir”. Shunday ekan, oilaning mustahkam bo‘lishida avvalo ota-onaning o‘rni muhim. Ularning sog‘lom va ma’naviyatli shaxs sifatidagi rolini yanada kuchaytirish borasida markaz tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Asosan yosh oilalarda farzand dunyoga kelib, ulg‘ayar ekan, ularning sog‘lom va barkamol voyaga yetishida oilaning ijtimoiy, tibbiy va demografik holati, oila a’zolarining salomatligi bolalarning jismoniy rivojlanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. “O‘zbekistonda yosh oilalarning tibbiy-demografik holatini tadqiq etish” mavzusidagi ilmiy loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlili ham oila farovonligi, mustahkamligi yo‘lida qo‘yilgan qadamlardan biridir. Mazkur loyiha doirasida yosh oilalarni har tomonlama o‘rganish hamda shu oilalarda voyaga yetayotgan farzandlarning jismoniy rivojlanishini tadqiq etish orqali xonadonda sog‘lom va ahil muhit hukmron bo‘lishiga o‘z hissamizni qo‘shmoqdamiz.
O‘zbekistonda yosh oilalarning ijtimoiy-demografik va tibbiy holatining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish yosh oilalarda tarbiyalanayotgan bolalarning jismoniy rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillarni, bunda demografik jarayonlarni, ijtimoiy holatning yosh oila salomatligiga ta’sirini aniqlashga yordam bermoqda.
– Bugungi texnika rivojlangan davrda yoshlarni qay yo‘sinda salbiy illatlardan xoli etib tarbiyalash mumkin?
– “Oilada yoshlarning salbiy illatlardan xoli bo‘lib voyaga yetishida huquqiy madaniyatli ota-onaning ta’sir darajasini ilmiy tadqiq etish” ilmiy loyihasi doirasida Samarqand, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari hamda Toshkent va Buxoro shaharlarida ota-onalar o‘rtasida ilmiy seminarlar tashkil etildi. Ularning voyaga yetmagan farzandlari uchun yaratilgan shart-sharoitlari, mahalla hamda o‘quv muassasalari bilan bog‘liq ma’lumotlar ilmiy tahlil qilindi. Yoshlarning salbiy illatlardan xoli bo‘lib voyaga yetishida, huquqiy madaniyatli ota-onaning ta’sirchanlik darajasini ilmiy tadqiq etish uchun o‘tkaziladigan sinov maydonchalarida mavjud bo‘lgan 25 ta mahallada ota-onalar o‘rtasida ilmiy seminarlar tashkil etildi. Seminar ishtirokchilari bilan bolalarning kompyuter texnikasi hamda qo‘l telefonlari orqali internet xizmatidan foydalanishi tartibga solinib, nazoratga olinishi to‘g‘risida suhbat o‘tkazildi. Albatta, bunday seminar-treninglarning aholi orasida tez-tez o‘tkazilib turilishi ota-onalarga amaliy yordam hamda kelajagimiz bo‘lgan yoshlarni salbiy illatlardan xoli bo‘lib voyaga yetishlarida muhim ahamiyatga ega.
Yil mobaynida oila barqaror rivojlanishini targ‘ib etish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, barkamol avlodni tarbiyalash, erta nikohga kirishning oldini olish va oilaviy muammolarni bartaraf etish borasida mahalla va tashkilotlarda, o‘quv muassasalarida 50 dan ziyod uchrashuv, davra suhbati, seminarlar tashkil etildi.
Xulosa qilib aytganda, “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi va markazda olib borilayotgan ilmiy loyihalar doirasida uchta tadqiqot o‘tkazildi, uchta monografiya, bitta o‘quv qo‘llanmasi, ikkita ilmiy to‘plam, 10ta risola va uslubiy qo‘llanma, 70 dan ziyod ilmiy va ilmiy-ommabop, oltita xalqaro miqyosdagi maqolalar e’lon qilindi, 12 nomdagi bukletlar ishlab chiqildi va joylarga tarqatildi.
Oila jamiyatning asosini tashkil etar ekan, har bir oilaning farovonligi va baxtiyorligi bevosita jamiyatning barqarorligi hamda gullab-yashnashini belgilaydi. Unda sog‘lom farzand dunyoga kelishi, kelajakda uning ma’nan barkamol, sog‘lom va el-yurt koriga yaraydigan inson bo‘lib voyaga yetishi ota-onaning ma’naviyatli va har tomonlama bilimli bo‘lishiga ham bog‘liq.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA suhbatlashdi.