Bilim va ma’rifat maskani

Bugun har bir kitobxon qay bir asar bo‘lishidan qat’i nazar, O‘zbekiston Milliy kutubxonasidan topib, undan keng foydalanish imkoniyatiga ega. Bu yerda ular uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar mavjud. Ushbu zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda aholi, ayniqsa, yoshlarning bilim olishi, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy ehtiyojlarini har tomonlama qondirishiga imkon bermoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2011 yili poytaxtimizda shaharsozlik madaniyatining noyob namunasi – “Ma’rifat markazi” bunyod etilib, unda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining joy olishi buyuk mutafakkir bobomizga bugungi avlodlarning yuksak ehtiromi namunasi bo‘ldi.

Kutubxonada jahon talablariga javob beradigan avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimi, nashriyot-matbaa hamda nusxa ko‘chirish uskunalari o‘rnatilgan. Interfaol kitob qurilmasidagi elektron sahifani varaqlash uchun monitorni barmoq bilan bosish kifoya. Shu tarzda sensorli kiosk orqali mazkur kutubxona, qadimiy shaharlarimiz va ulug‘ allomalarimiz hayoti haqida ma’lumot olish, kitobga buyurtma berish mumkin.

Mamlakatimiz bosh kutubxonasining fondi qariyb 7 million nusxani tashkil etadi. O‘tgan vaqt mobaynida kutubxona fondi salkam 350 ming elektron nusxadagi yangi adabiyotlar bilan boyitildi. Bu yerda to‘plangan alohida qimmatga ega kitoblar, nodir qo‘lyozmalar, qadimiy nashrlar kutubxona faxri hisoblanadi. Fondda buyuk mutafakkirlarimizning XI va undan keyingi asrlarga oid qo‘lyozmalari, XVI-XIX asrlarda dunyoning ko‘plab tillarida chop etilgan kitoblar saqlanmoqda.

Milliy kutubxona tarkibidan respublika yig‘ma elektron katalog markazi joy olgan. Shu asosda mamlakatimizning elektron kutubxonaga ega har bir Axborot-resurs markazida qanday adabiyotlar mavjudligini bilib olish imkonini beradigan ma’lumotlarni taqsimlash bazasi yaratilmoqda.

Kutubxonada eng yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan sharoitlar yaratilgan. Bunday g‘amxo‘rlik bois yurtimizda yetuk bilimli, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan, kelajakka dadil ishonch bilan qaraydigan barkamol yosh avlod tarbiyalanmoqda. Bunda xalqimiz va jahon sivilizatsiyasining ulkan ma’naviy, ilmiy va madaniy merosi ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylanayotgan, qalblarga ezgulik va ziyo ulashayotgan ona Vatanimiz bosh kutubxonasining ham munosib hissasi borligi dilimizni faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldiradi.

N.NORBOBOYEV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Yana o‘qing:  KITOB O‘QISHDA KO‘MAKLASHUVCHI QURILMA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: