MARKAZNING YANGI BINOSI
Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazi yangi binoda faoliyat boshladi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlodni har tomonlama komil insonlar etib tarbiyalash, yoshlar, xususan, umumta’lim maktablari o‘quvchilarining darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, kasb-hunarga qiziqishini yanada oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi.
Markazning yangi binosini qurish ishlariga 704 million so‘m sarflandi. Kuniga ikki yuzdan ziyod o‘g‘il-qiz tajribali mutaxassislar rahbarligida o‘lkashunoslik, badiiy ijodiyot, ekologiya yo‘nalishlarida qobiliyatini rivojlantirishi uchun zarur sharoit yaratildi. Masalan, markazning tikuvchilik to‘garagi o‘nta zamonaviy tikuv mashinasi bilan jihozlandi. Kompyuter sinfi tashkil etildi.
– Markazda dizayn va kompyuter grafikasi to‘garagi ochilgani biz yoshlar uchun, ayniqsa, qulay bo‘ldi, – deydi Qorovulbozordagi 7-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Ulug‘bek Norov. – Bu yerdagi mashg‘ulotlar maktabda kompyuter sohasi bo‘yicha olgan bilim va ko‘nikmalarimizni yanada boyitishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 28 fevralda qabul qilingan “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyat markazi, tuman va shaharlardagi “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazlarining binolari to‘liq ta’mirlandi. Ayni paytda to‘rt yuz saksonga yaqin to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan shunday maskanlarda 12 mingdan ziyod yoshlar o‘z bilim va mahoratini oshirmoqda.
E.YODGOROV,
O‘zA muxbiri