“IXLOS XALOS”mi?
yoki platsebo samarasi nimani anglatadi?
Platsebo samarasi tibbiyot xodimlari tomonidan aniqlangan bo‘lib, shifokorning bemorga ma’lum omilning (dori-darmon yoki ta’sir uslubining) kutilgan natija berishiga ishontirishga asoslanadi. Holbuki ushbu davo vositalarining o‘zi hech qanday ta’sirga ega bo‘lmasada, bemorlar ishonchi haqiqatdan ham mo‘jiza yarata oladi. Agar bemor ushbu dori uning salomatligiga ta’sir qilishiga ishonsa, chindan ham uning ahvoli yaxshilanadi.
Ikkinchi jahon urushi davrida platsebo hodisasini o‘rganishga chuqur kirishilgan. Frontlardagi gospitallarda og‘riqsizlantiruvchi dori vositalari yetishmaganligi sababli bemorlarga fiziologik eritma yuborilgan. Shunda anesteziolog Genri Bicher ba’zi hollarda ular og‘riqsizlantiruvchi dorining ta’sirini berganini kuzatgan. Urushdan qaytgach shifokor Garvard universitetidagi hamkasblari bilan ushbu fenomen (favquloddagi hodisa)ni o‘rganishga kirishdi. Platseboning kuchli omili shifokorning bemorda dori kuchiga bo‘lgan ishonchini orttirish hisoblanadi. Ushbu mo‘jizaviy holatni namoyish qilish uchun ko‘plab ikki yoqlama tajribalar o‘tkazilgan. Shulardan biri rezerpin dori vositasining foydali ta’sirini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvdir.
1953 yilda psixiatr E.Mendel Puerto-Riko va Virginiya orollaridan kelgan fuqarolar davolanadigan Vashington tevaragidagi Sent-Elizabet nomidagi psixiatriya shifoxonasida ishlagan. Bu yerda davolanayotgan aksariyat bemorlar yovsirash xuruji va agressiv (tajovuzkor) xulqi tufayli shifoxonaga yotqizilgan edi. Ba’zi bemorlar o‘ta xavfli bo‘lgani tufayli ularni maxsus shifoxona kiyimlarida saqlashgan. Mendelni esa shifoxona ichida doimo ikki nafar xodim qo‘riqlab yurgan. Bemorlar ingliz tilini Mendel esa ispan tilini bilmagani sababli ular bilan bo‘lgan muloqot yanada qiyinlashgan. O‘sha davrlarda yangi trankvilizator-rezerpin, aynan shunday bemorlar toifasiga juda yaxshi natijalar bergani tufayli tez orada ommalashib ketgan. Shifoxona rahbarlari ushbu dori vositasini ikki yoqlama ko‘rinmas uslubda chuqur tekshirishga qaror qilishdi. Bemorlar qay biri haqiqiy dorini, qay biri qalbaki (shirin hapdorilar) dorini qabul qilishi haqida axborotga ega emas edilar. Shifokorlar esa qaysi bemor dori vositasini qabul qilayaptiyu, qaysi bemor uni qabul qilyapman deb tasavvur qilayotganini bilishmas edilar. Mendel bemorlarga yangi dori vositasining foydaliligini, tez ta’sir qilishini va hech qanday salbiy natijaga olib kelmasligini tushuntirib berdi. Ushbu klinik tadqiqotda kimlar ishtirok etayotganini bemorlar bilishar edi.
Klinik tekshiruv bir necha oy davom etdi. Tez orada Mendel dori vositasi bemorlarga ijobiy ta’sir qilganini kuzatdi. Bemorlar ancha tinchlandi, ularning xulqi o‘zgardi va xushmuomilalik kayfiyati uyg‘ondi. Shundan so‘ng bemorlardan tinchlantiruvchi kiyimlar ham yechib tashlandi. Mendelning o‘zi esa ruhiy yuksalishni boshidan kechirdi. Chunki, u rezerpin dori vositasi psixiatriyada, ayniqsa agressiv bemorlarga nisbatan ijobiy natijalar berishiga ishonar edi.
Uning bemorlari qalbaki dori vositasini qabul qilganini bilganidan so‘ng Mendel hayratda qoldi. Bemorlar yuzu ko‘zida paydo bo‘lgan do‘stona tabassum, hazilnamo ishoralar, shifokor fikricha ular aynan rezerpin dori vositasini qabul qilishayotganing natijasi deb hisoblar edi. Barcha tekshiruvlarni diqqat bilan tahlil qilgan Mendel bemorlardagi ijobiy o‘zgarishlar, aynan mutaxassisning ularga nisbatan bo‘lgan iliq munosabati tufayli yuzaga kelganini tushundi.
Platsebo samarasi bemorning shifokorga bo‘lgan kuchli ishonchi, undan najot topishiga anglanmagan holdagi ixlosi, tashqi ta’sirga beriluvchanlik xususiyati bilan bog‘liq. Ushbu holat, tibbiy dori-darmonlarning foydaliligini bemorlar ongiga ta’sir qilishning ahamiyatini o‘rganish jarayonida qo‘llaniladi. Bunda bir guruh bemorlarga haqiqiy dori berilib, uning ta’siri tahlil qilinadi. Ikkinchi guruh bemorlarga esa platsebo beriladi. Agar dori vositasi haqiqatdan ham ijobiy natija bersa, u holda uning platseboga nisbatan ta’sir foizi ko‘proq bo‘lishi kerak. Klinik tekshiruvlar jarayonida platsebo hodisasining nisbati o‘rtacha 5-10 foizni tashkil etadi. Tekshiruvlarda shuningdek salbiy ta’sirni ham (notsebo) kuzatish mumkin. Qaysiki qalbaki dori vositasidan bemorlarning 1-5 foizi noqulaylik (allergik reaksiya, ko‘ngil aynishi, yurak faoliyatining buzilishi) his qilishadi. Klinik tahlillar shuni ko‘rsatdiki bemorlarning notsebo hodisasini chaqirish jarayonida asabiy xodimlarda ham noqulaylik kuzatilgan, tinchlantiruvchi dori bemorlarga berilgan hollarda esa xodimlarning ko‘nglida ham sokinlik kuzatilgan. Ushbu hodisa “platsebo-rikoshet” nomini olgan. O‘ta ta’sirchan bemorlarga ahvolini yaxshilash va ortiqcha dori vositalarini qabul qilmasliklari uchun shifokorlar neytral dori vositalari buyurishadi.
Gomeopatik (tabiiy) dori vositalarining ijobiy ta’siri ham qisman aynan platsebo hodisasini aks ettiradi. U nafaqat tajribada, balki ma’lum bir davolash muolajasining imitatsiyasi(bo‘rttirib ko‘rsatish) davrida, suhbat ta’sirida bemorning psixologik va ichki organizmning zaxiralari xastalikka qarshi safarbar etilgan hollarda ham ijobiy natija beradi. Hattoki o‘rganilgan va ommaga yaxshi tanish bo‘lgan dorilarni tavsiya etishda ham shifokorlar platseboni qo‘llashga harakat qilishadi.
Yorqin ranglardagi yirik tabletkalar rangi bo‘g‘iq va kichik hapdorilarga nisbatan yaxshiroq ta’sir qiladi. Vaholanki, ikkala dori vositasining kimyoviy tarkibi va dori bioekvivalenti bir xil. Shunga qaramasdan mashhur farmatsevtika kompaniyalarining dori vositalari ommaga kam taniqli bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar dori vositalariga nisbatan yaxshiroq ta’sir qiladi.
Platsebo hodisasining asosi dori vositasini ma’lum ta’sirga ega ekanligini bemor ongiga singdirishdan iboratdir. Bosh miya (dori vositasi ta’sirini qisman o‘rnini bosa oladigan) endorfin (baxtiyorlik gormoni)lar ishlab chiqarishi natijasida, hamda immunitetning ko‘tarilishi, organizmning himoya kuchlarini mustahkamlanishi hisobiga kutilgan natija olinadi. Platseboning organizmga ijobiy va samarali ta’siri, bemorning ongiga singdirish darajasi, uning fiziologik imkoniyatlari, kerakli kimyoviy moddalarning paydo bo‘lishiga ham bog‘liq.
Shifokorlar oldindan platsebo ta’siridan foydalanib kelishgan. XIX asrning mashhur terapevti M.Mudrov bemorlarini uch xil nomdagi kukunlar bilan davolagan. Ular “oltin”, “kumush”, “oddiy” deya atalar edi. Kukunlar xuddi shu rangdagi qog‘ozlarga o‘ralardi. Mudrov kukunlari juda ko‘p kasalliklarni davolagan va mo‘jizakor ta’sir ko‘rsatgan. Shifokor o‘limidan so‘ng bu kukunlar oddiy maydalangan oq bo‘r (mel) bo‘lib chiqdi. Bemorlarning shifokorga bo‘lgan kuchli ishonchi, psixologik ta’sirchanlik ularga shifobaxsh ta’sir ko‘rsatgan. Platsebo tajribasi haqida shifokorning o‘zi shunday yozgan edi: “Shifokorning san’ati “ko‘ngil uchun dori” yaratishda mujassamlanadi. Bu dorilar jahli chiqqanni tinchlantiruvchi, sabrsizni ovuntiruvchi, alamzadani to‘xtatuvchi, qo‘rsni qo‘rqituvchi, uyalchangni mard qiluvchi, odamovini shinavanda qiluvchi, umidsizga ishonch bag‘ishlovchi ta’sirga ega bo‘lishi kerak.
Platsebo ta’sirini shifokorning obro‘-e’tibori yanada kuchaytiradi. Ya’ni, mashhur shifokorlar tomonidan yozilgan dorilar mahalliy poliklinika shifokori yozgan doridan ko‘ra bemorga kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi.
Tadqiqotlarda kuzatilishicha asosan platsebo samarasi hammaga birdek ta’sir ko‘rsatadi, lekin ekstravert – emotsional noturg‘un, tashqi ta’sirga beriluvchan insonlarga ko‘proq ta’sir etadi. Intravertlar – hamma narsaga ishonchsiz va shubha bilan qarovchilar esa platsebo ta’siriga ko‘p ham berilavermaydilar.
Shunday ekan tezroq sog‘ayib ketish va umuman kasallanmaslik uchun inson o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmasdan doim yaxshi niyat qilishi kerak. Qadimda sharq tabiblari ham behudaga “ixlos-xalos” demaganlar. “Yaxshi niyat – yarim davlat” deydi dono xalqimiz.
Azizlar, atrofimizdagi insonlarga mehr-muhabbat bilan qaraylik. Yordamga muhtoj va ko‘ngli yarimlarni qo‘llab-quvvatlash esa ruhimizga orom beradi. Ko‘nglimizda xotirjamlik paydo qiladi. Har kunimiz shukronalikka to‘lig‘ bo‘lsin, desangiz savob ishlar qiling va duo oling. Shundagina yon-verimizda ruhi shikasta odamlar kamayadi. Ruhan va jismonan barkamol insonlar yuzidan esa nur yog‘iladi. Shu ilohiy nur barchamizga nasib etsin.
Shoira GAZIYEVA,
O‘quv-davolash kompleksi tibbiyot kolleji o‘qituvchisi,
Shayxontohur tumani