DEHQON VA ShER
Jaloliddin Rumiy (1207-1273) Balx shahrida tug‘ilib o‘sdi. Uni ba’zan Jaloliddin Balxiy deb ham atashadi.
Rumiy she’riyatning barcha shakllarida mukammal ijod qildi. U bitgan g‘azallar, ruboiylar va masnaviylar she’riyat bo‘stonining durdonasiga aylangan. Rumiy asarlarida tashbehlarga o‘ralgan falsafiy, so‘fiyona, teran g‘oyalarga keng o‘rin berilgan.
***
Bir kuni tunda sher dehqonning og‘ilxonasiga kirib, sigirini yebdi-da, o‘sha yerning o‘zida dam olgani cho‘zilibdi. Dehqon esa tunda uyg‘onib, shamni ham yoqmasdan sigiridan xabar olish uchun og‘ilxonaga yo‘l olibdi. U og‘ilxonaga kiribdi-da, paypaslanib sherning yelkasini silabdi. Shunda sherning xayolidan shunday so‘zlar o‘tibdi: “Eh, ikki oyoqli nodon-a! U meni sigir deb o‘yladi. Kunduz kuni bo‘lganda meni ko‘rib, tanamga qo‘l tekkizish uyoqda tursin, qo‘rqqanidan o‘takasi yorilardi!”
Ey dono odam, sen eng avvalo narsalarning mohiyatini bil, ularning aldamchi shakliga ishonma!
* * *
Ko‘zguda hamma narsa teskari ko‘rinadi. Ammo biz ko‘zgusiz o‘zimizni hech qachon ko‘rolmagan bo‘lardik.
* * *
Sen menga so‘z ojiz, deding. Agar o‘zingni haq deb bilsang, u holda so‘zning ojizligi haqidagi so‘zlaring ham ojizdir.
* * *
Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin ko‘ngil.
* * *
Ezgulikdan bir qal’a barpo aylangkim, mahkamlikda anga hech narsa teng bo‘lolmas.
* * *
Bu olam bir boru bir yo‘q. Asta-asta ketganlar – yo‘q, asta-asta kelguvchilar bor.
* * *
Ay, g‘uncha! O‘zlikni namoyon etmoqni o‘rgat!