O‘SMIRLIK G‘O‘RLIK DEGANI EMAS
Har bir inson, avvalambor oilada tarbiyalanadi. Shuningdek, bola kamolotida ta’lim muassasalarining o‘rni ham beqiyos. Ayniqsa, kollej davrida o‘smirlar o‘zini erkin his qilishga intiladi. O‘qituvchilar aynan shu davrda o‘smirlarga jiddiy e’tibor qaratishlari va o‘quvchi bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnatishlari lozim. Bu davrda pedagog o‘smirning psixologiyasi, oilasi, ko‘cha muhiti, o‘rtoqlari bilan munosabatlarini to‘g‘ri baholab, ota-onani boxabar qilishi kerak. O‘z navbatida ota-ona ham farzandini tushunishi, u bilan muntazam muloqotda bo‘lishi, muammolarini hal qilishga ko‘maklashishi shart.
O‘smirlik davri insonning boshqa davrlardan o‘zining nisbatan qiyinroq, murakkabroq kechishi bilan farqlanib turuvchi davrdir. Bu payt taxminan bolalarning 11-12 yoshdan 14-15 yoshgacha bo‘lgan davr oralig‘ida kechadi. Ayrimlarida bu davr 1-2 yil ertaroq yoki kechroq kuzatilishi ham mumkin.
O‘smirlik og‘ir, murakkab davr ekani ko‘plab psixologik, fiziologik, ijtimoiy omillar bilan bog‘liq. Ayni shu yoshda rivojlanishning barcha jihatlari – jismoniy, aqliy, axloqiy, ijtimoiy omillarning mazmun-mohiyati ham o‘zgaradi. Uning o‘z-o‘ziga va atrofdagilarga nisbatan bo‘lgan munosabati butunlay boshqacha xarakter kasb etib boradi. Uning o‘z “meni” shakllanib, shu “meni”ning ahamiyati ortadi.
Ma’lumki, bola dunyoga kelgan kundan kimningdir qaramog‘iga muhtoj bo‘ladi. Ota-onasi farzandining barcha moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondiradi, tarbiyalaydi va uni muntazam nazorat qiladi. Ular bolani har tomonlama qo‘llab-quvvatlab turadilar va bola bunday qo‘llab-quvvatlash, daldalarga muhtojlik his etib turadi.
O‘smirlarda suyaklar va mushak tizimining jadal o‘sishi ortida uning ichki a’zolari – yurak-o‘pka, me’da-ichak yo‘llari rivojlanishi hamma vaqt o‘zgaravermaydi. Yurakning o‘sishi qon-tomirlari o‘sishidan ilgarilab ketadi. Oqibatda qon bosimi ortadi va birinchi navbatda yurakning ishlashi qiyinlashadi. Yurakning yetarlicha ishlay olmasligi esa o‘g‘il va qiz bolalarda ko‘pincha bosh aylanishi, rangning oqarishi holatlarining kuzatilishiga olib keladi. Bundan bosh og‘rig‘i, tez toliqish, vaqti-vaqti bilan lanj bo‘lish kabi belgilar kuzatiladi. Jinsiy balog‘atga yetish davri tugashi bilan bunday o‘zgarishlar odatda izsiz yo‘qolib ketadi.
Balog‘atga yetish davrida o‘smir organizmining normal jismoniy rivojlanishi muhim rol o‘ynaydi. Bu davrda turli xil servitamin ovqatlarni yetarlicha iste’mol qilish, shuningdek, ochiq havoda sayr qilish, sport bilan shug‘ullanishi lozim. Shu o‘rinda bir muammoni aytib o‘tmoqchiman. Ayrim ota-onalar farzandlarini o‘smir davridayoq, ya’ni 16,17,18 yoshlardan turmushga berishga shoshiladilar. Vaholanki, bu davrda qiz bola ham jismonan, ham psixologik jihatdan hayotga tayyor bo‘lmaydi.
Tabiatning o‘zi ota-ona va farzandni bir-biriga bog‘lab qo‘ygan. Ularni o‘ziga xos muhabbat tuyg‘usi bir-biriga bo‘lgan ehtiyojni ushlab turadi. Ota-ona bolasiga g‘amxo‘rlik qilishga harakat qiladi. Bolalar buni tushunadi, ammo aksariyat hollarda qabul qilmaydi. Buning mohiyati shundaki, bu yerda ota-onalar yagona maqsad bilan bolani tarbiyalaydilar. Axir bolalarga haqiqiy ota-ona mehri zarurdir. O‘smir o‘sayotgan oilada adolat, qadriyatlar, intizom, yoyinki barcha yaxshi xislatlar mavjud bo‘lmasa, o‘smir o‘zini yomon his etadi. Bu yerda ularda hurmatsizlik, ishonchsizlik shakllanadi.
Muhimi, ota-onalar bolalar hatti-harakati, motivlarini tushunishga harakat qilishlari, mustaqil fikrlashini hurmat qilishlari zarur. Shu o‘rinda sizga ayrim tavsiyalarimizni berib o‘tmoqchi edim.
Farzandingizni kim bilan do‘stlashganini, u qanday oilaning farzandi ekanligini, yana qanday odatlari mavjud, uning psixologiyasi bilan qiziqing va aniqlang.
Bolangiz o‘smirlik davrini boshidan kechirayotganligi uchun u bilan yumshoq muomalaga kirishing. Uni samimiy suhbatga chorlang. Ota o‘g‘il farzand bilan organizmidagi o‘zgarishlar tabiiyligi, shunday jarayonni o‘zi ham boshidan o‘tkazganligini aytishi va unga to‘g‘ri tavsiya va maslahatlarini berishi lozim. Onalar ham qizlariga gigiyenik jihatdan yondashib, qiz boladagi psixofiziologik o‘zgarishlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri tushuntirishlari lozim.
O‘smirlik davrining yana bir qiyin tarafi shundaki, yosh yigit-qiz shu davrda qiyin tanlovda bir to‘xtamga kelishi kerak, ya’ni ular kasb tanlashi kerak. Albatta bunga uning ichki xohish-istagi va qobiliyati asos bo‘ladi. Lekin shunday bo‘lsa ham ota-ona maslahati va e’tibori zarurdir.
Bugungi kunda farzandlarimizning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk inson bo‘lib o‘sishlari, ularning bilim olishlari uchun mamlakatimizda barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Prezidentimiz tomonidan o‘smir yoshdagi o‘g‘il-qizlarimizni to‘g‘ri tarbiyalash, ularning oiladagi, jamiyatdagi mavqeini mustahkamlashga jiddiy e’tibor berilmoqda.
Bu borada Sirdaryo viloyati Sardoba tumani Paxtaobod qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida ham bir qancha ishlar olib borilmoqda. Masalan, ota-onalar majlislari, seminar-treninglar, davra suhbatlari va turli xil kechalar muntazam ravishda o‘tkazilib borilmoqda. Bular o‘quvchi-yoshlarga nima beradi? O‘quvchi davralarda o‘zini to‘g‘ri tutishni, fikrini erkin bayon etishni o‘rganadi. Uning nutqi ravonlashadi, o‘ziga ishonchi ortadi va haddan tashqari tortinchoqlikdan xalos bo‘ladi.
Ota-onalarimiz farzandlarining kollejdagi o‘qishi va ahvolidan tez-tez xabar olib turishi, pedagog bilan suhbatlashib, farzandining kamoli uchun birdamlikda harakat qilishlarini tavsiya etgan bo‘lar edik.
Aziz ota-onalar! Farzandingiz qalbiga quloq soling. Uni tinglang, u o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolmasin. Shuningdek, o‘z farzandingizga maslahatgo‘y va psixolog bo‘ling. Bolangizning begonalardan najot izlashiga yo‘l qo‘ymang.
Madina RUSTAMOVA,
Sardoba tumani Paxtaobod qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji pedagog-psixologi