GRIPP ASORATI BILAN XAVFLI
Ma’lumki, gripp tez tarqaladigan yuqumli kasalliklardan biridir. Gripp epidemiyasi deyarli har yili qayd etilib, umumiy aholining 20-25 foizi bu kasallik bilan xastalanadi. Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, aviayo‘lovchilar o‘rtasida grippga chalingan ming-minglab kishilar kasallikni dunyo miqyosida tarqalishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, bugungi kunda aholi yig‘iladigan juda ko‘p tadbirlar (madaniy, sport va hokazo) ham aholi o‘rtasida gripp kasalligining keng tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.
Kasallikning eng katta pandemiyasi 1918-1919 yillarda kuzatilgan bo‘lib, taxminan 500 millionga yaqin kishi kasallanib, shulardan 40 milliondan ortig‘i vafot etgan. Grippning ushbu pandemiyasi “ispanka” nomi bilan tarixda qolgan. 1957 yilda asosan Xitoy va Yaponiyada bo‘lib o‘tgan grippning “Osiyo pandemiyasi” va 1968-1969 yillarda bo‘lgan “Gongkong pandemiyasi”dan 4 millionga yaqin kishi gripp asoratlaridan vafot etgan. Xastalik yuqori nafas yo‘llaridagi o‘tkir yuqumli kasalliklarning 50 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi. Bu kasallik mavsumiylik xususiyatiga ega bo‘lib, asosan yilning kuz va qish oylarida qayd etiladi.
Gripp yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi, tana harorati ko‘tarilishi va organizmning umumiy zaharlanishi bilan kechadigan, juda tez tarqalish xususiyatiga ega bo‘lgan yuqumli kasallikdir. Ushbu kasallikni virus qo‘zg‘atadi. Virus inflyuensavirus avlodiga mansub bo‘lib, ularning 3 ta turi (serotiplari) mavjud — “A”, “V”, “S”. Gripp virusining “A” turi 1933 yilda U. Smit, K.Endryus, P. Leydlou, “V” turi 1940 yilda T. Frensis, T. Medjili va “S” turi 1947 yilda R. Teyler tomonidan kashf etilgan. Sobiq ittifoqda esa gripp viruslari L.Smorodensev (1936) va L.Zilber (1937) tomonidan ajratilgan hamda gripp epidemiyalarining barchasi virus tabiatli ekanligi isbotlab berilgan. “A” turdagi gripp virusi “V” va “S” turdagi gripp viruslaridan farqli o‘laroq, asosan kasallikning og‘ir turlarini keltirib chiqaradi. “A” turdagi gripp virusi odamda, parrandalarda va ba’zi bir sut emizuvchi hayvonlarda xastalik qo‘zg‘atadi. O‘tmishda odamlar o‘rtasida qayd etilgan barcha epidemiya va pandemiyalarni aynan “A” turdagi gripp virusi qo‘zg‘atgan. “A” turdagi gripp virusi o‘ta o‘zgaruvchanligi bilan “V” va “S” turdagi gripp viruslaridan farq qiladi. “V” turdagi gripp virusi kasallikni faqat odamlarda qo‘zg‘atadi. Bu turdagi virus uncha katta bo‘lmagan gripp epidemiyalari sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. “S” turdagi virus qo‘zg‘atadigan kasallik juda yengil o‘tadi. Kasallik alomatlari yaqqol rivojlanmagan bo‘ladi yoki umuman belgilarsiz kechishi mumkin. Shu bois grippning “S” virusi qo‘zg‘atgan kasallik faqat laboratoriya tekshiruvi o‘tkazilishi natijasida aniqlanadi.
Gripp viruslari tashqi muhitga chidamsiz. Qizdirilganda va qaynatilganda, xona sharoitida, quyosh nuri ta’sirida tez nobud bo‘ladi. Dezinfeksiyalovchi vositalar (xlorli ohak, xloramin, gipoxlorid kalsiy va boshqalar) ta’sirida bir zumda halok bo‘ladi. Past haroratda viruslar uzoq vaqt davomida tirik saqlanadi. Gripp viruslarini tarqatuvchi manba -bemorlar hisoblanadi. Ushbu kasallikda virus tashuvchanlik shakllanmaydi. Shu sababli grippga chalingan bemor kasallikning yagona manbai hisoblanadi. Mavsumiy gripp faqat odamdan odamga yuqadi, kasallik odamdan hayvonga yuqmaydi. Parranda grippi esa mavsumiy grippdan farqli ravishda, parrandalardan odamlarga yuqadi, lekin kasallikning odamdan odamga, odamdan parrandaga yuqishi isbotlanmagan.
Gripp kasalligida viruslar sog‘lom odamlarga bevosita ko‘rpa-to‘shakdan, sochiq, idish-tovoq, piyola, qoshiq-sanchqi, kamdan-kam hollarda o‘yinchoqlardan yuqishi mumkin. Kasallik sog‘lom odamlarga havo-tomchi yo‘li bilan yuqadi. Bemor yo‘talganda, aksirganda, hattoki nafas chiqarganda, gaplashganda, atrof-muhitga ko‘p miqdordagi viruslarni tarqatadi. Viruslar bilan zararlangan havodan nafas olgan sog‘lom kishilar xastalikni yuqtirib oladi. Bemor kasallikning yashirin davrida va boshlangandan keyin, bir necha kun (o‘rtacha 4-5 kun) mobaynida yuqumli bo‘ladi. Kasallik bemorning faqat yuqori nafas yo‘llari orqali yuqadi. Sog‘lom kishining yuqori nafas yo‘llari shilliq pardasi hujayralari ichiga kirib viruslar ko‘payadi va ularni yemiradi. Viruslar ta’sirida yuqori nafas yo‘llari shilliq pardasining hujayralari nobud bo‘la boshlaydi. Shilliq pardalar yallig‘lanib, shishadi va bemorda tumov alomatlari qayd etiladi.
Xastalikning yashirin davri 12 soatdan 3 kungacha, o‘rtacha 1-2 kun davom etadi. Kasallik to‘satdan boshlanadi. Soppa-sog‘ yurgan odam birdaniga mazasi qochib, a’zoi badani uvishib, tana harorati ko‘tariladi. Oradan 1-2 soat chamasi vaqt o‘tgach, kasallikning boshqa alomatlari yuzaga chiqadi. Tana harorati ko‘tarilib, bemor sovuqqotadi, qaltiraydi. Boshi va qo‘l-oyoqlari, mushaklari zirqirab og‘riydi. Bemor o‘zini yomon his etadi. Organizmning zaharlanishi kuchayadi. Boshning peshona va chakka sohasida, ko‘z soqqasida og‘riq paydo bo‘ladi. Burun bitib, nafas olish qiyinlashadi, burundan ajralma chiqadi, ishtaha yomonlashadi. Bemor ko‘p terlab, umumiy holsizlik kuzatiladi.
Ushbu kasallik, ayniqsa, bolalar va qariyalarda og‘ir kechadi. Grippga chalingan bolalarda ham kasallik alomatlarining barchasi kuzatiladi. Bola injiq, yig‘loqi bo‘lib qoladi. Kasallik avjiga chiqqanda bola alahsiraydi, talvasaga tushadi, qusadi. Burun-lab sohasi bo‘zarib ko‘kimtir tus oladi, yuzi qizaradi. Ishtaha buzilib, hech narsa yemay qo‘yadi. Kasallikda asorat qayd etilmasa, 2-3-kuni tana harorati me’yoriga tushadi. Kasallik alomatlari 5-6-kunga borib asta-sekin yo‘qola boshlaydi. Aksariyat hollarda kasallikning ayrim belgilari 7-10 kungacha ham saqlanib turishi mumkin. Gripp kasalligi yengil, o‘rta og‘ir, og‘ir va o‘ta og‘ir shakllarda kechadi. Kasallikning o‘ta og‘ir shakli ba’zi holatlarda o‘lim bilan yakunlanadi. Kasallik o‘zidan asoratlar qoldiradi. Xastalikdan keyin bemorda meningit (miya pardasi yallig‘lanishi), otit (o‘rta quloq yallig‘lanishi), bronxit (bronx yo‘llari yallig‘lanishi), zotiljam (o‘pka to‘qimasi yallig‘lanishi) va boshqa bir qator asoratlar qoldiradi. Ba’zilar bu kasallikka yetarli e’tibor bermasdan, uni «oyoqda» o‘tkazadi, o‘zboshimchalik qilib davolanadi. Bu esa yuqorida ko‘rsatilgan asoratlarga va ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Agar oila a’zolaridan birida gripp kasalligi alomatlari paydo bo‘la boshlasa, uni bog‘chaga, maktabga, o‘quv yurtlariga va ishga yubormaslik kerak. Bemorni uyda alohida, ya’ni izolyasiya qilish kasallikni tez va asoratsiz davolashda eng muhim chora-tadbirlardandir. Bemorni alohida xonaga yotqizib, zudlik bilan uyga hududiy poliklinika yoki boshqa xizmat ko‘rsatadigan davolash-profilaktika muassasalaridan shifokor chaqirish kerak. Unga ko‘p miqdorda turli xil suyuqliklar (limon choy, meva sharbatlari, na’matak damlamasi, qatiq, asalli choy) va yengil hazm bo‘ladigan ovqatlar kerak. Bemor ishtahasi va xohishiga qarab, suyuqliklar va ovqatlar berish lozim. Xasta kishi foydalangan sochiq, dastro‘moldan boshqalar foydalanmasligi zarur. Ularni qaynatib yuvish, keyin dazmollash lozim. Idish-tovoqlar, qoshiq-sanchqi va piyola ham bemor tomonidan foydalanilgach, darhol qaynatilishi kerak. Bemor qat’iyan vrach tavsiyalari asosida davolansa, grippdan tez va asoratsiz tuzalib ketadi.
Sog‘lom turmush tarziga e’tibor berish, xususan kun tartibi va ish rejimiga rioya qilish, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish, suv muolajalari bilan tanani chiniqtirib borish, to‘g‘ri ovqatlanish, ochiq havoda sayr qilish, gripp kasalligidan saqlanishda muhim ahamiyat kasb etadi. Gripp kasalligining oldini olishda, kasallikka qarshi emlashning ham ahamiyati katta. Hozirgi kunda yaxshi samara beradigan bir qator vaksinalar amaliyotda qo‘llanilayapti. Grippga qarshi emlatish, shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra amalga oshirilgani ma’qul. Bu kasallikka chalinib, davolanishdan ko‘ra, uning oldini olgan afzal. Xavfli va jiddiy asoratlar qoldiradigan grippdan saqlanish, birinchi navbatda har bir kishining o‘ziga bog‘liqligini unutmasligimiz kerak.
Qo‘yli YO’LDOSHEV,
oliy toifali terapevt.