Mehr manzili manzaralari

Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universitetining “Umumiy pedagogika” kafedrasi professor-o‘qituvchilari turli tashkilotlar bilan hamkorlikda talabalarning bo‘sh vaqtlarini ko‘ngilli tashkil etish, ularni umrining har bir daqiqasidan unumli foydalana olishga o‘rgatish, bo‘lajak o‘qituvchilarning siyosiy, axloqiy, fuqarolik, huquqiy, ekologik, jismoniy, estetik tarbiyasiga alohida e’tibor berishadi. Talabalarning nafaqat nazariy, balki kasbiga bo‘lgan mehr-muhabbatini shakllantirish doirasida ham tadbirlar uyushtirishadi. Kafedra a’zolari yangi yil arafasida “Musiqa” fakulteti talabalari bilan birga Toshkent shahar Yunusobod tumanida joylashgan 21-sonli “Mehribonlik” uyida mehmon bo‘lishdi.

Tadbirda “Umumiy pedagogika” kafedrasining mudiri Bekzod Xo‘jaev va professor Dilnoz Ro‘zieva bolalarni kirib kelayotgan yangi yil bilan tabriklab, ularni baxtli kelajagiga ishonch, uning uchun doimo sa’y-harakatda bo‘lish, ezgulikka intilish, hayotdan yaxshiliklar qidirib yashashga da’vat etdilar. “O‘zbekistonimiz – buyuk davlat” mavzuida universitet talabalari bilan bolalarning samimiy muloqati bo‘lib o‘tdi. Quyida professor Dilnoz Ro‘zievaning “Mehribonlik” uyidan olgan tassurotlari, mushohadalarini e’tiboringizga havola qilamiz.

Tadbir ko‘tarinki ruhda tashkillashtirildi. Universitetimiz talabalari bolalar bilan ular istagan mavzuda ochiq muloqot, samimiy suhbat olib bordilar. Kuy-qo‘shiq hamohangligida barcha bolalar va o‘spirinlar yayrab raqsga tushdilar. Ularning davrasiga qo‘shilar ekanman, shu payt menga qarab, taqlid qilib raqsga tushayotgan qizchaga nazarim tushdi. Quralay ko‘zlari, nimtabassum yuzlarida menga intilishni sezdim. “Qizim, isming nima?” – so‘radim sochlarini silab. “Zilola” – dedi-da meni qattiq quchoqlab oldi. “Siz mening onamga o‘xshaysiz” dedi u astagina xo‘rsinib. Tadbir yakunigacha mening atrofimdan ketmadi, qizchaning bot-bot nozik qo‘lchalari bilan meni mahkam quchib, boshini ko‘ksimga bosib, ko‘zlarini yumib turishi tadbir qatnashchilarining qalblarini larzaga soldi…

Zilolani kuzatar ekanman, talabalik yillarim yodimga tushdi. Talabaligim Rossiya Federatsiyasining Belgorod shahrida o‘tgan. Dastur bo‘yicha 2-kursdan boshlab boshlang‘ich amaliyot o‘tishimiz kerak edi. Yotoqxonamizdan uncha uzoq bo‘lmagan joyda Bolalar uyi joylashgan edi. Biz dugonam Rahima bilan o‘sha muassasada pedagogik amaliyot o‘taganmiz. Bizning vazifamizga kirmasa-da, ertalab soat oltida turib, u yerga borardik, bolalarning yuvinib, kiyinishlariga yordamlashib, oshxonaga kuzatib, so‘ng darsimizga ketar edik. O‘qituvchilarimiz bergan topshiriqlarni bajarish bilan birga mehrga muhtoj bolalarga yaqinlashib, ularni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilardik. Tushdan keyingi tadbirlarida ham ishtirok etar edik. Nozikkina Svetlana ismli 5-sinf o‘quvchisi bo‘lar edi. Bir gal kichkinagina suhbatdoshim ko‘zimga tikilib, nenidir pichirlaganini eshitdim. Boshimni egib, unga quloq soldim. “Dilnoz Isomjonovna, siz mening onam bo‘lganingizda edi”, dedi qizcha o‘zining tilida…

Яна ўқинг:  Тошкент манзаралари

Hozir Svetlana Xarchenko Belgorod shahridagi “Bolalar” uyining direktori. Biz u bilan yaqin qarindoshlardek bo‘lib ketganmiz. Yaqinda u O‘zbekistonga keldi. Mamlakatimizdagi “Mehribonlik” uylari bilan tanishib, ulardagi shart-sharoitlarga yuqori baho berdi. Yurtimizda ijtimoiy himoya ustuvor vazifalardan biri ekanini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

Men unga ko‘ngli yarimlarga g‘amxo‘rlik qilish, ota-onasiz va boquvchisini yo‘qotgan bolalarga mehr ko‘rsatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan bo‘lganini aytdim.

Xususan, XI asrda yashagan alloma Yusuf Xos Hojib ham o‘z asarlarida “qashshoq, tul, yetimlarga mehribon ko‘ngil” bo‘lish eng yuksak insoniy fazilatlardan biri ekanligini ta’kidlaydi. Bu toifa kishilarga mushkul vaziyatlarda yordam ko‘rsatish, ularning ko‘nglini ko‘tarish, mehr-shafqat ko‘rsatish, mehribonlik qilish “chin adolat”ning yorqin ko‘rinishi ekanini yozib qoldiradi.

So‘fiylik tariqatining namoyandalaridan biri – alloma Ahmad Yassaviy faoliyatida g‘arib, faqir kishilar va yetimlarga mehribonlik qilish, ularga yordam qo‘lini cho‘zish alohida o‘rin tutgani uning mazkur satrlarida o‘z ifodasini topgan:

G‘arib, faqir kishilar, yetimlarni(ng) ko‘nglin ovlab,

Ko‘ngli qattiq xaloyiqdan qochdim mano.

Ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy yetim bolalarning boshini silagan shaxslardan biri sanaladi. Tarixda uning jamoat arbobi sifatida madrasalarni bunyod etishdagi xizmatlari e’tirof etilgan. Mazkur madrasalarda yetim bolalar uchun ham maktablar ochganligi e’tiborga molik. Alloma mehrga ehtiyojmand bolalarning nafaqat ta’lim olishlari uchun shart-sharoitni yaratibgina qolmay, shu bilan birga ularni o‘z hisobidan kiyim-kechak, oziq-ovqat, kitob va yozuv qurollari bilan ham ta’minlagan. Madrasani tugatganidan keyin esa ularni iste’dodi va qiziqishiga qarab ishlarga joylashtirgan.

Istiqlol yillarida ana shunday milliy urf-odat va qadriyatlardan kelib chiqib, aholini ijtimoiy himoyalashga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda. Prezidentimiz “Aholining muhtoj tabaqalarini ijtimoiy himoyalash sira kechiktirib bo‘lmaydigan eng ustuvor vazifa, amaliy harakatlarning eng asosiy qoidasi bo‘lib keldi va shunday bo‘lib qoladi”, deb mustaqillikning ilk yillaridayoq ta’kidlagan edi. Shunday ekan, bo‘lajak o‘qituvchilarni tarbiyalashda talabalarga nafaqat nazariy bilimlarni berish, balki kasbiy fazilatlarni shakllantirish asosiy vazifamizdan biridir. Shular haqida suhbatlasharkanmiz, u yurtimizda bu borada olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.

Joylarda ana shunday tadbirlarni ko‘plab uyushtirishimiz kerak. Zero, o‘quv rejada pedagogik amaliyotga cheklangan soatlar ajratiladi. Menimcha, har bir sohada bo‘lajak mutaxassisga beriladigan nazariy bilimlar amaliyotda o‘z tasdig‘ini topmaguncha, talaba nazariyada olgan bilimini o‘zi bajarib ko‘rmaguncha esdan chiqarish ehtimoli yuqoriroq. Xitoy faylasufi Konfutsiyning fikrlarini talabalarimga ko‘p takrorlayman: “Eshitganimni unutaman, ko‘rganimni eslab qolaman, chunki uni o‘zim bajaraman va eslab qolaman”. Demak talaba o‘qishi davomida o‘zi o‘quvchi bilan bevosita yaqin aloqada bo‘lsa, uning psixologiyasini tushunishi, pedogogik usullarni qo‘llash prinsiplarini o‘zlashtirib borishi osonroq kechadi. Mutafakkirlarimizning yaxshi hikmati bor: Chuqur bilimga ega bo‘lgan kishi o‘qituvchi emas, o‘z bilimlarini yuksak mahorat bilan yetkazib beradigan inson yaxshi o‘qituvchidir. Zo‘r ustoz-murabbiy bo‘lishi uchun esa bilim va yuksak pedagogik mahoratga ega bo‘lishi bilan birga bolalarni seva olishi lozim. Murabbiylik mahoratining oltin qoidasi bu bola bilan ishlashda avvalambor o‘qituvchining o‘zida xohish bo‘lishi kerak. Demak, talabalarimiz faqatgina pedagogik amaliyot davrida emas, balki bo‘sh vaqtida maktablarga, bolalar uylariga borib, o‘quvchilar bilan muomalaga kirishib, ularga yordam berib, bolalar bilan har xil ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilib, shunday tadbirlarga boshqa kursdoshlarini ham jalb qilishga harakat qilsalar maqsadga muvofiq bo‘ladi. Biz professor o‘qituvchilar ularni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu bo‘lajak mutaxassisning kasbiy fazilatlarini shakllantirishga benihoya yordam bo‘ladi.

Яна ўқинг:  БАЙРАМ СОВҒАЛАРИ ЖЎНАТИЛДИ

“Mehribonlik” uylarida davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratilgan. Homiylar bolalarni e’tibordan chetda qoldirmaydilar. Jonkuyar, fidoyi ustozlar “Mehribonlik” uylarining pedagog, psixologlari bolalar bilan doim birga, ularga sirdosh, madadkor.

Darhaqiqat bunday tadbirlar talabalarga bolalar bilan muloqat qilish, ularga mehr-muhabbat qo‘yish, bir so‘z bilan aytganda kasbiy sifatlarini tarbiyalashga hissa qo‘shgan bo‘lsa, “Mehribonlik” uyi bolalari qalbiga ezgulik,olam-olam shodlik olib kirdi.

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: