28 YIL DAVOMIDA 30000ga YAQIN OG‘IR VA YeNGIL JARROHLIK OPERATSIYALARINI O‘TKAZGAN ShIFOKOR

Shavkat Omonovning har kuni ana shunday qizg‘in ish jarayoni bilan boshlanadi. Shifoxonada davolanayotgan barcha bemorlar qo‘li yengil shifokorni duo qilishadi. Xastaliklarga shifo topuvchi, odamlarning dardiga malham bo‘luvchi oq libosli shifokorni ko‘rganda kishining yuziga tabassum yuguradi. Havas qilsa arzigudek kasbning o‘ziga yarasha mashaqqatlari, qiyinchiliklari ham mavjud. Bolaligidan shifokor bo‘lishni orzu qilgan Shavkat aka Toshkent pediatriya tibbiyot institutini tamomlagach, ilmiy ishini yoqladi. Kasbiga umrini bag‘ishlagan lavhamiz qahramoni ilmiy izlanishdan to‘xtamadi. Natijada professor, degan e’tirofga sazovor bo‘ldi. Yigirma sakkiz yillik mehnat faoliyati davomida o‘ttiz mingga yaqin og‘ir va yengil operatsiyalarni amalga oshirdi. Ha, Shavkat Omonovning ko‘p yillik fidoyi mehnatlari yuqori baholanib, Mamlakatimiz mustaqilligining 23 yilligi arafasida Prezidentimiz farmoniga binoan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” unvoni bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, shifoxonadagi ishlaridan ortib, Toshkent pediatriya tibbiyot institutida ham talabalarga dars beradi. Hayoti davomida to‘plagan tajribalarini kelgusi avlod vakillariga yetkazish uchun vaqtini ayamaydi. Ana shunday fidokor insonlarning mehnati samarasida tajribali yosh shifokorlar yetishib chiqmoqda.

Niholni parvarish qilsangiz kelajakda boqqa ko‘rk beruvchi, mo‘l-ko‘l hosil soladigan ulkan daraxt bo‘lib o‘sadi. Sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar zamirida ham xalqning farovon turmush kechirishi, kelajak avlodni har tomonlama sog‘lom voyaga yetkazishdek ezgu maqsadlar mujassam.

“Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deganlaridek, Aminjon ham otasining izidan bormoqda. O‘g‘il sifatida emas, shogirdlari qatorida turib saboq olayotgan Aminjonni kelajakda o‘z kasbining malakali mutaxassisi bo‘lishi shubhasiz.

– Men dadamning kasbiga havas qilaman, – deydi Aminjon Omonov. – Padari buzrukvorim butun umrini kasbiga bag‘ishlagan. Mahallada, ishda ham, o‘qishda ham atrofidagilar dadamni e’zozlaydi. Shifo topgan bemorlarning duo qilganiga ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Shu sababdan xuddi dadamdek el koriga yaraydigan, yurtga munosib farzand bo‘lish niyatida ota izidan boryapman.

Darhaqiqat, yoshlarning har tomonlama yetuk, komil inson bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Shuningdek, ularga ta’lim berib, kelajak avlodni ona yurtga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, ma’naviyatimizni tiklash, o‘zligimizni anglash yo‘lida katta hissa qo‘shayotgan, halol xizmati, jamoat ishlarida faol ishtiroki, mehnatsevarligi, vatanparvarligi bilan eldoshlari izzat-hurmatiga sazovor bo‘lganlarning mehnati hamisha qadrlangan va e’tirof etilgan.

Yana o‘qing:  Bilmay tikon bosganlar

– Ilk bor egnimga oq xalat kiyganimda qalbimni chulg‘agan hayajon oradan yillar o‘tsada hali-hanuz tark etmagan, – deydi Shavkat Omonov. – Ko‘rinishidan kasbga doir libos bo‘lgani bilan, kiygan odam uning qanchalar og‘ir ekanini his qiladi. Bu oq rang ishonch ramzi, mas’uliyat tuyg‘usi, burch tushunchasidir. Har bir bemorni tekshiruvdan o‘tkazayotganimda ana shu burch tushunchasi meni sergaklikka chorlaydi. Operatsiya bo‘layotgan bemor hayotini ishonib topshirayotganini najot ko‘zlari bilan ifodalaydi. Bu nigohlarga boqar ekanman, har safar birinchi bor jarrohlik amaliyotini o‘tayotgandekman go‘yo. Operatsiyadan so‘ng kulib turgan bemorning chehrasiga qarab, kasbimdan faxr tuyg‘usini his qilaman.

D.QARSHIBOYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: