Sulola

Inson taqdirini bir kasbga bog‘lashi uchun unga mehri, e’tiqodi bo‘lakcha bo‘lmog‘i lozim. Ana shu fidoyilik va e’tiqodning belanchagi oila sanalsa, xonadon kattalari bunga doyalik qilishadi. Zero, “katta arava qay yo‘ldan borsa kichiklari ham izidan boradi” degan maqol nechog‘li haqiqat ekanini otasining ortidan qolmay yaylov kezgan Serikbay ota misolida ko‘rish mumkin. Qishloqdoshlari hali-hanuz otasi Sagat Juzyasharovni hurmat va ehtirom bilan yodga olishadi. Chunki, chorvachilikni rivojlantirishda bu kishining ham o‘z davrida katta xizmati singgan. Serikbay otasi bilan birgalikda yaylovlarni kezib, qo‘y-qo‘zilarni o‘tlatish ularni parvarishlash barobarida cho‘ponlikka mehr qo‘ydi. Otasining o‘gitlariga amal qilgan yosh cho‘pon chorvaga butun qalb qo‘rini bag‘ishladi.

Qizilqumning o‘ziga xos erkaligi bilan birga shafqatsiz va kutilmagan sinovlari ham ko‘p. Yerdan qor ko‘tarilib, tuproqning bag‘ri ilishi bilan ko‘klamni ko‘tarib yugurgan qirlar va qum barxanlari qalblarga shijoat bag‘ishlab, ko‘ngillarni xushnud etsa, mudroq kengliklarni oppoq ko‘rpasi bilan uzoq vaqt yopib olgan qishning ayozli va achchiq sovuqlari cho‘ponni ancha tashvishga solib qo‘yadi. Bu cho‘lning tabiati ana shunday tasodiflarga boy.

Shunday bo‘lsa-da, Serikboy ota singari boy tajribaga ega cho‘ponlar bunday qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tish mumkinligini yaxshi bilishadi. Cho‘ponlik tayog‘ini unga topshirilayotganda ham ana shu boy tajribaga ishonch bildirgan bo‘lsa ne ajab. Oradan qirq yil o‘tibdi hamki, otarlarga otarlar qo‘shilib, yaylovlarni qo‘y-qo‘ziga to‘ldirdi. Mustaqillik yillarida chorvaga e’tibor kuchaydi, cho‘ponlarning mehnati qadr topdi. Ota kasbini tanlagan Serikboy Sagatovga “O‘zbekiston qahramoni” unvoni berildi. Bu mukofot uning mehnatiga, fidokorligiga qo‘yilgan yuksak bahodir.

– Bu qo‘y jonivorning ortidan yurib turmasang, niyatingga erisholmaysan. Yil – o‘n ikki oy yurgizib tursang, moling sog‘lom, baquvvat bo‘ladi. Buning uchun cho‘pon-cho‘liqdan ham katta mas’uliyat talab etiladi. Otarni bir yaylovga qamab bo‘lmaydi. Erta ko‘klamdan to yozning jaziramasigacha bir yaylovga, qirqimdan keyin boshqa yaylovga haydaymiz. Mol ham havo almashtirishi, joyini o‘zgartirib turishi kerak. Chunki, har bir yaylovning o‘ziga xos tabiati, o‘simlik dunyosi bor. Chorva ehtiyoj sezgan paytda ana shu ne’matlardan bahramand bo‘lishi lozim. Buni esa cho‘pon o‘z vaqtida sezishi talab etiladi, – deydi faxriy cho‘pon, “O‘zbekiston qahramoni” Serikboy Sagatov.

Yana o‘qing:  ONAJONIM

“Mehnat qilgan yetar murodga”, degan naql esa yana o‘z isbotini topdi. Serikboy otaning voyaga yetgan yetti nafar farzandi ham bu an’anaga sodiq qoldi. Qahramon cho‘pon bugun otarini farzandi Nurjonga topshirganidan ko‘ngli xotirjam. Qaramog‘idagi 417 bosh sovliqdan yuz foiz sog‘lom qo‘zi olishga erishdi. Chorva uchun dolzarb bo‘lgan barcha jarayondan ham otasining maslahatlari, ham aka-ukalarining birdamligi bilan muvaffaqiyatli o‘tib oldi.

Bugungi kunda 7 farzand va 15 nevaraning baxti kamolini ko‘rib umrguzaronlik qilayotgan faxriy chorvador Serikbay otaning tilida shukronalik. Zero, qilgan mehnatiga yuksak bilib uni munosib mukofot bilan e’tirof etgan yurt farzandi bo‘lganiga faqat va faqat shukrona qilsang arziydi.

A. NORBOYEV,

I. BAHRONOV,

Navoiy viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: