OBOD YURTNING BOLALARI
SoG‘lom va baxtiyor ulG‘aymoQda
Turkiston” saroyi bolajonlar va ota-onalar bilan gavjum. Kichkintoylarning ko‘zidagi quvonchni ko‘rib kattalar ham shod. Saroy foyesiga o‘rnatilgan archa atrofida Qorbobo, Qorqiz, turli ertak qahramonlari ishtirokida bayram tadbirlari qizg‘in tus olgan. Kichkintoylar she’r aytib, qo‘shiqlar kuylamoqda. Rang-barang musiqiy dasturlar tantanaga yanada ko‘tarinkilik, jo‘shqinlik baxsh etmoqda.
Yigirma ikkinchi bor bo‘lib o‘tayotgan “Prezident archasi” O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, “Sen Yolg‘iz Emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan. Har yilgidek tadbirga “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari, maxsus maktab-internatlar o‘quvchilari, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va ehtiyojmand oilalar farzandlari taklif etilgan.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida ota-ona mehridan bebahra, ijtimoiy, tibbiy ko‘makka muhtoj, murakkab sharoitda qolgan bolalarga alohida mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning ta’lim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish davlatimizning doimiy diqqat markazida. “Mehribonlik” uylari, SOS – bolalar shaharchalari, maxsus maktab-internatlar, “Muruvvat” uylari bolalar ijtimoiy reabilitatsiya markazlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, izchil ta’limni rivojlantirish borasida ham qator ishlar amalga oshirilayotir. Zero, sog‘lom fikrli yoshlar yurt tayanchidir.
Ayniqsa, Sog‘lom bola yili deb nom olgan o‘tgan 2014 yilda ham talaygina yutuqlarni qo‘lga kiritdik. Muhtaram Yurtboshimiz “Sog‘lom bola – avvalo, sog‘lom va ahil oilaning mevasidir” degan edi. Shu nuqtai nazardan yil davomida oilada o‘zaro hurmat muhitini, uning iqtisodiy va ma’naviy asoslarini mustahkamlash, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni himoyalash, opa-singillarimizning og‘irini yengil qilish, ularning qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
“Sog‘lom ona – sog‘lom bola” loyihasi doirasida jami 13 million 600 mingdan ziyod ayol va bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Buning natijasida 2 million 800 ming ayol va 2 million 500 ming bola sog‘lomlashtirilgani bu yo‘ldagi katta qadam bo‘ldi.
Ta’lim sohasida ham maktab o‘quvchilari uchun 34 million 500 ming nusxadagi darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar yurtimizdagi ta’lim olib boriladigan 7 tilda nashr qilinganini alohida qayd etish lozim.
Bundan tashqari, mamlakatimizda ko‘plab yangi sport komplekslari qurildi. Mavjudlari ta’mirlanib zamonaviy jihozlar o‘rnatildi. Istirohat bog‘lari barpo etildi. O‘quv maskanlarida yanada shinam sharoitlar yaratildi. Sanoat talablariga to‘liq javob beradigan xaridorgir o‘yinchoqlar ishlab chiqarilmoqda. Istiqbolli manzillarni ko‘zlab amalga oshirilayotgan bunday ishlar xalqaro miqyosda ham samarali islohotlar sifatida tan olinmoqda.
– Yangi yil shodiyonalariga bag‘ishlab o‘rtoqlarim bilan birga maxsus raqslar tayyorladik, – deydi Yunusobod tumanidagi 30-”Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchisi Tursunoy Haydarova. – Besh yildan buyon mazkur bayramda ijodiy chiqishlarim bilan ishtirok etaman. Biz, bolalar uchun shunday quvnoq bayramni tashkil etgani uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.
Tadbir doirasida “Tomosha” bolalar shou guruhi tomonidan “Mo‘jizali kitob” deb nomlangan sahnalashtirilgan musiqiy chiqish taqdim etildi. Bolalar kuylarga jo‘r bo‘lib raqs tushishdi. Atrofda bezatilgan “yalt-yult” archalar bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va “Toshshahartransxizmat” uyushmasi ham jalb etilib, bayram tadbiriga bolalarning tizimli kelib-ketishlari, archa bezatish, ishtirokchilarning sog‘lig‘i va xavfsizligi bo‘yicha tegishli choralar ta’minlandi.
– Farzandimni ilk bor “Prezident archasi” bayram tantanasiga olib keldim, – deydi Toshkent viloyati Olmaliq tumanida istiqomat qiluvchi Kamola Shaymanova. – O‘g‘limning quvonchi cheksiz. Ertak qahramonlarini ko‘rib, “Aya, aya siz aytib bergan ertakdagi quyonchaku!” deya sevinchi ichiga sig‘madi. Yod olgan she’rini aytib bergani uchun qorbobo unga sovg‘a berdi. O‘g‘limning shodligidan o‘zim ham baxtiyorman. Mana shunday tadbirlarni uyushtirgan tashkilotchilarga cheksiz rahmat aytman.
Ha, “Prezident archasi” tantanalarini bolalar orziqib kutadi. Archa atrofidagi qiziqarli tomoshalar, turli sovg‘alar ularga bir olam quvonch, unutilmas taassurotlarni hadya etadi.
Darvoqe, bolalar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan taqdim etiladigan 12 nomdagi o‘quv qurollari va 14 xil shirinliklardan iborat bo‘lgan 11 ming dona sovg‘a tayyorlangan bo‘lib, Toshkent (897 dona), Sirdaryo (265 dona), Jizzax (296 dona) viloyatlardagi bolajonlarga jami 1458 dona sovg‘alar tarqatildi.
Shuningdek, 6109 dona Prezident sovg‘alari “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining samalyoti orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi bolajonlarga ham yetkazildi.
Xullas, shodiyona ayni avjida. Qorbobo, Qorqiz va turli ertak qahramonlari kichkintoylarni jo‘rovozlikda qo‘shiq kuylashga, sho‘x-shodon raqsga tushishga chorlaydi. Archa atrofida bolalarning beg‘ubor kulgusi yangraydi. Bayram tadbirida san’atkorlar, ijrochi yoshlar, sirk ustalari, bolalar badiiy jamoalari ishtirokida shou tomoshalarini namoyish etishdi.
“Prezident archasi” bayram shodiyonalari barcha viloyatlarda ham ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda.
Dildora MURODOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri