Hamisha e’zozda, ehtiromda
Har bir inson voyaga yetar ekan, avvalo, uning tarbiyasida oila muhitining ahamiyati alohida o‘rin tutadi. Oilada umuminsoniy qadriyatlar, o‘zbekona udum va ro‘zg‘or tutumida saranjom-sarishtalik, tibbiy savodxonlik va ekologik tarbiyaga kattalar tomonidan jiddiy e’tibor qaratilsa, bunday xonadonda, albatta, qobil farzandlar ulg‘ayadi. Ma’lumki, bobo-buvisi yoki ota-onasi, tarbiyachiyu ustozlaridan ertak eshitmagan bolani topish mushkul. Bu ertaklarda ko‘pincha mehribon bobo yoki buvijonlar bosh qahramon bo‘lishi bejiz emas. Chunki, donishmand bu kayvonilar ota-onamizni tarbiyalashgan. Endi esa ular ulkan hayotiy tajribalarga tayangan holda nevara-chevaralar tarbiyasi bilan ham mashg‘ul bo‘lishadi.
Mana, bir necha yillardan beri Yurtboshimiz tomonidan yillarga nom berish ezgu an’anaga aylandi. Yangi 2015 yilni Prezidentimiz tomonidan “Keksalarni e’zozlash yili” deb e’lon qilinishi xalqimiz tomonidan qizg‘in kutib olindi. Zero, elu yurt koriga yaraydigan, sog‘lom va mustaqil fikrli intellektual salohiyatli, bilimdon, g‘ayratu shijoatli, vatanparvar, insonparvar barkamol avlodni tarbiyalashda nuroniylarning xizmatlari beqiyosdir.
Mustaqil O‘zbekistonda inson manfaatlari oliy qadriyat sifatida ulug‘lanadi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda tub islohotlar amalga oshirilmoqda, katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Yurtimiz go‘yoki ulkan qurilish maydoniga aylangandek. Shaharu qishloqlar o‘zgacha chiroy ochmoqda. Buyuk bunyodkorlik sa’y-harakatlari ona Vatanimiz ravnaqi va jamiyat taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan bu ezgu ishlarda inson omili muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbek milliy ma’rifatparvar shoiri, dramaturg va pedagog Abdulla Avloniy: “Tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” deganida naqadar haq ekanligi hozirgi davrda ham o‘z isbotini topmoqda. Chunki, o‘zi ziyoli yoki kasbu hunarli bo‘lgan ota-onalar halol mehnati bilan farzandlariga o‘rnak bo‘ladi. Yoshligida o‘g‘il-qizlariga to‘g‘ri tarbiya bergan insonlar keksaygan chog‘larida o‘zlari ham rohat-farog‘atda yashaydi.
Prezidentimiz Islom Karimov ham yoshlarning ma’naviy tarbiyasiga katta e’tibor qaratish naqadar muhimligi haqida to‘xtalib,: “Yoshlar xalq ma’naviyatining munosib egalaridir. Shuning uchun har bir o‘g‘il-qizimiz dastlabki qadamlaridan boshlab madaniy boyliklarimizdan bahramand bo‘lishi kerak” deya ta’kidlagan edi.
Bolaligidan kitobga oshno bo‘lgan yoshlardan yomonlik chiqmaydi. Ayniqsa, ota-onasi va oiladagi yoshi kattalarning doimo mehnat bilan shug‘ullanganligi yoki birorta foydali mashg‘ulot bilan bandligini ko‘rib ulg‘aygan farzandlarining bekorchilikka vaqti bo‘lmaydi. Shuningdek, oilada o‘zaro mehru muhabbat ustun bo‘lsa, shu muhitda ulg‘aygan bolalar o‘zgalarga ham mehr ko‘rsata oladi.
Barcha illatlar loqaydlik va bekorchilikdan kelib chiqadi. XXI asr axborot asri. Kompyuter texnologiyalari shiddat bilan rivojlanmoqda. Har bir inson xoh u katta bo‘lsin, xoh kichik zamon bilan hamnafas yashamog‘i zarur. Ammo ana shu zamonaviy qulayliklar bilan birga inson ma’naviyatini buzuvchi, uni shaxs sifatida tanazzulga yuz tutishiga sabab bo‘luvchi “ommaviy madaniyat” tahdidlari ham mavjudki, bundan ogoh bo‘lish nafaqat har bir ota-onaning, ustozlarning, balki boboyu buvilarning ham mas’uliyatli burchidir.
Chunki, turmushning achchiq-chuchugini totgan, umrning pastu baland dovonlaridan o‘tgan, hayotiy tajribaga ega bu donishmand insonlarning purma’no so‘zlari bola tarbiyasida qo‘l keladi. O‘zbek mahallasida to‘yu hashamlar, ma’rakalar keksa, nuroniy otaxonu onaxonlarning duosi bilan boshlanadi. Hasharlar ham piru badavlat kayvonilar boshchiligida o‘tkaziladi. Zero, kayvonili el hamisha maslahat va kengash bilan ish yuritadi.
Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi mana bir necha yildan buyon aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida eng chekka va ekologik jihatdan yashashga noqulay hududda istiqomat qiluvchi fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularga xorijiy hamkorlar tomonidan yuborilgan muruvvat yuklarini topshirish, shuningdek, an’anaviy tarzda “Salomatlik” poyezdlarini tashkil etib kelmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2011-2015 yillarda yolg‘iz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi” qarorini bajarish yuzasidan ham fond va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlardagi hududiy filiallari jamoalari faol ish olib bormoqda.
Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida fondning joylardagi tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari tomonidan respublikamizda yashovchi 700 nafar yolg‘iz qariyalar va nogironlardan manzilli xabar olindi. Ularga kiyim-kechaklar, oziq-ovqat, dori-darmon va sanitariya-gigiyena vositalari, shuningdek, ko‘rpa-to‘shak jildlari (choyshablar) insonparvarlik yordami sifatida hadya etildi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, donishmand keksalik bo‘sag‘asida turgan insonlarni asrab-avaylash, ularga izzat-ikrom ko‘rsatish har bir o‘g‘il-qizning farzandlik burchi. Yoshi ulug‘ ustozlarga ehtirom ko‘rsatish esa shogirdlarga ham qarz, ham farzdir.